Bosh sahifa | Shaxs kamoloti | KATTA QADAMLAR BOLALIKDAN SHAKLLANADI

KATTA QADAMLAR BOLALIKDAN SHAKLLANADI

(Maktabgacha yoshdagi bolalarda tashkilotchilik qobiliyatini shakllantirish)
Maktabgacha yoshdagi bolalarda tashkilotchilik qobiliyatini shakllantirish dolzarb psixologik-pedagogik masala sanaladi. Shuningdek, bu katta ijtimoiy ahamiyatga ega. Chunki tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lish, kelajakda o‘z kasbiy faoliyatini samarali amalga oshira oladigan shaxs shakllanishiga katta yordam beradi. Bu esa bolalikning ilk davridan oilada va uzluksiz ta’limning barcha bosqichlarida amalga oshirilishi lozim.
Maktabgacha ta’lim mazkur tizimda dastlabki bo‘g‘in sanaladi. Bu davr bolaning har tomonlama sog‘lom va zukko bo’lib rivojlanishida muhim bosqich hisoblanadi. Uning bilim olishga bo‘lgan intilishi, qiziqishi ortadi. Maktabgacha yoshdagi bolalarda intizom, mustaqillik, mehnatsevarlik, javobgarlik, tashabbuskorlik kabi fazilatlarni shakllantirish o‘ta mas’uliyatli vazifa.
Intizom haqida suhbat
Mashg‘ulotning maqsadi: bolalarda intizom tushunchasini hosil qilish, kengaytirish va uni turli holatlar bilan mustahkamlash.
Suhbatning borishi:
Tarbiyachi: – Bog‘chaga o‘z vaqtida keladigan bolalarni kim deb ataymiz?
(Bolalarning javobi)
Tarbiyachi: – Mashg‘ulotlarda shovqin solmaydigan, bo‘lar-bo‘lmasga baqiravermaydigan bolani qanday atash mumkin?
(Bolalarning javobi)
Tarbiyachi: – O‘yinchoq, kitob va mebellarni avaylab tutadigan bolalarga qanday ta’rif beramiz?
(Bolalarning javobi)
Tarbiyachi: – O‘yinchoqlarini har tomonga sochib ularni yig‘ishtirmaydigan, mebellarni buzadigan (stullar oyoqlarini chayqatadigan, shkaflarga tirnab chizadigan…) bolalarni kim deb atash mumkin?
(Bolalarning javobi)
Tarbiyachi: – Bolalar, kimning uyida kompyuter bor? Siz unda o‘ynashni yoqtirasizmi? Agar ota-onangiz sizdan yordam berishni so‘rasa, kompyuterda o‘ynashni to‘xtatasizmi?
(Bolalarning javobi)
Tarbiyachi: – Ota-onasiga yordam berish uchun kompyuterda o‘yinni to‘xtatadigan bolalar qanday bolalar?
(Bolalarning javobi)
Tarbiyachi: – Bolalar, “intizom” degan so‘zni bilasizmi? Kattalarning topshiriq va vazifalarini bajaradigan, mashg‘ulotlarda to‘polon qilmaydigan, bir-biriga xalaqit bermaydigan, guruhda tartib saqlaydigan bolalarni biz intizomli deb ataymiz. Ular qanday bolalar ekan?
(Bolalar takrorlaydi)
Agar bolalar kattalarning aytganini qilmasa, topshiriqlarini bajarmasa, mashg‘ulotlarda to‘polon qilsa, guruhda tartib saqlamasa, bunday bolalarni intizomsiz deymiz. Ular qanaqa bolalar?
(Bolalarning javobi)
Endi qanday bolalarni intizomli deb atash mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring va javob bering.
(Bolalarning javobi)
Nima uchun shunday deb o‘ylaysiz?
(Bolalarning javobi)
Endi esa intizomsiz bolalar qanday bo‘lishi haqida fikrlaringizni ayting.
(Bolalarning javobi)
Tarbiyachi bolalarga ikki guruhga ajralib turishni taklif qiladi va tarbiyali hamda tarbiyasiz bolalar qanday bo‘lishini ko‘rsatib berish to‘g‘risida topshiriq beradi.
1. Yetakchi topshiriqni bajaradi (o‘yinchoqlarni ehtiyot qilib terib, stulchalarni tekislab qo‘yadi va gullarga suv quyadi).
2. Yetakchining topshiriqlarni bajarmasligi (topshiriqni bajarishdan bosh tortadi).
Tarbiyachi bu holatni muhokama qilishni taklif qiladi, ya’ni topshiriqni bajaradigan va bajarmaydigan bolalarni qanday atash mumkinligini so‘raydi. Bolalarning javoblarini tinglagach tarbiyachi bolalardan ushbu mashg‘ulotda nimalarni bilib olganini so‘raydi. Mashg‘ulotlar shu tartibda davom ettiriladi. Keyinchalik esa “Zukkolik”, “Tashabbuskorlik”, “Ko‘mak berish” kabi ko‘plab mavzularda mashg‘ulotlar olib borish mumkin.
Bolalarga mashg‘ulot o‘tishda ularning yosh guruhi, ruhiy holatiga ko‘ra sodda va qiziqarli shaklda tashkil qilish talab etiladi. Mashg‘ulotlarda ularning erkin, qiziqish bilan ishtirok etishi uchun ijodiy muhit, sharoit yaratish vazifaning yanada samarali bo‘lishiga yordam beradi.
N. Jamilova,
pedagogika fanlari nomzodi