Bosh sahifa | Davlat talablari amalda | Maktabgacha ta’limda multimediaviylik

Maktabgacha ta’limda multimediaviylik

Respublikamizda barkamol avlodni tarbiyalash, yosh avlodning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni har tomonlama rivojlangan shaxs etib voyaga yetkazish hozirgi kunning dolzarb masalalaridandir. Barkamol avlodni shakllantirish dastlab oila, so‘ngra mak­tabgacha ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya olayotgan katta va maktabga tayyorlov guruhlarida aynan 5–7 yoshli bolalar tarbiyalanadi. Ulardagi intellektual salohiyatni shakllantirishning boshlang‘ich davri ham xuddi shu yoshdan boshlanadi. O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 11-mod­dasida: “Maktabgacha ta’lim bola shaxsini sog‘lom va yetuk, maktabda o‘qishga tayyorlanadigan tarzda shakllantirish maqsadini ko‘z­laydi. Bu ta’lim olti-yetti yoshgacha oilada, bolalar bog‘chasida va mulk shaklidan qat’iy nazar boshqa ta’lim muassasalarida olib boriladi” deyilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Kadrlar tayyorlash milliy dasturida “Barcha bosqichdagi ta’­lim jarayonlarini kompyuterlashtirish va axborotlashtirish amalga oshiriladi” deb qayd etilgan.
Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Kons­titutsiyasi qabul qilinganining 17 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida: “Ta’lim sohasida zamonaviy axborot va kompyuter texnologiyalari, internet tizimi, raqamli va keng formatli telekommunikatsiyalarning zamonaviy usullarini o‘zlashtirish, bugungi taraqqiyot darajasini belgilab beradigan bunday ilg‘or yutuqlar nafaqat maktab, litsey, kollejlar, oliy o‘quv yurtlariga, balki har qaysi oila hayotiga keng kirib borishi uchun zamin tug‘dirishning ahamiyatini chuqur anglab oli­shimiz lozim”, – deya ta’kidlagan edilar. Bu fikrlar MTM tarbiyalanuvchilarida kompyuter savodxonligini shakllantirish, ularni kompyuterdan elementar tarzda foydalanishga o‘r­ga­tish maktab ta’limiga tayyorlashning dolzarb masalalardan biri ekanligini ko‘rsatadi.
Zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini multimedia vositalari asosida tashkil etishga alohida ahamiyat berilyapti. Multimedia vositalariga, birinchi navbatda, elektron darsliklar, kompakt disklar, video-audio tasmalar, turli taqdimotlar kiradi.
MTMda multimedia texnologiyasidan foydalanishdagi masalalardan yana biri ta’lim-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirish metodikasini ishlab chiqish, unga mos ishlanmalar yaratish hamda amaliyotga joriy qilish zarurligidir.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida multimedia texnologiyasidan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Ularni o‘rganish, tex­nologiyalarni tatbiq etishda bolalar yoshini hisobga olish va mos holda didaktik materiallarni tanlash, ta’lim-tarbiya jarayonida bolalarga pedagogik va psi­xologik ta’sir etish usullarini o‘rganish va amaliyotga joriy etish kabi jihatlarga e’tibor qaratish lozim.
Axborot texnologiyalarining jadal rivojlani­shi natijasida multimedia texnologiyasi yaratildi va turli sohalarda qo‘llanila boshlandi. Maktabgacha ta’lim muassasalari ta’lim-tarbiya jarayonida multimedia texnologiyasidan foydalanishni amalga oshirish uchun, avvalo, multimedia to‘g‘risidagi asosiy tushunchalarga e’tibor qaratamiz.
“Multimedia” atamasining lug‘aviy ma’nosi “multum+medium” yoki inglizcha “multum+ media” kabi ikki so‘z yig‘indisidan tashkil topgan bo‘lib, “multi” – ko‘p, “media” – muhit ma’­­nosini anglatadi. Atama ilmiy va o‘quv adabiyotlarida “ko‘p vositalilik”, “multimedia muhiti”, “ko‘p qatlamli muhit”, “ma’lumot ta­shuvchi vosita” kabi talqin qilinib kelinmoqda.
