Bosh sahifa | Davlat talablari amalda | Inglizcha tinglaymiz, inglizcha so‘zlashamiz

Inglizcha tinglaymiz, inglizcha so‘zlashamiz

Kelajagi buyuk davlatni ma’naviyati yuksak, har tomonlama barkamol insonlar yaratadi. Shu bois, aqlan yetuk, jismonan sog‘lom, intellektual salohiyati yuqori, axloqan pok, chet tillarda erkin so‘zlasha oluvchi farzandlarni tarbiyalash asosiy maqsadlardan biridir.
Xalqaro munosabatlarning tobora kengayib borayotgani tufayli chet tillarini o‘rganish yanada dolzarb masalaga aylandi. Uzluksiz ta’lim tizimida chet tillarni o‘rgatishga va o‘rganishga e’tibor ortib bormoqda. Ayni paytda ta’lim tizimining barcha bosqichlarida xorijiy tillarni o‘qitish samaradorligini oshirish maqsadga muvofiqdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bu masalani hal qilish u­chun ta’lim tizimining barcha bosqichlarida xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha dastur va o‘quv rejalarini tubdan yangilash, zamon talablariga mos darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar yaratishni taqozo etmoqda. Maktabgacha ta’lim tizimida ingliz tilini o‘qitishda sifat va samaradorlikni oshirish maqsadida A. Avloniy nomidagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini o­shirish Respublika o‘quv-metodika markazi tomonidan “Ingliz tili bilan do‘stlashamiz” deb nomlangan o‘quv dasturi yaratildi.
Hozirda MTMda mashg‘ulotlar muayyan dastur va aniq reja asosida ingliz tili mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda. “Ingliz tili bilan do‘stlashamiz” dasturida tayyorlangan o‘quv materiallari haftasiga 2 soatdan bo‘lib, jami 72 soatga mo‘ljallangan. Unda ta’lim materialining mazmunini mavzular bo‘yicha o­chib beruvchi qisqa metodik ko‘rsatmalar berilgan. 5-7 yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan dastur 2 yillik ta’lim muddatini o‘z ichiga olgan. Guruhlarda bir oyda 8 ta dars jamlangan. Har bir mashg‘ulotlar jarayonini qiziqarli tashkillashtirish va uni olib borish ingliz tili mutaxassisining pedagogik mahoratiga bog‘liq. Dasturdagi mavjud she’rlar, qo‘shiqlar va o‘yinlar ularning yoshi, psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda tanlangan. Ingliz tili mashg‘ulotlari katta va tayyorlov guruhlarida amalga oshiriladi, chunki bu yoshdagi bolalar o‘z ona tillarida to‘g‘ri jumlalar tuzib, so‘zla­sha oladilar. Maktabgacha ta’limda ingliz tilini o‘rgatishning asosiy maqsadi bolalarga chet tilini og‘zaki ravishda – eshitish va so‘zlashish orqali shakllantirishdir.
Mashg‘ulotlarni haftada ikki marotaba 20-25 daqiqali o‘yin tarzida olib borish joiz. Albatta, bu jarayon o‘rgatuvchidan katta kuch, bilim va mahorat talab etadi. Chunki bolalar bu yoshda yozishni bilmaydi, shu sababli ular barcha axborotni ko‘rish va eshitish sezgisi orqali qabul qilib oladi. Buning oqibatida ta’lim jarayoni og‘zaki nutq ko‘rinishida ke­chadi. Bolajonlarga ingliz tilini o‘qitishda qo‘shimcha manbalardan samarali foydalanish, ko‘rgazmali vositalar ko‘magida ularning ingliz tiliga qiziqish va munosabatlarini yanada yuksaltirish, darslarni interfaol usulda olib borish, o‘quvchilarni qo‘shimcha mashg‘ulotlarga jalb etish va bu jarayonda noan’anaviy uslublardan foydalanish yaxshi samara beradi. Mutaxassislarning fikricha, bola 6-7 yoshda ikkinchi tilni o‘rganishga fiziologik jihatdan tayyor bo‘lar ekan. Ammo bu davrda ta’limiy o‘yinlar orqali mantiqiy va ijodiy fikrlash qobiliyatini o‘stirish, harakatli materiallar yordamida o‘yinchoqlar, jonivorlar, uy-ro‘zg‘or buyumlarining nomlari va shu kabi kichik detallarni eslab qolish yetarli. MTMlarda ingliz tili mashg‘ulotlarini yanada qiziqarli o‘tkazish u­chun “Ingliz tili bilan do‘stlashamiz” dasturi asosida “Ingliz tili rasmlarda” deb nomlangan o‘quv qo‘llanma yaratildi. Kitob 5 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan bo‘lib, qo‘llanmadan “O‘yinchoqlar”, “Mening oilam”, “Salomlashish”, “Tanishish”, “Ranglar”, “Meva-sabzavotlar”, “Jonivorlar”, “Mening uyim” kabi rasmli mavzular o‘rin olgan. Ushbu o‘quv qo‘llanma Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi “Shodiyona maskani” nomli 304-maktabgacha ta’lim muassasasida tajriba sinovidan o‘tkazildi.

Zilola KOMILOVA,
“Shodiyona maskani” nomli  304-MTM ingliz tili o‘qituvchisi.

Check Also

Viloyatlarda tashkil etiladigan xususiy bog`chalarda elektr va gaz uchun to`lovning 50% ini davlat to`lab beradi

Вазирлар Маҳкамаси “Ўзбекистон Республикаси Мактабгача таълим вазирлиги ва унинг тизимидаги муассасаларнинг моддий-техника базасини мустаҳкамлаш ҳамда …