Bosh sahifa | Aql qayrog‘i | Mantiqiy fikrlashni o`rganishda shartli belgilar

Mantiqiy fikrlashni o`rganishda shartli belgilar

5–6 yoshli bolalar jismonan tetik, ko‘p savol beradi, boshqalarga o‘z fikrini yetkaza oladi. Unda so‘z boyligi yetarli, muloqotga kirishuvchanlik sifatlari shakllangan bo‘ladi.
Mazkur jihatlar ramziy ma’noni bildiruvchi rasmlarga qarab fikr yuritishga yordam beradi. Mazmunan tarbiyalovchi rasmlarni guruh xonasida ko‘rinarli joyga ilib qo‘yilsa, bolalarda muayyan odob-axloq ko‘nikmalari rivojlanadi. Masalan, daraxt shoxini sindirayotgan, qushlarga tosh otayotgan, gul bargini uzib tashlayotgan, anhorga chiqindi tashlayotgan, gugurt chaqib o‘ynayotgan bola, yuvinish xonasida bekorga jo‘mrakdan suv oqib turishi tasvirlangan rasmlar ustidan taqiqlovchi ma’noni bildiruvchi qizil rangdagi ikkita chiziq krest holatida tortiladi.

Har kuni bolalarning ko‘zi ushbu rasmlarga tushishi, tarbiyachining uqtirishi bilan unda ko‘rsatilgan ishlarni qilish mumkin emasligini tushunib oladi. Shu tarzda ekologik tarbiya amalga oshiriladi hamda bolalarning fikrlash qobiliyati rivojlanadi. Mashg‘ulotlar paytida ham fikrlashga undovchi ramziy ma’noni anglatadigan rasmli kartochkalardan foydalanish katta samara beradi. Atrof-muhit bilan tanishtirish mashg‘ulotlarida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish uchun shartli belgilar tasvirlangan kartochkalardan foydalanib, amaliy mashqlar bajarish jarayonida bolalar mantiqiy fikrlashga o‘rganadi. Quyida katta guruhlar uchun matematika, tabiat bilan tanishtirish mashg‘ulotlarida shartli belgilar ifodalangan kartochkalardan foydalanish bo‘yicha namuna keltiriladi.
Mashg’ulotning maqsadi: bolalarning geometrik shakllar haqidagi tushunchalarini mustahkamlash, nomlarini to‘g‘ri aytish, bir-birini farqlash ko‘nikmasini hosil qilishi; raqamni sanoq bilan muvofiqlashtirishga o‘rgatish; sabzi va olmaning o‘ziga xos xususiyatlarini anglab yetishga, ularni shartli belgilar orqali ifodalashga o‘rgatish; bolalarning mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish.
Kutiladigan natija: bolalar geometrik shakllarni bir-biridan farqlaydi, raqamni sanoq bilan muvofiqlashtirishga o‘rganadi, shartli belgilar bilan ishlash ko‘nikmasini hosil qiladi.
Kerakli jihozlar: geometrik shakllar yoki shunga o‘xshash buyum va o‘yinchoqlar; raqamlar yozilgan ovallar, sabzi tasvirlangan to‘g‘ri to‘rtburchak, olma rasmi tasvirlangan doira shakllari; olma va sabziga xos belgilarni ifodalovchi kartochkalar.
Mashg‘ulotning borishi:
I. Tarbiyachi uchburchak, to‘g‘ri to‘rtburchak, oval, kvadratga o‘xshash buyumlarning nomini aytadi. Masalan, “kvadrat” deganda, bir bola “ro‘molcha”, ikkinchi bola “kubik”, uchinchisi esa “dasturxon” deb davom ettiradi. “Oval” desa, bolalar “tuxum”, “bodring”, “baqlajon”, “kartoshka”, “quyonning gavdasi” deb aytadilar. Tarbiyachi bolalar javobi bilan bog‘liq rasm, o‘yinchoqlarni doskaga ilib boradi va javoblar tahlil qilinadi. Doira shakli bilan ham xuddi shunday mashqlar bajartiriladi.
II. Tarbiyachi axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, geometrik shakllar bilan bog‘liq multimediani namoyish qiladi. Shakllarning bir-biridan farq qiluvchi va o‘xshash jihatlari tushuntiriladi.
III. Bolajonlar “Shakllar mamlakati”ga sayohatga chiqadi. Sayohatga avtobusda borish, uning uchun chipta sotib olishni bolalarga tushuntiradi. Likopchadagi chiptalardan olishni taklif qiladi.

Stullardan avtobus hosil qilinadi. Ularga xuddi chiptalardagi kabi raqamlar yozilgan. Sabzi, olma rasmi tushirilgan geometrik shakllar yopishtirilgan bo’ladi. Bolalar qo‘lidagi chiptasiga qarab stulni topib o‘tirishadi. Ular tarbiyachining “o‘ngga”, “chapga”, “to‘g‘riga” kabi undoviga boshini burish harakatlarini bajaradilar. “Ovallar” bekatiga kelganda, chiptasi oval shaklidagi bolalar avtobusdan tushadilar va olma daraxtidagi olmalardan chiptasi ichida qaysi raqam yozilgan bo‘lsa, shuncha olma terib olishadi. Avtobus yo‘lida davom etadi. Keyingi bekatda to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi chipta olganlar tushadi. Guruh a’zolari birgalikda chiptasida sabzi rasmi tasvirlangani uchun unga xos xususiyatlarni ifodalovchi kartochkalarni topib, bir qatorga terib chiqishadi. Masalan:
• sabzi sariq;
• qizil rangda bo‘ladi;
• yashil rangda bo‘lmaydi;
• sabzi uchburchak;
• oval shakliga o‘xshaydi;
• sabzi doira shakliga o‘xshamaydi;
• sabzi mazali;
• nordon bo‘lmaydi;
• sabzi achchiq bo‘lmaydi;
• sabzi polizda o‘sadi;
• sabzi daraxtda o‘smaydi kabi ma’noni ifodalovchi kartochkalar.

Uchinchi bekatda chiptasi doira shaklidagi bolalar avtobusdan tushadi. Doira shaklidagi chiptaning ichida olma rasmi bo‘lgani uchun guruh a’zolari birgalashib, unga xos xususiyatlarni ifodalovchi kartochkalarni bir qatorga terib chiqadi:
• olma sariq;
• qizil;
• yashil rangda bo‘ladi;
• olma binafsharangda bo‘lmaydi;
• olma doira, oval shakliga o‘xshaydi;
• kvadrat shakliga o‘xshamaydi;
• olma mazali, nordon bo‘ladi;
• olma achchiq bo‘lmaydi;
• polizda o‘smaydi;
• olma daraxtda o‘sadi kabi ma’noni ifodalovchi kartochkalar.

Har qaysi guruhdan bitta sardor o‘z bekatida turishadi va qolgan guruh a’zolariga bajargan ishini gapirib beradi. Uchala guruh a’zolari navbati bilan boshqa guruhning ishi bilan tanishib chiqadilar. Tarbiyachi bolalarga yordam beradi, ularning ishini nazorat qiladi, ishtirokiga qarab rag‘batlantiradi. Mashg‘ulot oxirida bolalarning rag‘bat kartochkalari sanaladi va o‘rni aniqlanadi.

Maryam AXMEDOVA,
Xorazm
VXTXQTUMOI katta o‘qituvchisi

Check Also

Bolaga ikki til o`rgatish

Bola ikki tilni o’rgana olishi uchun unga sharoit yaratib bermoq lozim. Bu sharoit ikki tilning …