Bosh sahifa | Davlat talablari amalda | Maktabgacha ta’lim: bilim, malaka, tajriba

Maktabgacha ta’lim: bilim, malaka, tajriba

Yosh avlodni tarbiyalash, kelajak hayotga tayyorlash o‘z istiqboli, taraqqiyoti, ertangi kuni xususida qayg‘uradigan har qanday mamlakat uchun eng ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Chunki mamlakatning kelajagi, qanday rivojlanishi, qolaversa, ilm salohiyati yillar o‘tib yosh avlodning zimmasiga tushadi. Bu jarayonda ta’lim-tarbiya insonning ma’naviy qiyofasini aks ettirishda hal qiluvchi kuch vazifasini o‘taydi. Shu bois yurtimizda ta’limning ilk bo‘g‘ini – maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlab bolaning aqliy rivojiga alohida e’tibor qaratiladi.
Maktabgacha ta’lim – ta’lim tizimining mustahkam poydevori bo‘lib, aynan shu davrda bolaning kelajakdagi barcha faoliyat turlarida muvaffaqiyatga undovchi umuminsoniy xislatlari shakllana boshlaydi. Kichkintoyning shaxsiy faolligi ayniqsa, rasm chizish, qurish-yasash, musiqa va boshqa faoliyat turlarida takomillashib boradi. Bunda bolaning oson o‘zlashtirishida faoliyat turlarining o‘yin tarzida tashkillashtirilgani samarali natija ko‘rsatadi. Ta’limiy jarayonlarni tizimli olib borish va maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama rivojlantirishda bizga “Maktabgacha ta’­limga qo‘yiladigan Davlat talablari” yaqindan yordam beradi.
Davlat talablari maktabgacha ta’lim tizimida, shuningdek, har bir oilada bolani tug‘ilgandan 7 yoshgacha tarbiyalash, rivojlantirish, maktabga samarali tayyorlash hamda unga ta’lim berishda qo‘llaniladi. Maktabgacha ta’­limga qo‘yiladigan Davlat talablari bolalar rivojlanishi va ta’limini takomillashtirish uchun ishlab chiqilgan. Davlat talablari asosida:

• bolaning bilim, ko‘nikma va malaka mezonlari hamda ularning o‘sish dinamikasi va rivojlanish holatlari aniqlanadi;
• bolalarning rivojlanganligi va yutuqlari baholab boriladi;
• bolaning individual rivojlanishi ta’minlanadi;
• kadrlar tayyorlash sifati, ta’lim mazmuniga nisbatan qo‘yiladigan talablar, maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanish darajasi hamda ota-onalarning bola rivojlanishiga oid ko‘­nikma va malakalari belgilanadi.

Maktabgacha ta’limga qo‘yiladigan Davlat talablarining maqsadi:
Maktabgacha ta’limga qo‘yiladigan Davlat talablarini amaliyotga tatbiq etishda yuqorida aytib o‘tilgan barcha jihatlar to‘liq inobatga olinadi. Masalan, ta’lim-tarbiya berishning o‘quv dasturlarini yaratish vazifasini olaylik, ushbu vazifani ta’minlash maqsadida Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Respublika o‘quv-metodika Markazi uslubchilari tomonidan “Bolajon” tayanch dasturi va qisqa muddatli guruhlar uchun “Bilimdon” dasturi tayyorlangan. Mazkur dasturlarning afzalliklari quyidagilardan iborat:

– bolalarning tug‘ma qiziqishini oshiradi;
– muayyan faktlarni o‘qib-o‘rganish uchun imkoniyat yaratib beradi;
– bolalar uchun ahamiyatli yo‘sinda material va ta’limni tashkil qiladi;
– bola va tarbiyachi ijodkorligi uchun sharoit yaratib beradi;
– hamkorlikdagi ta’limni qo‘llab-quvvatlaydi.

