Bosh sahifa | O‘yinlar davolaydi rivojlantiradi | Ilk yoshdagi bolalar uchun o‘yin mashqlar

Ilk yoshdagi bolalar uchun o‘yin mashqlar

Quyida keltirilayotgan o‘yin-mashq korreksion-ta’limiy vazifalardan kelib chiqib tuzilgan. Ularni tashkil etish bilan bolalarda uchraydigan hissiy-emotsional buzilishlarning oldini olish, kichkintoylarning kattalar va tengdoshlari bilan munosabatlarini yaxshilashga erishish mumkin. O‘yin-mashqlar ovutmachoq ko‘rinishida bo‘lib, asosan, bolalar nutqini o‘stirish, ularda ijobiy kayfiyat hosil qilish, kichkintoylar bilimini mustahkamlash hamda bolalarni faollashtirish maqsadida tuzilgan. O‘yin-­mashqlar ishlanmasi o‘z mazmuniga ko‘ra – rivojlantiruvchi, tuzilishiga ko‘ra – mujassam, o‘tkazilishiga ko‘ra esa – noan’anaviy tarzda tuzilgan bo‘lib, bolalarni aqliy, hissiy, jismoniy, ma’naviy jihatdan yetuk qilib o‘stirishga qaratilgan. Mashqlar tarkibiga rivojlantiruvchi muhit omillaridan foydalanib, ta’limiy, harakatli, mazmunli o‘yinlar kiritilgan.
Har bir o‘yin oxirida bolaning u yoki bu faoliyati uning aqliy jihatdan o‘sishiga qanday ta’sir etishiga doir xulosalar berilgan.
1-o‘yin. Xirgoyi qilamiz

O‘zingiz yoqtirgan qo‘shiqlarni baland, mayin ovoz bilan xirgoyi qilishni mashq qilib ko‘­ring.
Farzandingizni bag‘ringizga bosib, biron qo‘shiqni avval oddiy ovozda, keyin mayin-baland ovozda xirgoyi qiling.
Bunday ohangda qo‘shiq aytganingizda, bola diqqati bir maromda yo‘nalganligini ko‘rasiz.

Xulosa
Mayin-baland ovozda qilingan murojaat bolada diqqatni to‘plashga doir malakani shakllantiradi. Bola shu yo‘l bilan nutqning mohiyatini anglashga o‘rganadi.

2-o‘yin. Itarib yurgazish
Bir yoshdan oshgan bolalar har xil narsalarni itarib harakatlantirishni yoqtirishadi. Ular­ga narsalarning harakatini kuzatish, u yoki bu narsani aynan o‘zlari itarib yurgazganliklarini idrok etish zavq bag‘ishlaydi.
Narsalarni itarib harakatlantirish bilan bog‘­liq o‘yinlar kichkintoylarda o‘z imkoniyatlarini his qilish, narsalardan kuchli ekanliklarini idrok etishga yordam beradi. Bu kabi o‘yinlar bolalarda o‘ziga ishonchni rivojlantirish, shuningdek, harakatlarini muvofiqlashtirish malakasini shakllantirishning eng ma’qul usullaridandir.
Uncha og‘ir bo‘lmagan bir necha narsani tanlab oling, bu yumshoq o‘yinchoq, g‘ildirakli mashina va shu kabi boshqa o‘yinchoqlar bo‘lishi mumkin.
1,2,3 ketdi – deb o‘yinchoqlardan birini itarib yuboring. Shu tarzda sanashni davom ettirib, bolani o‘yinchoqlarni harakatlantirishga undang.
Agar kichkintoy go‘yo sanaganday bo‘lib, 1,2,3 so‘zlarini o‘zicha takrorlasa, demak, bu o‘yin bolaga yoqqanligini bildiradi.
Agar insonda hissiy va harakat neyronlari ilk yoshdan mashq qildirib borilmasa, uning holatga moslashishi qiyin kechadi.

Mashqlar bola hayotining ilk oylarida o‘tkaziladigan rivojlantiruvchi o‘yinlardan iborat bo‘lib, u mashhur olim Jeki Silberg tomonidan yaratilgan. O‘yinlar ilk yoshdagi go‘dak ongi, hislari, idrokini o‘stirishga qaratilib, o‘z mazmuni va maqsadiga ko‘ra kichkintoylarni ta’lim jarayoniga tez va sifatli tayyorlashni nazarda tutadi.

Ziyoda AHMEDOVA,
Uchtepa tuman XTMFMTTEB maktabgacha ta’lim muassasasi uslubchisi.