Maqsad: bolalarga kitoblarni sevish, ularni avaylab-asrashni o‘rgatish. Kitob turlari, kitob yaratish mehnati haqidagi bilimlarini mustahkamlash. Kutubxona, kutubxonachi haqidagi ilk tasavvurlarini boyitish. Bolalar lug‘atini tabiatga doir bilimlar bilan to‘ldirish, meva va sabzavotlarni turkumga ajratib, javoblarini mustaqil izohlashga odatlantirish. Bolalarda diqqatni jamlash, fikrini erkin bayon etishga intilishni rivojlantirish. Fazoviy idrokini takomillashtirish.
Kerakli jihozlari: Kutubxona maketi, kitoblar, rasm-suratlar, “O‘yla, Izla, Top!”, “Bosh tovushidan top!”, “Nima ortiqcha?”, “Nima yeydi” kabi o‘yin turlari.
Mashg‘ulotning borishi:
TARBIYACHI: – Bolalar, diqqat bilan tinglang, hozir sizga Abdulla Oripovning “Ona tilimga” she’rini o‘qib beraman.
Ming yildirki, bulbul kalomi
O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo sho‘rlik to‘tining holi
O‘zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.
– Bolalar, she’r mazmunini tushundingizmi? U nima haqida ekan? Biz o‘zbek farzandimiz. Bizning ona tilimiz – o‘zbek tili. Til o‘rganganimizda nima zarur bo‘ladi? Bolalar javobi. – Juda to‘g‘ri, kitoblar kerak bo‘ladi. Hozir sizlarga kutubxona haqida aytib beraman. Kutubxona kitoblar turadigan, saqlanadigan joy, u yerdan xohlagan kitobni olib o‘qish mumkin. Kitoblarni o‘qib bo‘lib, yana kutubxonaga qaytarib berish kerak. Uni ayab, yirtmay, varaqlariga chizmasdan o‘qing. Kutubxonadagi kitoblardan boshqa odamlar ham foydalanishadi. Bolalar, qo‘limda “Qaysi jonivor?” o‘yiniga chizilgan rasmlar. Rasmlarni diqqat bilan ko‘rib chiqsangiz, ertaklarni eslaysiz, qani, kim topag‘on ekan? (Bolalar rasmlarni ko‘rib, tulkiga – baliq, quyonga – sabzi, echkiga – karam berish kerakligini aytib, ertakning nomini topadilar.) – Barakalla, sabzavotlarni nomlab, ularning shakli, rangi, o‘sishi haqida ham aytib bera olasizmi? Rahmat bolajonlar, mashg‘ulotlarda o‘rganganlarimiz esingizdan chiqmabdi. Sabzavotlar haqidagi suhbatimiz esingizdami, hozirgi topishmog‘im sabzavotlar haqida.
Diqqat qiling va javobini toping?
– Endi esa, rangiga qarab iplarni bog‘lab chiqamiz. Bu yerda nimalar tasvirlangan? Bosh tovushlari bir xil bo‘lgan rasmlarni topib, rangli ip bilan birlashtiramiz. Bolalar tarbiyachi ko‘rsatmasiga binoan topshiriqni bajaradilar.
– Bolalar, sabzini qaysi hayvon yaxshi ko‘radi. Bolalar javobi. – To‘g‘ri, endi quyonchaga o‘xshab sakraymiz.
Oq quyon, oppoq quyon,
Qaraydi u yon- bu yon.
Quyon bo‘lib sakraymiz,
Va darrov o‘tiramiz.
TARBIYACHI: – Navbatdagi o‘yinimiz “O‘yla, Izla, Top!” Bu o‘yinda topishmoqning javobini topgach, uning rasmini olib berasiz.
Bolalar har bir topishmoqning javobini rasmlarda ko‘rsatadilar.
TARBIYACHI: – Barakalla, hamma javoblarni to‘g‘ri topdingiz.
Bolalar bilimini mustahkamlash: Kichkintoylar kitob haqida o‘rgangan she’rlarini yoddan aytib beradilar.
Mashg‘ulotning yakuni. Tarbiyachi har bir bola bilan kitob haqida savol-javoblar o‘tkazadi va ular faoliyatini baholab, rag‘batlantiradi.
Zuhra FAYZIYEVA,
TSHPKQTMOI katta o‘qituvchisi.