Bosh sahifa | Aql qayrog‘i | MATEMATIKA BILAN TANISHAMIZ

MATEMATIKA BILAN TANISHAMIZ

Maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama rivojlantirish va maktabga tayyorlash jarayoni, belgilangan maqsad va vazifalarning bajarilishi, ularning ta’lim-tarbiyasiga qo‘yiladigan davlat talablari, maktabgacha ta’lim mazmunining asosiy yo‘nalishlari maktabga tayyorlik darajasiga qo‘yiladigan talablarda belgilab berilgan.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni yangi geometrik shakl va jismlar bilan tanishtirish bo‘yicha mashg‘ulotlar umumiy holatda quyidagicha amalga oshiriladi:
1. Shakllarni ko‘rish, tekshirish (tegib-ushlab ko‘rish va ko‘rish usullari bilan).
2.Geometrik shakllar xususiyat va belgilari haqidagi bilimlarni mustahkamlash bo‘yicha turli mashqlarni tashkil etish.
3. Shakl (jism)ni predmetlar tuzilishi bilan (va aksincha) taqqoslash.
4. Geometrik shakl (jism)lar nomini to‘g‘ri aytishni mashq qilish.
Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisining yangi bilimlarni sifatli o‘zlashtirishga erishishi maxsus usulda tashkil etilgan shaxsiy faoliyati jarayonida sodir bo‘ladi. Bu maktabgacha ta’lim muassasasida o‘yinlar orqali amalga oshiriladi: bolalar o‘yin va o‘yinli mashqlar, u yoki bu matematik masalani yechganida ko‘rgazmali qo‘llanmalardan foydalanadi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni oval shakli bilan tanishtirish bo‘yicha katta guruhdagi mashg‘ulotlar konspektini misol tariqasida keltiramiz.
“Chiziq”
Mashg‘ulotning maqsadi: chiziq va uning turlari bilan tanishtirish, chiziqni boshqa geometrik shakllardan ajratishga o‘rgatish; tasavvur va ijodni rivojlantirish; o‘zaro yordam va hamkorlikni tarbiyalash; bolalar so‘z boyligiga “chiziq”, “qiya”, “gorizontal”, “vertikal”, “yopiq”, “ochiq” tushunchalarini kiritish, “chiziq” so‘zini sonlar bilan to‘g‘ri solishtirishga o‘rgatish.

Kerakli jihozlar: namoyish etish uchun turli xildagi chiziqlar tasvirlari, to‘g‘ri, qiyshiq, siniq chiziq, vertikal, gorizontal, qiya chiziqlar, yopiq va ochiq chiziqlar.

Turli chiziqlar, kundalik hayotimizdagi bir necha predmetlar tasvirlangan kartochkalar, oxiriga yetkazilmagan syujet (mazmun)li kartochkalar.
Mashg‘ulotning borishi: ilgari o‘rganilganlarni takrorlash.
Tarbiyachi: − Bolalar, avvalgi mashg‘ulotda yangi geometrik shakl-nuqta bilan tanishgan edik. Keling, rasmda ko‘rsatilganidek kataklarda nuqtalar chizaylik.
− Endi yangi shakl bilan tanishamiz (to‘g‘ri chiziq tasviri namoyish etiladi) Bu turli ko‘rinishdagi chiziqlar, bu ham chiziq. Chiziqning na boshlanishi va na oxiri bor. Uni chapga ham o‘ngga ham chizish mumkin. Ular uzun yoki juda qisqa bo‘ladi. Lekin shuni bilingki, chiziq juda ingichka, ular uchli qalam yoki ruchka bilan chiziladi.

Tarbiyachi: − Chiziqlar turlicha bo‘ladi. Agarda chiziqlar to‘g‘ri bo‘lsa ular tekis, chizg‘ich bilan chizgandek ko‘rinishga ega. (to‘g‘ri chiziqlar namoyish etiladi)

Tarbiyachi: − Yana qiyshiq chiziqlar ham bor, ular egilgan deb ataladi: to‘lqin va ilmoq kabi. Bu chiziqlarni chizg‘ichsiz chizish ham mumkin.

Tarbiyachi: − Siniq chiziqlar ham mavjud, ya’ni go‘yo qisilib qolgan: bu chiziqlarni chizg‘ich bilan yoki usiz ham chizish mumkin.

− Agarda to‘g‘ri chiziqlarni yuqoridan pastga yoki pastdan yuqoriga tik chizilsa, ular vertikal deb ataladi. Gorizontallari o‘ngdan chapga yoki chapdan o‘ngga chiziladi.