Maktabgacha ta’limga qo‘yiladigan Davlat talablarining vazifalaridan yana biri – farzandlarini tarbiyalashda ota-onalarga ko‘makla­shish. Ushbu vazifani ta’minlash maqsadida Markaz uslubchilari tomonidan farzandi 5-6 yoshli bo‘lgan ota-onalarga bolalarini maktabga tayyorlashga yaqindan yordam beradigan, “Maktabgacha ta’­limga qo‘yiladigan Davlat talablari” va “Bolajon” tayanch dasturi asosida tay­yorlangan: “Nutq o‘stirish, o‘qish va savod­ga tayyorgarlik”, “Matema­tik tasavvurlarni shakllantirish”, “Sog‘ tanda – sog‘lom aql” hamda nasriy va she’riy asarlar to‘p­lamlari yaratildi.
“Nutq o‘stirish, o‘qish va savodga tayyorlash” nomli qo‘llanma 5-7 yoshli bolalarning nutqini o‘stirish, o‘qish va savodga tayyorlashga mo‘l­jallangan. Qo‘llanma ota-onalarga farzandlarini tovushlar, so‘zlar, bosma harflar, maqollar bilan tanishtirishga xizmat qiladi. Mazkur kitob orqali bolajonlar so‘zlarni bo‘­g‘inga bo‘lish, hikoya tuzish, ismini bosma harflar bilan yozish, she’rlarni yod olish, ertak va hikoyalarni tinglab, so‘zlab berishni ham o‘rganib olishlari mumkin.
“Matematik tasavvurlarni shakllantirish” nomli rasmli qo‘llanma esa bolalarni elementar matematik bilimlar bilan tanishtirishga mo‘l­jallangan. Ushbu qo‘llanma yordamida ota-onalar farzandlariga 20 gacha tartib bilan sanash, 10 dan 1 gacha teskari sanash, 20 ga­cha bo‘lgan sonlar orasida qo‘shish, ayirish bo‘yi­cha misol va masalalar ishlash, geometrik shakllardan turli narsalarni hosil qilish, narsalarni bo‘lish, vaqtni chamalash, qog‘oz yuzasida mo‘ljal olish  kabilarni o‘rgatadilar.
Nasriy va she’riy to‘plamlardan bolalar yo­shiga mos she’rlar, hikoyalar, rivoyat va ertaklar o‘rin olgan. Ota-onalar ushbu asarlarni farzandlariga o‘qib berishlari va ular bilan savol – javob o‘tkazishlari mumkin.

“Sog‘ tanda – sog‘lom aql” nomli qo‘llanma bolalarni odob-axloq va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish kerakligini o‘rgatishga mo‘ljallangan. Ushbu qo‘llanma yordamida ota-onalar farzandlariga salomlashish odobi, dasturxon odobi, kiyinish odobi, harakatli o‘yin­larni o‘rgatishlari mumkin.
Hozirgi kunda ushbu suratli qo‘llanmalar respublikamizdagi barcha maktabgacha ta’lim muassasalariga va maktab kutubxonalariga yetkazib berilgan bo‘lib, ulardan MTMga qamrab olinmagan bolalarning ota-onalari farzandlarini maktab ta’limiga tayyorlashda ishonchli qo‘llanma sifatida foydalanmoqda.
Maktabgacha ta’limga qo‘yiladigan Davlat talablari maktabgacha yoshdagi bolalar bilan ishlashda keng imkoniyatlar yaratib beradi. Bizning bu imkoniyatlardan to‘liq foydalangan holda faoliyat yuritishimiz bolalarning har tomonlama rivojlanishini kafolatlaydi. Ta’lim-tarbiya jarayonida ota-onalar va tarbiyachilardan talab qilinadigan narsa esa bu katta sabr, mehr va bola tarbiyasiga ilmiy asoslangan yagona yondashuvdir. To‘g‘ri yo‘sinda olib borilgan tarbiya natijasida bola mustaqil fikr yuritishga va katta hayotga dadil qadam qo‘yishga tayyor bo‘ladi.
Har bir bolada o‘ziga yarasha u yoki bu yo‘nalishda iqtidor bo‘ladi, faqat uni ilg‘ay bilish kerak. Qobiliyat va iqtidorni o‘z vaqtida to‘g‘ri yo‘naltira olsakkina, u kelajakda kutilgan samarani berishi tabiiy.

Zulxumor RAHMONQULOVA,
MTMXQTMORO‘M markazi bo‘lim boshlig‘i.

Check Also

Viloyatlarda tashkil etiladigan xususiy bog`chalarda elektr va gaz uchun to`lovning 50% ini davlat to`lab beradi

Вазирлар Маҳкамаси “Ўзбекистон Республикаси Мактабгача таълим вазирлиги ва унинг тизимидаги муассасаларнинг моддий-техника базасини мустаҳкамлаш ҳамда …