Bosh sahifa | Maktabga tayyorlov | Maktabga ilk qadam

Maktabga ilk qadam

Zamonaviy bolalar maktabga tayyor! Haqiqatan ham ta’lim olish jarayoni yildan yilga shunchalar rivojlanib bormoqdaki, 1 – sinfga borayotgan bolalar uchun yangidan yangi talablar qo‘yilmoqda. Ilgari bolalar maktabga chiqib, alifboni o‘rgansalar, hozirgi bolalar bog‘cha davridanoq o‘qish ko‘nikmalarini bilishi maqsadga muvofiq etib belgilangan.

Shunga ko‘ra 7 yoshli bola quyidagilarni bilishi kerak:
— ismi, familiyasi, otasining ismi;
— yoshi, tug‘ilgan yili va oyi;
— ota-onasi, ularning kasblari haqida tushunchaga ega bo‘lishi;
— oila a’zolarining ismini bilishi;
— yashash manzili, uy raqamini ayta olishi;
— ranglar va ularni buyumlarga qiyoslashi;
— liboslar, oyoq va bosh kiyimlarini bilishi, ularni farqlashi;
— kasblar hamda sport turlari haqida ma’lumotga ega bo‘lishi;
— transport vositalarining nomini bilishi va ularni farqlashi;
— xalq ertaklarini ayta olishi;
— milliy qahramonlarimiz haqida tushunchaga ega bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, maktabga tayyorlanayotgan bola ko‘cha va jamoat joylarida o‘zini tutish qoidalarini bilishi kerak. Bolaning nutqiy rivojlanish bosqichlarida yozma va og‘zaki nutq muhimdir.

Birinchi sinfga boradigan bola:
— hamma tovushlarni to‘g‘ri va to‘liq talaffuz qila olishi;
— so‘zdagi tovush ohangini aniq ayta olishi;
— tovushni gapning qaysi qismida (boshi, o‘rtasi va oxirida) kelayotganini bilishi;
— so‘zlarni qarsak chalib, bo‘g‘in yordamida talaffuz qilishni bilishi;
— harflarni talaffuz qilish va tanish;
— umumlashma so‘zlarni aytish va ajratish;
— savol berish va unga javob berish;
— berilgan rasmga qarab gaplar tuzish;
— berilgan 5–6 ta so‘z ishtirokida gap tuzish;
— matnlarni ajratish (hikoya, she’r, ertak);
— topishmoqlarning javobini topish, jumboqlarni yechish.

Boladagi so‘zlash qobiliyatining rivojlanishi uchun farzandingiz bilan birga ertak va hikoyalar o‘qing, so‘ngra boladan uni gapirib berishini so‘rang. Bu jarayonda “Nega unaqa o‘ylayapsan?”, “Sen qanaqa fikrdasan?”, “Agar voqea bunaqa bo‘lganda, nima bo‘lardi?”, “Agar unda… agar bunda…” kabi savollar bilan murojaat qiling. Bolaga antonim (zid ma’noli), sinonim (ma’nodosh) so‘zlarni o‘yin orqali o‘rgating. Masalan, bolaga to‘pni oting va “qora” deb ayting, to‘pni qo‘liga ilgan bola sizga javoban “oq” deb qarama-qarshi so‘zni aytsin. “Katta-kichik”, “Baland-past” va hokazo…
Matematika, hisob-kitob borasida maktab yoshiga yetgan bola quyidagilarni bilishi kerak:
— 0 dan 9 gacha bo‘lgan raqamlarni bilishi va ajrata olishi;
— raqamlarni to‘g‘ri va teskari sanay olishi;
— quyidagi belgilarning «+», «–», «=», «>», «<» ma’nosini, 0 dan 10 gacha bo‘lgan raqamlarni taqqoslay olishi (2<6, 9=9, 8>3);
— geometrik shakllarning nomini bilishi (aylana, to‘rtburchak, uchburchak, to‘g‘ri to‘rtburchak, oval, romb);
— buyumlarning katta-kichikligi, shakli, rangini taqqoslay olishi;
— mo‘ljal nomlarini aytib, ko‘rsata olishi (tepaga-pastga, chapga-o‘ngga, tagi-usti, oldi-orqasi).

Hisob-kitoblarni bilishi uchun farzandingiz bilan turli matematik mashqlarni bajaring. Har xil buyumlarni birgalikda sanang, raqam va shakllarni qog‘ozga yozib, mashq qildiring.

Shuningdek, maktabga chiqishga tayyorlanayotgan bola:
— qalam, ruchka, cho‘tkani qo‘lda to‘g‘ri ushlay olish;
— geometrik shakllarni yig‘ish;
— geometrik shakllar, hayvonlarning oddiy tasvirlarini chiza olish;
— rasmlarni chegarasidan chiqarmagan holda bo‘yay olish;
— qog‘ozdagi shakllarni to‘g‘ri va aniq qirqa olish;
— loy va plastilindan turli narsalarni yasash;
— rangli qog‘ozlardan turli applikatsiyalarni bajarish, qirqish, yozish va hokazolarni bilishi lozim.

