Bosh sahifa | Navbatdagi mashg‘ulotga | MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARDA AXLOQIY SIFATLARNI TARBIYALASH

MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARDA AXLOQIY SIFATLARNI TARBIYALASH

Maktabgacha ta’lim tizimi uzluksiz ta’limning birlamchi, eng asosiy bo‘g‘inidir. Mutaxassislarning ilmiy xulosalariga ko‘ra, inson umri davomida qabul qiladigan barcha axborot va ma’lumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda oladi. Shu bois bolalarning sog‘lom, bilimli bo‘lib voyaga yetishida maktabgacha ta’lim-tarbiya alohida ahamiyatga ega. Pedagogika fani yosh avlodning axloqiy rivojlanishida tarbiya va ta’limni muhim omil deb hisoblaydi. Shu davrda ma’lum maqsadga qaratilgan ta’lim-tarbiya ta’sirida shaxsning axloqiy sifatlari shakllana boshlaydi. 6–7 yoshda ijobiy xulq normalarining ancha barqaror shakli yuzaga keladi. Bola atrofdagilar bilan bo‘ladigan munosabatlarda egallab olgan axloq normalariga asoslangan holda ish tutadigan bo‘lib qoladi. Shuning uchun ularga ilk yoshdan boshlab axloqiy tarbiya berib borish maqsadga muofiq.
Insonparvarlik hissini tarbiyalash. Maktabgacha yoshdagi bolalarda tarbiyalanadigan axloqiy xususiyatlar, xulq-atvor qoidalari orasida insonparvarlik muhim o‘rin tutadi. Insonparvarlik hissi axloq normalari va qoidalarini o‘rgatish asosida rivojlanadi. Buning uchun bolalarni yaxshi ishlar qilishga o‘rgatib borish kerak. Insonparvarlikni tarbiyalashda bolalarning yoshini e’tiborga olish lozim. Ularga quyidagi tushunchalar ilk yoshidanoq tushuntirib boriladi: bola buni anglay olmaydi, deb hisoblash noo‘rin. Yiqilib tushgan bolani o‘rnidan turishga yordam berish, o‘simlik va hayvonlarni parvarish qilish, o‘yinchog‘ini o‘rtog‘iga berib turish, tik turgan kishiga joy berish, eng muhimi, boshqalarga ko‘rsatilgan xizmatdan xursand bo‘lishga o‘rgatish lozim.
Kamtarlik, to‘g‘rilik, halollik va quvnoqlik xususiyatlarini tarbiyalash. Bu xususiyatlar har tomonlama sog‘lom shaxsni tarbiyalashning eng muhim omillaridan biri hisoblanadi. Kamtarlik har bir kishining eng muhim va oliyjanob fazilatlaridan biridir. Bu, asosan, maktab yoshidan tarbiyalanadi. Ammo maktabgacha yoshidan boshlab bolalarga kamtarlik hissini singdirish, manmanlik, takabburlik va maqtanchoqlikni yo‘qotib borish zarur.
Maktabgacha yoshdagi bolalar o‘zini boshqa bolalardan ustun qo‘yishga urinadi. Ba’zan ota-onalarining kasbi bilan ham maqtanishni xush ko‘radi. Bunday holatda bolalarning ota-onalari bilan tegishli ishlar olib borish, har bir kasbning zarur va muhimligi to‘g‘risida aniq misollar bilan tushuntirish zarur. Bolalar ayrim ishlarning uddasidan chiqib, boshqalarni kamsitsa, tarbiyachi bolaga biror narsani bilmagan o‘rtog‘iga o‘rgatish kerakligini, o‘z-o‘zini maqtash yarashmasligini anglatishi darkor. Sofdillik va rostgo‘ylikni tarbiyalash, yolg‘onchilik va vijdonsizlik paydo bo‘lishining oldini olish va unga qarshi kurash bilan uzviy bog‘liqdir.
Vatanga muhabbatni tarbiyalash. Vatanga muhabbat – eng chuqur ijtimoiy hislardan biridir. Vatanga muhabbat hissi maktabgacha yoshdagi bolalarda kattalar tomonidan ularning ruhiy taraqqiyoti va tafakkurining aniq hamda obrazliligini e’tiborga olgan holda ma’lum izchillik bilan shakllantirib boriladi. Shuning uchun bu ularga yaqin va tanish bo‘lgan aniq faktlar, yorqin misollar orqali tushuntirib boriladi.
Baynalmilal tarbiya. Maktabgacha yoshdagi bolalarda baynalmilalchilik – xalqlar do‘stligi hislarini tarbiyalab borish muhim. Buning asosida ularda boshqa millat va xalqlarga ijobiy munosabat, turli xalqlar hayotiga qiziqish hissini paydo qilish maqsadi yotadi. Maxsus mashg‘ulotlarda ularning urf-odatlari, madaniyati, san’ati, tabiati to‘g‘risidagi adabiyotlarni o‘qib berish, suhbat o‘tkazish, rasmlar ko‘rsatish, mavzu yo‘nalishida filmlar namoyish etish, millat bolalari hayoti to‘g‘risida hikoyalar o‘qib berish foydali bo‘ladi.

Bolalar jamoasining shakllanishiga yordam beruvchi shart-sharoitlar:
– MTM xodimlarining ahil jamoasi mavjud bo‘lishi;
– bolalar hayotini to‘g‘ri tashkil etish;
– o‘yinchoqlarning bolalar yoshi va qiziqishiga mos kelishi;
– bolalarda o‘zaro ahillik, g‘amxo‘rlik, jamoatchilik, insoniylikni tarbiyalashga yordam beruvchi mashg‘ulotlar;
– qiziqarli faoliyat turlarini tashkil etib borish;
– oila bilan mustahkam aloqa o‘rnatish;
– bolalar muassasalarida ijobiy xayrxohlik muhitini yaratish.
Bolalar jamoasini shakllantirishda an’analar muhim ahamiyat kasb etadi. Jamoa an’analari shartli ravishda ikkiga bo‘linadi:
a) kundalik faoliyat an’analari (mashg‘ulot, sayr, mehnat va o‘yinlar);
b) bayram an’analari (turli voqea-hodisalar bilan bog‘liq sanalar –“Navro‘z”, “Mustaqillik” bayramlari va boshqalari).
An’anaviy bayramlar MTMlarda turlicha o‘tkaziladi. Bolalar an’analar mohiyatini anglasa, uning ta’siri ko‘proq bo‘ladi. Bularning barchasi jamoa mustahkamligi, a’zolari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni qaror toptirishda yetakchi vazifani o‘taydi.

Nargiza QAYUMOVA, Nizomiy nomidagi TDPU “Maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi v.b. dotsent,
Aziza ARTIKBAYEVA, “Maktabgacha ta’lim” yo‘nalishi talabasi

Check Also

O`jar sichqoncha

Mashg‘ulotning maqsadi: bolalarga hayvonlar tovushiga taqlid qilishni o’rgatish va ularning nima bilan oziqlanishi haqida ma’lumot …