Bosh sahifa | Mudira minbari | Kitob yog‘dusi

Kitob yog‘dusi

Kitob bir necha ming yillar avval paydo bo‘lgan eng qadimgi va noyob kashfiyotlardan biri sanaladi. Qog‘oz kashf etilmasdan Qadimgi Rim, Misr va Yunonistonda bo‘lgani kabi bizda ham kishilar o‘z fikrlarini tosh, sopol, suyak va boshqa vositalar orqali ifoda etganlar. Qog‘ozning kashf etilishi matbaachilik tarixida yangi davrni ochib berdi.
Kitob o‘quvchining fikr doirasini kengaytirib, unga ma’naviy-ruhiy ozuqa beradi. Buyuk mutafakkir shoir Abdurahmon Jomiy shunday degan: “Dunyoda kitobdan yoqimliroq do‘st, undan ortiq g‘amxo‘r yo‘q”.
Paxtakor tumani “Shodlik” nomli MTMmiz qoshidagi kutubxonada 1200 ga yaqin adabiyotlar mavjud bo‘lib, shundan 520 tasi badiiy adabiyot, qolganlari o‘quv metodik qo‘llanma va siyosiy adabiyotlardan iborat.
O‘tgan yillarda yangi nashr­dan chiqqan badiiy adabiyotlar ko‘rgazmalari, ma’rifiy tadbirlar, o‘quv qo‘llanma va badiiy adabiyotlarni yuritish tanlovlari tashkil etilgandi. MTM videotekasidagi filmlar namoyishi, shuningdek, bolalar shoir va yozuvchilari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bunda “Yil tarbiya­chisi – 2014” respublika ko‘rik-tanlovi ishtirok­chisi Aziza Amirovaning xizmati katta bo‘ldi.
Muassasamizda mavjud 10 ta guruhdagi 185 nafar kichkintoylarga 12 nafar malakali pedagog-tarbiyachilar ta’lim-tarbiya berib kelishmoqda. Bundan besh yil avval bu yerda guruhlararo kutubxonalar tashkil etish ishlari boshlangan edi, o‘tgan vaqt davomida bu ta­shabbus o‘z samarasini bermoqda. O‘rta va katta guruhlarda odobnoma, ingliz tili va musiqa fanlaridan tashqari badiiy kitoblar, rasm va fotosuratlar to‘plash ham namunali yo‘lga qo‘yildi.
Bolajonlar bilan viloyatimizdan yetishib chiqqan taniqli insonlarning mehnat faoliyati va hayot yo‘li haqida suhbatlar o‘tkazilib kelinadi. Tajribali pedagoglarimizdan Tojixol Xolova va Xolida O‘sarovalar rahbarlik qilayotgan guruh tarbiyalanuvchilari o‘tgan o‘quv yilida tuman MTMlararo “Kitob marafoni”da faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallashdi. Hozirda har ikkala guruhdagi kutubxonada yuzga yaqin badiiy adabiyot mavjud bo‘lib, ularning ko‘lami yildan-yilga boyitib borilmoqda.
Shunisi quvonarliki, muassasamiz tuman maktabgacha ta’lim muassasalari o‘rtasida har yili o‘tkazilib kelinayotgan yosh san’at g‘un­chalarining chiqishlari, milliy o‘yin ko‘rik-tanlovlari hamda “Chaqqonlar, epchillar va zukkolar” musobaqalarida qatorasiga uch marotaba birinchilikni egallab, g‘oliblikni qo‘ldan bermay kelishyapti. Bunda musiqa rahbari Ikrom Quvvatov va sport yo‘riqchisi Tojixol Xolovalarning hissalari katta.
Nafaqat bolajonlarni, balki ularning ota-onalarini ham kitobxonlikka qiziqtirish, farzandiga namuna sifatida mutolaa madaniyatini shakllantirish maqsadida ular bilan suhbatlar o‘tkazib, kitobning qadri va tarbiyaviy ahamiyati haqida fikr almashamiz.
Bugungi kunda bozor iqtisodiyoti munosabatlari va turli elektron ommaviy axborot vositalari kitobxonni katta adabiyotdan biroz bo‘lsa-da uzoqlashtirayotgani sir emas. Biroq kitob ulkan mo‘jiza ekanligini bir lahza ham unutmasligimiz lozim. Negaki, ko‘p kitob o‘qigan bolaning fikrlash doirasi keng, zehni o‘tkir bo‘lib, hayot sinovlariga bardoshli bo‘ladi. Shu bois har birimiz avval farzandimiz, qolaversa, tarbiyalanuvchi bolajonlar qalbiga kitobxonlik chirog‘ini yoqaylik, toki uning yog‘dusi hami­sha hayot yo‘lini yoritib tursin.

Jamila ABULQOSIMOVA,
Paxtakor tumanidagi “Shodlik” nomli 10-MTM mudirasi.

Check Also

Bizning jonli burchagimiz

“Maktabgacha yoshdagi bolalar faoliyatining turli ko‘rinishlarida ekologik ta’lim berish” mavzusida kichik guruhlar uchun mashg‘ulot ishlanmalari …