Bosh sahifa | O‘yinlar davolaydi rivojlantiradi | MAKTABGACHA TA’LIM JARAYONIDA O‘YINLARNING O‘RNI

MAKTABGACHA TA’LIM JARAYONIDA O‘YINLARNING O‘RNI

Barkamol avlod tarbiyasi ajdodlarimizning azaliy orzusi bo‘lib, bola dunyoga kelishi bilanoq unga odob-axloq, jismoniy va ma’naviy rivojlanish qonun-qoidalarini muttasil o‘rgatilgan. Maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim-tarbiyasidagi sifat o‘zgarishlari va samaradorlik ko’proq milliy pedagogika tarixining ildizlari hamda zamonaviy ta’lim-tarbiya sohasidagi yutuqlarini uyg‘unlashtirish bilan mukammaldir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “2017–2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish, bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik, jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’lim-tarbiyani turli o‘yinlardan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Zero, o‘yin maktabgacha yoshdagi bolalar hayotining asosiy mazmunini tashkil etadi. Mehnat va ta’lim bilan uzviy aloqada bo‘lgan holda yetakchi faoliyat sifatida namoyon bo‘ladi. Bolalarda mashg‘ulotlar o‘yin shaklida o‘tkaziladi. Shu bois ham u tarbiyaning muhim vositasidir.
Qadim zamonlardan beri o‘yinlar pedagog, psixolog, faylasuf, etnograf, san’atshunos olimlar diqqatini o‘ziga tortib kelgan. Chunki ular jamiyat hayotida mehnatdan keying o‘rinda turadi va uning mazmunini belgilaydi. Ilg‘or olim va pedagoglar o‘yinning ijtimoiy voqea ekanini, unda tevarak-atrofdagi borliq aks ettirilishini o‘zlarining kuzatish hamda ilmiy tadqiqotlari orqali isbotlab berdi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagogik jarayonida o‘yinning tutgan o‘rni juda katta. Undan maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalash va bilim berishda keng foydalaniladi. O‘yinning natijasini ikki bola va tarbiyachi nuqtayi nazaridan baholash lozim. Agar o‘yin natijasi bola nuqtayi nazaridan baholansa, unda bu o‘yindan bolalar qanday ma’naviy va axloqiy ozuqa olganini hisobga olish kerak. Didaktik vazifalarni bajarish bolalardan ma’lum darajada zo‘r berishni, ya’ni ularning aqliy faoliyatiga talabni kuchaytiradi. Bolalar fahm-farosati, topag‘onligi, diqqat va xotirani namoyish qiladi. Bularning hammasi bolalarning o‘ziga ishonchini oshiradi va qalbini xursandchilik hissi bilan to‘ldirib, ular bundan ma’naviy qoniqish hosil qiladi.
Didaktik o‘yinning natijasini muhokama qiladigan tarbiyachi quyidagilarga e’tibor berishi lozim: qo‘yilgan maqsadga erishildimi, belgilangan harakat bajarildimi yoki yo‘qmi?
Yuqorida keltirilgan ikki vazifa ham yaxshi bajarilsa, ya’ni bir tomondan, bolalarda qiziqish uyg‘ota olsa va ular faoliyatini amalga oshirishga intilsa, ikkinchi tomondan, qo‘yilgan maqsad, vazifaga erishilsa, bunday o‘yin yaxshi natija beradi, deb hisoblash mumkin.
Yuqorida keltirilgan fikrlarga asoslanib, maktabgacha ta’lim muassasalarida kun davomida ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishda foydalaniladigan o‘yin va o‘yinchoqlar, ularning bolalarini ma’naviy-axloqiy sifatlarini shakllantirishdagi ahamiyati beqiyosligini ta’kidlash joiz.
Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar nutqini o‘stirishda mnemotexnika usulidagi mashg‘ulot, xotiraning hamma turlari, bolalarning so‘z boyligini, bog‘lanishli nutqini rivojlantirishga qaratilgan. Qayta hikoya qilish, topishmoqlar topish, hikoya tuzish, she’r yodlash kabi faoliyat turlari esa rasmlar asosida olib boriladi. Bu mashg‘ulot bolalarda xotira, tafakkur va diqqatni rivojlantirishga xizmat qiladi. Musiqa mashg‘ulotlarida aqliy tarbiya didaktik o‘yinlar orqali multimedia texnologiyalaridan foydalanib, musiqiy-ritmik harakatlar orqali amalga oshiriladi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida kun davomidagi ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishda yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llash farzandlarimizni aqlli, zukko, zehnli bo‘lib voyaga yetishlariga zamin yaratadi.
Nargiza Kayumova
Nizomiy nomidagi TDPU
“Maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi
katta o‘qituvchisi