Hozirgi davrda multimedia atamasi ko‘p qirrali bo‘lib, turli tushunchalarni ifodalashda qo‘llaniladi. Masalan, multimedia texnologiyasi, multimedia mahsuloti, multimediali komp­yuter, multimedia dasturi va boshqalar.
Maktabgacha ta’lim muassasalari ta’lim-tarbiya jarayoniga multimedia texnologiyasini tatbiq etish uchun maktabgacha yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan, jumladan, multimediali kompyuter texnologiyasining asoslarini ishlab chiqish zarur. Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarga mo‘ljallangan multimediali texnologiya an’anaviy texnologiyalardan quyidagilar bilan farqlanadi:
•    bolalarning psixologik jihatlari;
•    bolalarning yoshi (6–7 yosh);
•    kompyuterli mashg‘ulotning davomiyligi (15 daqiqa);
•    materialning bolalarga mosligi (multimedia shaklida);
•    materialning hajmi (30 daqiqaga mo‘ljallangan);
•    materialning murakkablik darajasi (bolalar uchun sodda materiallar tanlanadi);
•    ularning faollik darajalari.
Maktabgacha ta’lim tarbiyalanuvchisining o‘rganiladigan materialni o‘zlashtirishini qulaylashtirish va osonlashtirish maqsadida material bir-biri bilan bog‘liq qismlarga, bo‘laklarga ajratiladi, so‘ngra ta’limdan mo‘ljallangan natijaga erishish uchun amallar ketma-ket bajarilishi va loyihalashtirilgan ishlar nihoyasiga yetkazilishi ko‘zda tutiladi. Eng muhimi, ushbu texnologiyada o‘rganiladigan material multimedia asosida taqdim etiladi. “Multimediaviy hujum” natijasida bolaning o‘zlashtirish darajasi rivojlanishiga  va mash­g‘ulot samaradorligini oshirishga eri­shish mumkin. Har qanday pedagogik texnologiya o‘ziga xos ma’lum bir komponentga ega. Multimedia texnologiyasining ham ta’­limiy komponentlari mavjud:
•    nazariy va amaliy asoslar;
•    texnik va didaktik vositalar;
•    ta’lim oluvchilarning olgan bilimini baholash mezoni;
•    ta’lim manbalarini kiritish.
Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarga ta’­lim va tarbiya berishda bilish nazariyasiga asoslaniladi, jumladan, “jonli mushohada”da didaktik materiallar, harflar, rasmlar, chizmalar namoyish qilinadi. “Jonli kuzatish” bolalarning fikrlash qobiliyati rivojlanishiga olib keladi. Masalan, multimediali slaydlarda predmetlar turli ranglarda beriladi. Bolalar monitor ekranida ularni ko‘rishi bilanoq ranglar to‘g‘risida fikr yurita boshlaydi. Bola bilish nazariyasining “mavhum tafakkur” bosqichida monitor ekranida ko‘rgan materiallariga e’tibor qaratadi, mulohaza yurita boshlaydi va fikrlaydi. “Jonli kuzatish” va “mavhum ta­fak­kur”dan keyingi bosqich – “amaliyotga tatbiq etish”dan iborat. Kompyuterli ta’limni amaliyotda qo‘llash MTM tarbiyalanuvchilari tomonidan o‘rganiladigan materiallarni kompyuterda bajarish asosida amalga o­shiriladi.
Multimediali kompyuter texnologiyasi MTM­lardagi ta’lim-tarbiya jarayonida yaqindan boshlab qo‘llanilayotgani uchun hozirgi kunda uning pedagogik-psixologik jihatlari, tamoyillari va o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shahnoza HASANOVA,
TDPU “Maktabgacha ta’lim” kafedrasi
katta o‘qituvchisi.
Nasiba ASHUROVA,
TDPU “Maktabgacha ta’lim” kafedrasi o‘qituvchisi.

Check Also

Viloyatlarda tashkil etiladigan xususiy bog`chalarda elektr va gaz uchun to`lovning 50% ini davlat to`lab beradi

Вазирлар Маҳкамаси “Ўзбекистон Республикаси Мактабгача таълим вазирлиги ва унинг тизимидаги муассасаларнинг моддий-техника базасини мустаҳкамлаш ҳамда …