Bosh sahifa | Aql qayrog‘i | Mashg’ulotlarda rang va raqam uyg’unligi

Mashg’ulotlarda rang va raqam uyg’unligi

Ta’limiy maqsad: 1 dan 10 gacha sanash, sanoq va tartib raqam to‘g‘risidagi tushunchani o‘stirish; misol yechish va uni yozma tarzda ifodalash; ranglar haqidagi tasavvurni mustahkamlash, geometrik shakllarni va ular asosida topshiriqlarni bajarish hamda farqlash ko‘nikmalarini rivojlantirish.

Tarbiyaviy maqsad: kichkintoylarda tevarak-atrofdagi narsalarga nisbatan ehtiyotkorlik munosabatlarini shakllantirish.

Korreksion maqsad: mantiqiy tafakkurni rivojlantirish, nutqiy ta’sirni ko‘ruv-eshituv usulida qabul qilish, javobni og‘zaki-daktil tarzda ifodalash ko‘nikmalarini boyitish.

Lug‘at: qanday rang? – qizil, sariq, yashil, ko‘k; qanday shakl? – uchburchak, to‘g‘ri to‘rtburchak, oval, doira, kvadrat; avtobus, to‘g‘ri qo‘yib chiq, noto‘g‘ri, sayohatga chiqamiz.

Reja:

1. Tashkiliy qism.
“Ismini ayt” o‘yin-mashqi
2. a) “Sovg‘a” o‘yin-mashqi
b) “Sonlar avtobusi”
3. a) “Rangli gulzor” didaktik o‘yini
b) mashq orqali misol yechish
4. “Geometrik ko‘prik” o‘yini
5. Mashg‘ulot yakuni

O‘yinning borishi:
Tashkiliy qism. Bolalar bilan salomlashish. Mashg‘ulotni e’lon qilish.
“Ismini ayt” o‘yinida bolalarni guruhdagi boshqa bolalarning ismini og‘zaki ifodalash hamda labdan o‘qish texnikasida mashq qildirish.

– Ilhom kim?
– Men Ilhom. Bola o‘z ismini farqlagach, u o‘rtaga chiqib boshqa bolaning ismini aytib chaqiradi.
– Shohruz.
– Men Shohruz. Shu tarzda davom etadi.

“Sovg‘a” o‘yini. Surdopedagog bolalarga sovg‘a hozirlaganini aytadi. Bunda har bir bola alohida konvertni olib ochadi va uning ichidagi raqamni o‘qib eshittiradi.

– Yasmina, konvertni och. Sonni nomla.
– 7
– To‘g‘ri. Sevinch senda-chi?
– 5

“Sonlar avtobusi”. Surdopedagog bolalarga sayohatga borishni taklif etadi va buning uchun avtobusning shayligini tekshirib ko‘ring deydi. Raqamlar ketma-ketligi buzilgan “avtobus”ning raqamlarini to‘g‘rilab, yo‘lga hozirlashni kichkintoylarga aytadi.
– Raqamlar to‘g‘ri qo‘yilganmi? To‘g‘rilang!
Bolalar sonlarni to‘g‘ri ketma-ketlikda qo‘yib chiqqach, “avtobus yo‘lga shay bo‘ladi”. Har bir bola o‘z qo‘lidagi raqamga mos o‘rindiqni topib o‘tiradi va avtobus “yo‘lga tushadi”.

“Rangli gulzor” didaktik o‘yini. Gulzorga yetib kelgan bolalar undagi rangli gullarni ko‘radilar. Har bir bolaga alohida rangdagi gulni topib, yoniga turib olish taklif etiladi.
– Gulni uzish mumkin emas. O‘z rangingizdagi gulni topib, uning oldiga turib oling. Bolalar o‘z ranglaridagi gul oldiga turib olishadi va uni qanday rangligini aytadilar.
Mashq orqali misol yechish. Bola surdopedagog taklif etgan patnisdagi gullardan oladi va ularning nechtaligini aniqlaydi, ikkinchi bola ham shunday qiladi. So‘ngra ular doskada o‘z gullaridan misol hosil qiladilar va uning javobini raqam bilan ifodalaydilar.

“Geometrik ko‘prik”. Sayr so‘ngida uyga qaytayotgan bolalar oldidan ariqcha chiqadi. Ariqchadan o‘tishning bitta yo‘li bor: o‘z shakliga mos ko‘prik topish va o‘sha ko‘prikdan o‘tishi lozim.

– Asadbek, o‘qi, sen qanday ko‘prikdan o‘tasan?
– Uchburchakli ko‘prikdan.
– To‘g‘ri, qani u?
– Mana bu yerda
– Qani, o‘tchi…

Shu tarzda bolalar o‘z ko‘priklaridan o‘tadilar.

Mashg‘ulot yakuni.

Tarbiyachi: Sayohatimiz ham tugadi. U yerda sizlar ko‘p narsani ko‘rdingiz, o‘rgandingiz. Ana endi avtobusga o‘tirib bog‘chamizga qaytsak ham bo‘ladi.
Bolalar avtobusga o‘tirib, yo‘lga tushadilar.

Feruza HUSANOVA,
surdopedagog.

Check Also

Bolaga ikki til o`rgatish

Bola ikki tilni o’rgana olishi uchun unga sharoit yaratib bermoq lozim. Bu sharoit ikki tilning …