Bosh sahifa | Yangi pedtexnologiyalar | Mashg‘ulotda ertaklardan foydalanish usullari

Mashg‘ulotda ertaklardan foydalanish usullari

Jamiyat taraqqiy etib borar ekan, insonlar va ularning faoliyati ham takomillashib boradi. Farzand dunyoga kelar ekan, ota-ona uni oq yuvib oq taraydi, shuning barobarida uning barkamol inson bo‘lishi uchun zahmat chekadi. Farzandga eng sara kiyimlar va eng tansiq taomlarni berish bilangina uni bekam-u ko‘st tarbiyalab bo‘lmaydi. Uning jismoniy kamoloti bilan birga, aqliy salohiyatini ham yuksaltirish lozim. Biz quyida berayotgan trening mashg‘uloti maktabgacha ta’­lim muassasasi psixologlari va tarbiyachilari, shuningdek boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari va ota-onalar uchun mo‘ljallangan.
Ertakterapiya mashg‘ulotini o‘tkazish:
Guruhda bolalar soni – 4-6 ta;
Bolalar yoshi – 5-7;
O‘tkazilish vaqti – 30 min.
Maqsad: bolalarda nutqni rivojlantirish hamda ertakterapiya yordamida ijobiy fazilatlarni shakllantirish.
Kerakli jihozlar. Stol, stullar, doska, rangli rasmlar, o‘yinchoq hayvonlar, ranglar va bosh­qalar.
Bolalar va  tarbiyachi stolda yoki stulda aylana shaklda o‘tirishadi. Tarbiyachi ular bilan tanishib oladi. Ularning ismi, yoshi va qiziqishlari haqida bahs yuritadi. So‘ngra ertak aytish boshlanadi.
Bahor kelib kunlar isiy boshlabdi. Ona qurbaqalar jajji qurbaqachalarni dunyoga keltiribdi. Bir qurbaqacha hali kichikligidayoq onasi vafot etibdi. U juda yolg‘iz qolibdi. Kichkina bo‘lgani uchun sakrashni bilmas ekan. Sakrashga harakat qilar, ammo eplolmas ekan.
Bir kuni qurbaqachamizning oldidan sigir chiqib qolibdi. Qurbaqa sigirdan unga sakrashni o‘rgatishini iltimos qilibdi.
– Sen sakrashni o‘rganishing shart emas, – debdi sigir. Yaxshisi menga o‘xshab “mo‘-mo‘”lashni o‘rgan. – “Qurmo‘-qurmo‘”, – debdi qurbaqa. Ammo bu unga yoqmabdi.
Qurbaqa yo‘lda davom etibdi. U endi yanada tashvishlanar, atrofga boqib xo‘rsinib qo‘yar ekan. Bir kuni otxona oldidagi ko‘lmakda quyosh­ga toblanib o‘tirgan ekan, shu atrofdan o‘tayotgan itni ko‘rib qolibdi.
– Assalomu alaykum kuchukvoy, sizdan iltimos menga sakrashni o‘rgating.
– Sakrash o‘zi nima, yaxshisi menga o‘xshab “vov-vov”lab yuraver, – debdi it.
Qurbaqacha “qurvov-qurvov” debdi-yu bu ham unga yoqmabdi.
Kunlar ketidan kunlar o‘tibdi. Yoz ham boshlanib qolay debdi. Dalalarda dehqonlarning ishi yanada ko‘payibdi. Endi qurbaqa katta bo‘lib qolibdi. Shunday kunlarning birida osmonga to‘lin oy chiqibdi. Qurbaqa endi rosa sevinibdi. Qurbaqa oymomodan ham unga sakrashni o‘rgatishni iltimos qilibdi. Shunda oymomo “agar sen chindan harakat qilsang, albatta sakray olasan”,
– debdi. Qurbaqa uncha baland bo‘lmagan tepalikka chiqib, ertalabgacha rosa harakat qilibdi. Bir sakrabdi sakray olmabdi, ikki sakrabdi sakray olmabdi, uchinchi marta sakrabdi va nihoyat  sakray olibdi. Shunda u rosa quvonibdi.
Qissadan hissa shundaki, agar kimki chin dildan harakat qilsa, albatta har qanday ishni amalga oshiradi.
Tarbiyachi ertakni aytish mobaynida rollarga kirib, hayvonlarning rasmlari va o‘yinchoqlarini ko‘rsatib ularga ta’rif berib, ranglar orqali boyitadi.
Endi birinchi bola ertakni aytib beradi. Uning kamchiliklari tarbiyachi tomonidan to‘ldiriladi. Dastlab ertakni nutqi ravon, diqqati va xotirasi barqaror bo‘lgan bolalar aytsa, nutqi faol bo‘lmagan bolalarning ertakni takroran aytishi qiyin­chiliksiz kechadi. Birin-ketin hamma bolalar ertakni aytib berishadi.  Bu trening 10 ta mash­g‘ulotdan iborat. Har bir trening boshqasiga qaraganda murakkablashtirib boriladi, turli rolli va didaktik o‘yinlar, she’r va qo‘shiqlar bilan boyitiladi. Trening so‘ngida bolalar rangli jetonlar orqali baholanadi.

Gulyora O‘SAROVA,
Qarshi davlat Universiteti Psixologiya ta’lim yo‘nalishi III bosqich talabasi.

Check Also

Bolalarga qum bilan chizish san’atini o‘rgatish

Maktabgacha bo‘lgan davr – bolaning uni o‘rab turgan olam bilan tanishish va bilish davri hisoblanadi. …