Bosh sahifa | Qadriyatlar sabog‘i | JAJJI QALBLARDA VATANPARVARLIK TUYG‘USINI SHAKLLANTIRISH

JAJJI QALBLARDA VATANPARVARLIK TUYG‘USINI SHAKLLANTIRISH

Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarga milliy g‘oyani singdirish ishlarini mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, “…bamisoli yosh niholga mevali daraxt kurtagini payvand qiladigan usta bog‘bondek noziklik va mehr bilan, oqilona yo‘l bilan amalga oshirish lozim”.
Buning uchun, birinchi navbatda, bolalarni odobli, axloqli qilib tarbiyalamog`imiz zarur. Odob-axloq, dastavval, oilada beriladi. Oiladagi tarbiyaga qo`shimcha tarzda bolalar bog‘chasida tarbiyachilar ham insoniy fazilatlarni kichkintoylarga o‘rgatib borishlari lozim.
O‘yin – bolalarning eng sevimli faoliyati. Aynan o`yinlar orqali murg‘ak qalblarga osonroq yo‘l topa olamiz. Birgalikda rasmlarga qarab hikoya qilish, tabiat qo‘yniga sayohat, ertak aytish, she’r va hikoyachalar o‘qish, musiqa tinglash bolalar ko‘nglida olamjahon taassurotlar paydo qiladi, ularda tabiat hamda atrof-muhitdan zavqlana olish hissi uyg‘onadi.
Masalan, bir yoshli bolani olaylik. U o‘z ota-onasini ko‘pchilik orasidan darrov ajratib oladi. Jajji qo‘lchalari bilan ular tomon talpinadi, ayniqsa, onasini hech kimga almashmaydi; onasining bag‘riga otilib, bo‘ynidan mahkam quchoqlab oladi. Qarang-a, bu murg‘akkina qalbda qancha his-hayajon! Demakki, bu jajji qalblarda ham Vatanni sevish, ezgulikka intilish, kattalarni e’zozlash, tabiat, butun jonzot va hayotga muruvvat, izzat-hurmat hissini uyg‘otish mumkin. Bu esa biz kattalardan nihoyatda ziyraklik, zukkolik va teranlikni talab qiladi.
Mashg‘ulotlarda Vatan muqaddas ekani, har birimizning kindik qonimiz shu Vatan tuprog‘iga to‘kilgani, shu tuproqda ota-bobolarimiz yashab o‘tgani, Vatanimizning gullab-yashnashi uchun har bir inson qo‘lidan kelgan ishni qilishi kerakligi to`g`risida takror va takror aytilsa, jajji qalblarda asta-sekin yurtga bo`lgan mehr shakllanib boradi. Mazkur jarayonda Vatanimiz mustaqilligi va tinchligini asrashda kattalar bilan bir qatorda bolalarning ham alohida hissasi borligini ta’kidlash joiz.
Milliy istiqlol g‘oyasini bolalar ongiga singdirishda buyuk bobokalonlarimizning tavallud kunlarini nishonlash ham juda yaxshi natija beradi. Chunki bola Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur, Ibn Sino kabi buyuk zotlarning tug‘ilgan kunlarini nishonlash uchun tayyorgarlik jarayonidayoq ularning qanday yashagani, qanday xislatlarga ega ekanlarini bilib ola¬di, ularga taqlid qiladi, ular bilan faxrlanadi. Bolalarga Vatan, el-yurt, o‘z o‘lkasi, ona shahri, obod qishlog‘i to‘g‘risida tushuncha berish, undan faxrlanish tuyg‘ularini tarbiyalash maqsadida “O‘zbekiston – Vatanim mening”, “Muqaddas diyor”, “Obod o‘lka”, “O‘zbekiston farzandiman”, “Qishlog‘imiz mustaqillik yillarida”, “Shahrim mening – faxrim mening” kabi mavzularda turli suhbatlar, munozara va bahslar tashkil qilish hamda sayohatlar uyushtirish yaxshi samara beradi.
Quyida “Namangan – faxrim mening” mavzusidagi bahs-munozara to`g`risida fikr yuritamiz.
Maqsad: bolalarning Vatanni sevish, viloyati, shahri, qishlog‘i bilan faxrlanish hissini tarbiyalash.
Mashg`ulotning borishi
TARBIYACHI: Bolajonlar, mashg`ulotni O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Namangan haqidagi quyidagi so‘zlari bilan boshlamoqchiman: “…Namangan deganda men zahmatkash, mehmondo‘st, iymon-e’tiqodi baquvvat, yuksak ma’naviy fazilatlari bilan ajralib turadigan odamlarni ko‘z oldimga keltiraman”.
