Bosh sahifa | Aql qayrog‘i | Kichik bo‘g‘indagi katta o‘zgarishlar

Kichik bo‘g‘indagi katta o‘zgarishlar

Ta’limni samarali tashkil etishda pedagoglarning o‘zaro fikr almashib turishi yaxshi yo‘l sanaladi. Yangilanib borayotgan sohadagi o‘zgarishlarning mohiyatini joylardagi mutaxassislarga yetkazish masalasi soha rahbarlaridan alohida e’tibor talab qiladi. Yaqinda Qibray tumani Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tasarrufidagi “G‘uncha” 10-maktabga­cha ta’lim mu­assasasida o‘tkazilgan amaliy seminarda ham yuqoridagi maqsadlar ko‘zda tutilgan.
“Pedagoglar salohiyatining rivojlanganligi maktabga­cha ta’lim sifatining belgisidir” nomli mazkur seminar soha rahbarlaridan iborat bir guruh mutaxassislarning kirish so‘zi bilan boshlandi. Ta’lim muassasasi mudirasi Dilfuza Ismatillayeva o‘z chiqishi yakunida barchani guruhlardagi amaliy mashg‘ulotni kuzatishga taklif qildi. Turli hududlardan kelgan mudira-yu tarbiyachilarga ergashib biz ham mashg‘ulotlar o‘tkazilayotgan xonalarga yo‘l oldik.
“Yulduzcha” kichik guruhining “Polosatiye shapochki” nomli applikatsiya mashg‘ulotida bolalarga qish fasli bilan bog‘liq so‘zlarning ruscha ko‘rinishlari ko‘rgazmali ravishda tushuntirildi. Mashg‘ulotda leptop, proyektor singari elekt­ron vositalardan foydalanilganligini ta’limning eng kichik bo‘g‘inlarigacha zamonaviylashayotgani dalolati sifatida baholadik.
“Bilimdon” o‘rta guruhida badiiy adabiyot bilan tanishtirish mashg‘ulotiga kirganimizda “Bo‘g‘irsoq ertagi”ning sahna ko‘rinishi namoyish qilinayotgan edi. Bunda tarbiyachilarning bo‘g‘irsoq va tulki qiyofasiga kirib ijro etgan rollari orqali bolalarda ertakka qiziqish uyg‘onganining guvohi bo‘ldik.
“Kamalak” katta guruhida esa bolalarni atrof-olam bilan tanishtirishga mo‘ljallangan “Tikuvchi mehnati” mashg‘uloti ko‘rgazmali ko‘rinishda tashkil etildi. Stolga terib qo‘yilgan turli buyumlar orasidan bolalar tikuvchilikda ishlatiladigan buyumlarni topishi va nomini aytishi kerak bo‘lgan mash­g‘ulot tarbiyachi Fotima Komilovaning bolalar bilan kiri­shimliligi, mahorati evaziga nihoyatda qiziq ko‘rinish oldi.
“Bo‘g‘irsoq” katta guruhida esa “O‘zbek xalqining milliy san’ati bilan tanishtirish” mashg‘uloti o‘tkazildi. Bolalar bu mashg‘ulotga darhol kirishib ketolmasada, diqqat bilan tinglashga harakat qilishdi.
Seminar yakunida muzokara va takliflar, fikrlar muhokama qilindi. O‘z navbatida, barcha ishtirokchilar qatori biz ham yuqoridagi kabi mulohazalarimizni bildirdik. Shu bilan birga, muassasada ta’limning kichik bo‘g‘inidagi katta o‘zgarishlar amaliyotga ishtiyoq bilan tadbiq etilayotganiga guvohi bo‘lganimizni e’tirof etdik.

O‘z muxbirimiz.

Check Also

Prezident raisligidagi videoselektor yig`ilishida maktabgacha ta’lim tizimi muhokama qilindi

Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев раислигида 19 декабрь куни мактабгача таълим тизимида амалга оширилаётган ислоҳотларни …