Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | Kuylash malakalari

Kuylash malakalari

Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarga ilk musiqiy ta’lim jarayonlarini o‘rgatish juda muhimdir. Ular qalbida go‘zallikni his qilish, Vatanga muhabbat, milliy g‘ururni shakllantirish, bolaning ichki dunyosini boyitish, hamda estetik didini shakllantirish kabi xususiyatlarni musiqa orqali amalga oshirish mumkin. Kichkintoylarda musiqa tinglashga ishtiyoqni qo‘llab-quvvatlash va rejalashtirish ahamiyatlidir. Musiqaning tempi, ritmi, xarakteriga mos ifodali harakatlanish, kuy qismlari almashishiga qarab harakatlarni o‘zgartira olish, yengil sakrash, oldinga va orqaga, yonga qadam tashlash, oldinga hakkalash, raqs harakatlarini sifatli bajarishga o‘rgatish musiqa mash­g‘ulotidagi asosiy tamoyillardan. Jamoa bo‘lib kuylash, ayniqsa, maktabgacha yoshdagi bolalarning tushunishlari uchun qiyin bo‘lmagan ijro mahorati sanaladi. Uning vazifasi:

— bolalardagi kuylashga bo‘lgan o‘ziga xos xususiyatlarni va tiniq ovozning vujudga kelishini rivojlantirish;

— sog‘lom ovoz apparatini rivojlantirish.

Kuylash – bolalar bilan ishlashda bilish psixologiyasi va metodikasini nafaqat rivojlantiradigan, balki fiziologik jarayon hisoblanadi.
Vokalda kuylash orqali bolada fonematik e­shitish qobiliyati oshadi, so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilish malakalari shakllanib, xotira tizimi mustahkamlanadi. Kuylayotgan vaqtda miya endorfin – xursandchilik garmoni ishlab chiqarish bilan birga, kayfiyatning ko‘tarinki bo‘lishiga ham yordam beradi.

Bolalar tilida uchraydigan duduqlik, nutqqa oid kamchiliklarni bartaraf etishda vokal muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. O‘z o‘rnida kuylash fikr doirasini o‘stiradi, xayolot olamini kengaytiradi, bilim olish ishtiyoqini ko‘taradi, ijodiy qiziqishni uyg‘otadi, muskul to‘qimalarining o‘zaro muvofiqlashish jarayonini tezlashtiradi. Bog‘cha bolasi har bir to‘g‘ri olingan nafasda 1.5-3 litr havoni yutadi. Shuning uchun mashg‘ulot o‘tkaziladigan xona doimiy ravishda shamollatib, changlari tozalanib turilishi kerak. Qo‘shiq ustida ishlashda bola zerikmaydi, tarbiyachisiga ko‘r-ko‘rona ergashmaydi. Maktabgacha yoshdagi bolalar ovoz yo‘nalishining bir maromga tushirilmaganligi va qo‘shiq aytish mahoratining hali mukammal bo‘lmaganligi uchun bu yo‘lda musiqa rahbaridan mohir pedagogik malaka talab etiladi. Maktabgacha yoshdagi bolalarda ovoz imkoniyatini shakllantirishda ovoz mashqlari katta rol o‘ynaydi. Bolalarga beriladigan ovoz mashqlari kichik-kichik so‘zlardan tarkib topgan bo‘lib, eslab qolishi oson bo‘lgan so‘zlar bo‘lishi kerak. Tajribadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, har kunlik musiqa mashg‘ulotlari musiqa tinglashdan boshlanadi. Bu esa bolalarni eshitish qobiliyatini va musiqiy savodxonligini oshirishga xizmat qiladi. Musiqa tinglashda o‘zbek kompozitorlari bastalagan kuylar eshittiriladi.

Kuylash jarayonida bolaning sof va tabiiy ovoz imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda ovozni ehtiyot qilish ko‘zda tutiladi. Kichkintoylarga qo‘shiq o‘rgatishdan avval ular bilan birga turli mashqlar bajarilib, fortepiano orqali ovoz sozlanadi. Ovozni sozlash mashqlari odatda bolalarga mos bo‘lgan tez aytishlardan yoki oddiy so‘zlardan tuziladi. Katta va maktabga tayyorlov guruhlari uchun ko‘proq tez aytishlariga mo‘ljallangan ovoz sozlash mashqlari juda yaxshi natija beradi. Misol uchun:

Bu ovoz sozlash mashqida nafasni shoshmasdan olish, qo‘shiq so‘zlarini aniq, to‘g‘ri ijro etish kerak.

Mazkur ovoz sozlash mashqi maktabgacha ta’lim muassasalarining kichik va o‘rta guruh tarbiyalanuvchilari uchun tavsiya etiladi.

Bu mashqlarni musiqa rahbari bolalarga turli xil oyoq va qo‘l harakatlari bilan birga o‘rgatib borishi ijobiy natija beradi. Musiqa o‘qituvchisining asosiy vazifalaridan yana biri ovoz diapazonining barcha tovushlarida unlilarning jaranglashiga ahamiyat berishdir. Kuylash mashqlari vaqtida artikulyatsiya va talaffuzning to‘g‘riligiga e’tibor berish kerak. Qo‘shiq aytish jarayonini har bir pedagog oldindan rejalashtirishi, bolalarning baqirib, zo‘riqqan holda qo‘shiq aytishlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Ovoz sozlash mashqlari yordamida bolalarni chiniqtirish va ovozlarini, qo‘shiq aytish malakalarini rivojlantirish zarur.

Ulug‘bek MIRZAHMEDOV,
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi
2-umumta’lim maktabining
“Musiqa madaniyati” fani o‘qituvchisi.

Check Also

Mtmda bola ijodkorligini rivojlantirish

Maktabgacha yoshdagi bolalarga qo‘l mehnati orqali zamonaviy, qiziqarli hamda foydali buyum, o‘yinchoqlar yasashni o‘rgatish maqsadga …