Mashg‘ulot Namangan haqidagi fikrlar bilan davom ettiriladi. “Namangan so‘lim go‘sha, gullar shahri. U Farg‘ona vodiysining shimoliy qismida joylashgan eng go‘zal, eng xushmanzara va so‘lim shaharlaridan biri. Namangan – nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki O‘zbekistonning durdona shaharlaridan biri. Biz u bilan faxrlanamiz. Chunki barchamiz shu diyor farzandlarimiz.
Na malakman, na farishta,
Na malakman, na farishta,
Men ham odam naslidan.
Men tavalludi o‘shal
Farzandi Namangoniman”.
Boborahim MASHRAB
Tarbiyachi mashg‘ulotni davom ettiradi. Bolalar soniga qarab, qizil, sariq, oq va pushti rangli gullar tarqatadi. Bolalar olgan gullari rangiga qarab to‘rt guruhga bo‘linadi. Guruhlarga sardor saylanib, nom qo`yiladi.
Tarbiyachi ularga navbat bilan savollar beradi. Savollarga javob berish uchun 5 daqiqa vaqt beriladi. To‘g‘ri javob berganlar rag‘bat kartochkasi, gul va o‘yinchoqlar bilan taqdirlanadi. Guruh a’zolarining faol ishtirokchilari alohida rag‘batlantirib boriladi.
Savol: Namangan shahri aholisi qaysi xususiyatlari bilan boshqa viloyat aholisidan ajralib turadi?
Javob: – Namangan o‘zining ob-havosi, savzavot va mevalari, o‘simliklari hamda aholisining mehnatsevarligi, so‘zlashishi, mehmondo‘stligi kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi.
2-guruh bolalariga savol: Namanganning yer osti va yer usti boyliklari haqida nimalarni bilasiz?
Javob: – Namanganda bug‘doy, paxta, turli mevali o‘simliklar, sabzavotlar yetishtiriladi. Namanganning olmasi dunyoda mashhur. Mingbuloqdan neft, Pop tumanining Chodak qishlog`idan oltin kabi qazilma boyliklar chiqadi.
3-guruh bolalariga savol: Namanganda tug`ilgan qanday mashhur shaxslarni bilasiz?
Javob: – Boborahim Mashrab, Abu Rashid Axsikatiy, Nodim Namongoniy, Usmon Nosir, Turg‘un Po‘lat va boshqalar.
O‘quvchilarga quyidagi savollar beriladi va mashg‘ulot davom ettiriladi:
1-savol: Erk va ozodlik kuychilari to‘g‘risida gapirib bering.
2-savol: Namanganlik mashhur kishilar, O‘zbe¬kiston Qahramonlari, yozuvchilar hamda san’atkorlardan kimlarni bilasiz?
3-savol: Viloyatdagi tarixiy yodgorliklar to‘g‘risida gapirib bering.
Tarbiyachi barcha guruh a’zolarining javoblarini to`ldiradi va mustahkamlaydi.
Mashg‘ulot oxirida guruh a’zolari navbat bi¬lan Namangan to`g`risida she’r, ashulalar aytib, raqsga tushadilar. Savol-javob, badiiy ijro va boshqa harakatlar baholanadi, g`oliblar aniqlanib, rag`batlantiriladi.
Interfaol usullar bilan suhbatlar, bahs-munozaralar o‘tkazish, sayohat va o`yinlar tashkil qilish milliy g`oyani bolalar ongiga singdirishda asosiy omildir. Mana shunday tarbiyaviy uslublar orqali muqaddas yurtimiz tuprog‘ida baxtiyor, ozod, erkin hayotni ta’minlash uchun doimo hushyor va ogoh bo‘lib yashash zarurligini, Vatanimiz ozodligi, yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligi doimo hammamizning ezgu maqsadimiz, orzu-intilishlarimiz bo‘lib qolishini bolalarimizga tushuntirib, jajji qalblarda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirib borishimiz lozim.
Zamira RASULOVA

Check Also

Mustaqillik maydoniga sayohat

Tayyorlov guruhlari uchun amaliy mashg‘ulot Maqsad: bolalarga kаttalarni, keksalarni hurmat qilish, qadrlash, ardoqlash kerakligi haqida …