Bosh sahifa | Uslubchi kundaligi | Iqtidorni aniqlash metodikasi

Iqtidorni aniqlash metodikasi

Bolalar qobiliyatlarini rivojlantirishda innovatsion pedagogik texnologiyalarning o‘rni

Qanday bola iqtidorli hisoblanadi?
Bunday bola bilan qay tarzda ishlash kerak? Uning iqtidorini qanday aniqlash mumkin? Shu kabi savollarga har bir psixolog o‘z amaliyotida ko‘p marotaba duch kelgan.
Iqtidorli bolalar boshqalarga o‘xshamaydigan xususiyatga ega bo‘lib, ularning qobiliyati atrof-muhit, o‘yin, turli topshiriqlar, o‘qish va tarbiya asosida shakllanib boradi.
Ko‘p yillar davomida iqtidorlilik muammosi psixologlar tomonidan o‘rganib kelinmoqda. Olimlar olib borgan tadqiqotlar natijasi iqtidorlilikning psixologik qonuniyati va mexanizmlari hamda iqtidor darajasini o‘rganadigan yangi metodlarni psixologiya va psixodiagnostikaga olib kirdi.
Umuman olganda, iqtidor ikkiga bo‘linadi: tug‘ma va yashirin. Tug‘ma iqtidorli bolalarni tushunish uchun, avvalo, bolalar ruhiyatining yosh xususiyatlarini bilishimiz kerak. Agarda qobiliyat tug‘ma xislat bo‘lsa, iqtidorlilik qobiliyatning yuqori ko‘rsatkichi hisoblanadi. Qobiliyat va iqtidorlilik inson hayoti davomida shakllanib boradi. Ba’zi bolalarda ilk yoshdan rivojlanishning ayrim samarali ko‘rinishlari, aqliy rivojlanishning yuksalishi kuzatiladi.
Iqtidorlilik psixologiyasida uchraydigan mu­ammolardan biri – bu, yashirin iqtidorlilikdir. Ko‘p hollarda yashirin iqtidor oilamizning kichik a’zosida biz payqamagan holda shakllanayotganini sezmay qolamiz. Bu vaqtda farzandimiz boshqa iqtidorli bolalarga o‘xshab faol, muloqotchan, qiziquvchan emas, balki uyatchan, boshqalar bilan qiziqmaydigan fe’l-atvorga ega bo‘ladi, ammo o‘zicha kitoblar o‘qiydi, ertaklar, she’rlar yozishga harakat qiladi. Shunday vaqtda kichkintoyning ota-ona, tarbiyachi va o‘qituvchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kelajakda o‘z ishining malakali egasi bo‘lib yetishishi uchun yordam beradi. Shuni yodda tuti­shimiz kerakki, iqtidorni aniqlash­da dastavval, bolaning yo­shi va uning psixologik xususiyatlariga e’tibor qaratish kerak. Iqtidorli bolada quyidagi sifatlar ko‘z­ga tashlanadi:

  • qiziquvchanlik;
  • qo‘yilgan muammoga noodatiy yonda­shuv va yechim;
  • faol, o‘z fikrlarini mustaqil tarzda bayon etish layoqati;
  • boy tasavvurga ega;
  • xotira mustahkamligi;
  • o‘rganishga, o‘qishga qiziqishning yu­qori­ligi.

Ayrim hollarda iqtidorli bolalar o‘z tengdoshlari bilan kam muloqotga kirishadi yoki aksincha, umuman, gaplashishni xohlashmaydi. Yodda tutishimiz kerakki, bunday bolalarning shakllanishida bog‘cha tarbiyachisi va pedagog-psixologlarning vazifasi katta. Tarbiya­chi birinchi o‘rinda, iqtidorli bolalar haqida bilimga ega bo‘lishi lozim. Kichkintoyni turli ijodiy faoliyat turi bilan shug‘ullantirish, kasblar haqida tanishtirish, pedagog-psixolog esa ular bilan individual, guruhiy psixologik konsultatsiya, trening, art-terapiya hamda ota-onalar bilan suhbat ishlarini olib borishi maqsadga muvofiq.
Ota-ona esa o‘z navbatida quyidagilarni amalda qo‘llashi zarur:

  • farzandingizning imkoniyatlarini to‘g‘­ri baholay oling, uning oldiga qiyin vazifalar qo‘ymang, topshiriqlaringiz osondan – qiyinga tarzida bo‘lsin;
  • farzandingizga rasm chizishi uchun turli qalamlar, bo‘yoqlar olib bering, bolangizning ijodiy faoliyatini cheklamang;
  • ular bilan doim haqiqatgo‘y bo‘ling, iqtidorli bolalar aldovni yomon ko‘ri­shadi;
  • kezi kelganda bolangizdan faxrlani­shingizni ayting, bu kichkintoyingizda yangi qirralarning ochilishiga sabab bo‘­ladi;
  • uzoq davom etadigan suhbatdan yiroq bo‘ling, chunki bola aniqlikni yoqtiradi;
  • bolaning individualligini hurmat qiling, o‘zingizning intilishlaringizga kichkintoy or­qa­li erishishga harakat qilmang.

Shunday qilsangiz farzandingizda quyidagi xislatlar shakllanishi mumkin:

  • o‘ziga bo‘lgan ishonch hissi;
  • o‘zining va o‘zgalarning qadr-qimmatini hurmat qilish;
  • yaxshilik, haqgo‘ylik, sabrlilik, javobgarlik, hamdo‘stlik va boshqalarni tu­shu­nish hissi.

MTM va maktab psixologlari bola qobiliyatini aniqlashda quyidagi metodlardan foydalanishlari maqsadga muvofiq:

  1. Intellektual iqtidor: bu bolaning, o‘quv­­chining intellektual shakllanish qiyofasini va uning qobiliyatini, imkoniyatini aniqlab beradi.
  2. Lingvistik iqtidor: bolaning chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan qobiliyatini baholab beradi. Lingvistik qobiliyatga ega bo‘lgan bola, til yordamida matnni qiziqarli, ma’noli va mazmunga ega tarzda bayon eta oladi.
  3. Ijodiy iqtidor: bu yo‘nalishga oid metodikalar kichkintoyning hech kimga o‘xshamagan tarzda fikrlashi (originallik), tirish­qoqligi, qiziquvchanligi, tasav­vur jarayonini o‘rganadi.

 

Sh. USMANOVA,
Respublika bolalar moslashish markazi “Alohida iqtidorli bolalar
muammolarini o‘rganish bo‘limi” mutaxassisi.
F. ABDUSAMATOVA,
Respublika bolalar moslashish markazi “Alohida iqtidorli bolalar
muammolarini o‘rganish bo‘limi” yetakchi mutaxassisi.

Check Also

Baliq chuqur soyni, toza suvni istar

(Bolalarga suv haqida tushuncha berish orqali ularga baliqlar va “sun’iy soylar” – akvariumlar chizishni o‘rgatish …