Bosh sahifa | Bolalar sporti | Kim epchil-u, kim chaqqon?

Kim epchil-u, kim chaqqon?

Kichik guruhlar  uchun mashg‘ulot

“Yonimga kel” o‘yini. Guruh bo‘lib bir yo‘­nalishda yuriladi. Tarqalib yengil yurish davomida chumchuqlarga o‘xshab qo‘llarini yoyib, go‘yo uchayotgan qush singari harakat qilinadi. Tarbiyachi yordamida aylana bo‘lib turish mashqi bajariladi.
Dastlabki holat. Oyoqlarni sal keng qo‘yib, to‘g‘ri turish, qo‘llar orqada, tarbiyachining “Bizning qo‘llarimiz qani?” so‘zlaridan so‘ng, bolalar “Mana bizning qo‘llarimiz”, deb qo‘l­larini uzatadilar (5–6 marta takrorlash).
Dastlabki holat. Oyoqlarni kerib turish, gavda to‘g‘ri, qo‘llar orqada, tarbiyachi “Oyoqlarni berkiting” deganida bolalar oyoqlarini quchoqlab cho‘kkalaydi. “Oyoqlaringiz qani?” degan savoldan so‘ng, bolalar tekislanib, oyoqlarini dupirlatib, “Mana bizning oyoqlarimiz” (mashqlar 2–3 marta takrorlanadi), deydilar.
Dastlabki holat. Oyoqlarni sal kerib turish, gavda to‘g‘ri, qo‘llar belda, yarim cho‘nqaygan holda o‘tirish.
Oyoqlar uchida yengil yugurish. Tarbiyachi ortidan xona atrofida guruh bo‘lib yugurish. Ketma-ket qator bo‘lib, tizzalarni ko‘tarib yurish. “To‘xta!” ogohlantirish buyrug‘i bilan to‘xtash. Ixtiyoriy kuy sadolari ostida 2 marta takrorlanadi. Musiqa sadosi ostida ketma-ket bir-birining ortidan yengil yugurish. Yurish va erkin saflanish.
Dastlabki holat. To‘g‘ri tik turgan holda oyoqlar sal kerilgan, qo‘llar pastda, so‘ngra qubbalar bilan qo‘llar oldinga, yonga yoyiladi. “Mana”, deb qo‘llarni orqaga berkitish.
Dastlabki holat. Oyoqlarni sal kerib, tik turish, qubbalar, qo‘llar, oyoqlarni bukib enga­shish, qubbalarni yerga qo‘yib rostlanish, engashib qubbalarni qo‘lga olish. Mashqni 4–6 marta takrorlash.
Dastlabki holat. Tik turish. Ikki oyoqda turgan joyda hakkalash va yugurish. Xonada aylanib, juft bo‘lib yurish.
“Toychoqlar” – toychoqlarga o‘xshab tizzalarni baland ko‘tarib yurish (2 marta takrorlanadi). Yurish, erkin saflanish.
Dastlabki holat. Oyoqlarni sal kerib tik turish, qo‘llar orqada. “Kaftlarni ko‘rsating” – qo‘llarni yonga uzatish, dastlabki holatga qaytish. Musiqa jo‘rligida qo‘llarni oldinga-orqaga tebratib, 4–5 marta takrorlash.
Dastlabki holat. Tik turish. Joyida sakrash va yugurish. Bir-birining ortidan yugurish.
Dastlabki holat. Oyoqlarni sal kerib, tik turish. “Qushlar qanotini qoqadi” – bolalar qo‘llarni yonga ko‘tarib, pastga tushirib go‘yo qushlardek harakat qiladilar. Mashq 4–5 marta takrorlanadi.
Dastlabki holat. Oyoqlarni chalishtirgan­cha o‘tirib, qo‘llarini belga qo‘yib, “Qushlar don izlayaptilar” o‘yini. O‘ngga burilib, qo‘llarni yerga tekkizish, “Bu yerda” deyish va dastlabki holatga qaytish. Shu holatni chap tomonda bajarish. Har tomonga 2–3 marta takrorlash. Mashq musiqa sadosi ostida bajariladi.
Dastlabki holat. Oyoqlarni sal kerib turish. “Qushlar don cho‘qiyapti” mashqida o‘tirib, engashib, tizzalarini barmoqlarga tekkizgan holda go‘yo qushlar don cho‘qiyotgandek harakat qiladilar va dastlabki holatga qaytadilar. Harakat 3–4 marta takrorlanadi.

Zulxumor XUDAYBERGENOVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi XTXQTMOI  “Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim”
kafedrasi katta o‘qituvchisi.