Bosh sahifa | Yangi pedtexnologiyalar | Iste’dodga e’tibor zarur

Iste’dodga e’tibor zarur

Dunyo mamlakatlari jadal rivojlanayotgan, integratsiya va globallashuv jarayoni faol amalga oshayotgan hozirgi vaqtda maktabgacha yoshdagi bolalarning yetuk, barkamol, aqlan va jismonan sog‘lom, ruhan kuchli, ma’nan boy bo‘lib o‘sishlari uchun keng sharoit yaratib berilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’­lim to‘g‘risida”gi Qonuni 11-moddasida “Bu ta’lim 6-7 yoshgacha oilada, maktabgacha ta’­lim muassasalarida va mulk shaklidan qa’ti nazar, boshqa ta’lim muassasalarida olib boriladi”, – deb ta’kidlangan. Darhaqiqat, ta’lim-tarbiya qancha erta boshlansa, samarasi shuncha tez namoyon bo‘ladi va insonning butun hayot tarziga ijobiy ta’sir qiladi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim-tarbiya asosan oiladan boshlanishini inobatga olsak,  maz­kur jarayonning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi kelajakda Vatanimiz, jamiyatimiz rivojida muhim bo‘g‘in vazifasini o‘taydi.
Bolaning iste’dod zaxirasiga mansub fe’l-atvor belgilarini barvaqt aniqlash mumkin hamda bu xususiyatlarning kichkintoylarda qay darajada tarkib topishi, asosan, ota-onalar va tarbiya­chilarga bog‘liqdir. Oila va maktabga­cha ta’lim muassasasining muhiti boladan bo‘­lajak Al-Buxoriy, Ibn Sino yoxud Eyn­shteynni yetishtirishi yoki aksincha Alisher Navoiy, Bobur va Betxoven kabi ijodiy iqtidor sohibining qobiliyatini so‘ndirishi mumkin. Boladagi iste’dod, avvalo, layoqat va qobiliyat shaklida namoyon bo‘ladi.
Layoqat – bolaning o‘ziga xos ruhiy xususiyati bo‘lib, uning samarali faoliyatini belgilab beradi. Lekin layoqatni zinhor bilim, mahorat va ko‘nikmalar bilan adashtirib yubormaslik kerak. Layoqat faoliyatning yangi usul va vositalarini tez va osonlik bilan o‘zlashtirish imkonini beradi. Boshqacha qilib aytganda, layoqat bir odamning boshqa bir insondan ajralib turuvchi xususiyatlarini ko‘rsatuvchi asosiy jihatdir.
Faoliyatning biror turi bo‘yicha qo‘yilgan vazifani ko‘ngildagidek ado etishga aloqador bo‘lgan xususiyatlargina layoqat deb ataladi. U insonning tug‘ma qobiliyatlariga tayanadi, lekin insonga tayyor holda, tug‘ilgan zamoniyoq berilmaydi, balki muayyan sharoitlarda rivojlanib boradi.

Check Also

Bolalarga qum bilan chizish san’atini o‘rgatish

Maktabgacha bo‘lgan davr – bolaning uni o‘rab turgan olam bilan tanishish va bilish davri hisoblanadi. …