Maktab yoshiga yetgan bola uchun butunlay yangi hayot boshlanadi. Uning odatdagi kun tartibi o‘zgaradi. Bola endi maktabga borishi, dars tayyorlashi, yangi o‘rtoqlar, ustozlarga o‘rganishi kerak. Siz onasiz! Shu sababli farzandingizning 1-sinfga, maktab hayotiga ko‘nikib ketishi uchun yordam bering. Maktabga boradigan bola endi o‘rnidan erta uyg‘onishi, maktab partasida 30–40 daqiqa o‘tirishi, dars tayyorlashi, o‘qishi, o‘rganishi kerak. Yangi muhit, yangi odamlar, sinfdoshlariga ko‘nikishi lozim. Maktabga chiqadigan farzandingiz oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas ham fiziologik, ham psixologik jihatdan toliqadi. Pediatrlar bu holatni “7-sentyabr” deb atashadi. Bu davrdan ijobiy o‘tib olish uchun farzandingiz sizga suyanishini unutmang.

Farzandingizga bu borada ko‘maklashing:
— bolangizni vaqtida uxlating va uyg‘oting (hatto dam olish kunlari ham). O‘shanda kunlik tartibi o‘zgarmaydi;
— vazifalarning avval yozmasini, so‘ngra o‘qiladiganini bajartiring;
— farzandingizning uy vazifalari uchun qancha vaqt ajratayotganini kuzatib boring, unga yordam bering;
— har bir vazifani bajartirib, 10–15 daqiqa dam oldiring;
— ta’til kunlarida bolaning to‘liq, o‘zi istagandek dam olishi uchun imkoniyat yaratib bering;
— unutmang, bolangiz universitetga emas, maktabga boryapti, shu sababli undan ko‘p narsani talab qilmang;
— uning yutuqlarini, yaxshi baholarini e’tiborga oling, yomon baholarini esa to‘g‘rilashi kerakligini doimo eslatib turing;
— uning ruhiyatini har kuni ko‘tarib turing, o‘qishga qiziqishini oshirib boring;
— bolangizdan ko‘p narsani talab qilmang, uning bir necha soat davomida o‘quv partasida o‘tirib, dars qilishi, o‘qituvchini tinglashiga kuch topa olayotganini hisobga oling;
— ko‘z va dars stoli orasidagi masofa 30–35 sm bo‘lishi, yorug‘lik chap tomondan to‘g‘ri tushishi, darsxona esa keng va yorug‘, bola uchun qulay bo‘lishiga imkoniyat yarating;
— farzandingiz uy vazifalarni tayyorlab ko‘zi toliqqan bo‘lsa, ko‘z uchun maxsus mashqlar bajartiring;
— ertalabki nonushtani albatta qildiring. Bu yengilgina bo‘lsa-da, bolaga kuch beradi. Sumkasiga esa olma, banan yoki shunga o‘xshash iste’mol qilishga qulay biror narsa solib bering;
— dushanba og‘ir kun. Buni yodingizdan chiqarmang, shu sababli boladan keragidan ortiq harakatlarni talab qilmang;
— maktabga chiqqan bolangizning sog‘lig‘iga ham alohida e’tibor bering, ishtahasi, jismoniy va aqliy imkoniyatlari, ruhiyatiga ahamiyatliroq bo‘ling;
— dars tayyorlashni uyquga yotishdan bir-bir yarim soat oldin yakunlang. Bolani tungi uyqu vaqtigacha o‘ynating yoki toza havoda aylantiring.

Maktabga chiqqan bolaning kunlik tartibi o‘zgargach, tabiiyki u injiq, uyquchan, toliqqan, ishtahasiz bo‘lishi mumkin. Hattoki, tungi uyquning buzilishi, alahsirash, uyquda gapirish holatlari ham kuzatiladi. Psixologlarning ta’kidlashicha, bu holat 2–3 haftadan so‘ng o‘tib ketadi va bola maktab hayotiga o‘rganib qoladi. Odatda, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga 3 ta fandan dars 30 daqiqadan o‘tiladi va bu raqamlar vaqt o‘tgan sari ko‘payib boradi. Farzandingiz uchun bergan tarbiyangiz va to‘g‘ri tuzilgan kun tartibi uning kelajagi uchun juda muhim. Bolaning imkoniyatlari va qobiliyatiga qarab, qo‘shimcha to‘garaklarga bering. Uning qiziqishlarini hurmat qiling!


Sevara MUSAYEVA tayyorladi.

Check Also

BOLALARNI MAKTABGA TAYYORLASHNING METODIK-TASHKILIY ASOSLARI

Maktabgacha ta’lim bola shaxsini sog`lom va yetuk qilib maktabga tayyorlash maqsadini ko`zlaydi. Ta’lim-tarbiya qancha erta …