1-topshiriq. Nuqtalarni birlashtiring va chiziq hosil qiling.
Bolalarga turli xil rasmlar ko‘rsatiladi, ularda nuqtalarni birlashtirish va chiziq chizish taklif etiladi. Ishlar yakunlangach, har bir bola nima ish bajarganini gapirib beradi.
Tayanch savollar: rasmda nima tasvirlangan? O‘zingiz nimaning rasmini chizdingiz? Qanday chiziqlarni chizdingiz? (to‘g‘ri, egri, bukilgan). Nima uchun siz ularni shunday chiziq deb o‘ylaysiz?
2-topshiriq. Chiziqlarni oxiriga yetkazing (shakllarni shtrixlab chiqing).
Bolalarning har biriga bir necha geometrik shakllar tasvirlangan kartochkalar tarqatiladi, ularni namunada ko‘rsatilganidek kerakli yo‘nalishda shtrixlab chiqish kerak (9-rasm).

Topshiriqlarni bajargan bolalar quyidagi savollarga javob beradi: 1.Sizning kartochkangizda qanday shakllar chizilgan? 2. Ular qancha? 3. Shakllarni qanday chiziqlar bilar shtrixlab chiqdingiz? 4. Pastdan tepaga yoki yuqoridan pastga yo‘nalishda bo‘lgan chiziqlar qanday ataladi? 5. Chapdan o‘ngga yoki o‘ngdan chapga yo‘nalgan chiziqlar qanday nomlanadi? 6. Qiya yo‘nalishda bo‘lgan chiziqlar-chi?
3-topshiriq. Chiziqlarni yurg‘izib chiqing.
Yopiq chiziqlarni ko‘k qalam bilan, yopiq bo‘lmagan chiziqlarni esa qizil qalam bilan belgilab chiqish taklif etiladi (10- rasm).

1. Sening rasmingda nima tasvirlangan? 2. Chiziqlar qancha edi? 3. Sen qanday chiziqlarni ko‘ryapsan? 4. Yopiq chiziqlarni qanday rang bilan yurg‘izib chiqding? 5. Ochiqlarini qaysi rang bilan? 6. Qaysi biri ko‘p (kam): yopiq yoki ochiq chiziqlarmi?
Jismoniy tarbiya daqiqasi
Bolalarga bir necha predmetlar tasvirlangan qog‘oz varaqlari tarqatiladi. Ular bu rasmlarni diqqat bilan ko‘rib chiqadi, shundan keyin har bir predmet qaysi chiziqqa o‘xshashligini aytib berish so‘raladi. Agar predmetda bir necha turdagi chiziqlar mavjud bo‘lsa, hammasini ta’riflashi talab qilinadi (11-rasm).

Tayanch savollar: 1. Kartochkada qanday predmetlar tasvirlangan? 2. To‘g‘ri (qiyshiq, egilgan, siniq) chiziqqa o‘xshash predmetni aytib bering. 3. Nima uchun predmet ushbu chiziqqa o‘xshaydi, deb o‘ylaysiz? 4. Predmetlarda yana qanday chiziqlarni ko‘ryapsiz?
“Rasmni yakunla”
O‘yin uchun har bir bolada bittadan yakunlanmagan rasm: oddiy va rangli qalamlar bo‘lishi kerak.

O‘yinning borishi: bolalar o‘zidagi rasmlarni diqqat bilan kuzatadi. Qanday predmet chizilganini oxirigacha yetkazadi. Shuning uchun ham nafaqat matematika, balki rasm chizish mashg‘ulotlari, mehnat faoliyati jarayonida ham atamalardan to‘g‘ri foydalanish muhimdir.
Chiziq, nuqtalarni geometrik shakl sifatida yorqin ifodalash maqsadida Bajenovaning “Nuqta”, “Kesim”, “Arqoncha haqida ertak” she’rlari o‘qiladi (4-ilovaga qarang). Ertak o‘qilgandan keyin quyidagi savollar beriladi: “Siz to‘g‘ri chiziq haqida nimalarni bilib oldingiz?”, ”Nima to‘g‘ri chiziqqa o‘xshaydi?”, “To‘g‘ri va qiyshiq chiziqlar nima bilan farq qiladi?”.
Ertakni o‘qishdan oldin bir nechta ingichka arqonchalarni tayyorlab, ulardan qiyshiq va egilgan chiziqlar yasaladi. To‘g‘ri chiziqni tezlikda qiyshiq chiziqqa aylantirish bolalar shaklning o‘ziga xos xususiyatlarini aniq tasavvur etishiga yordam beradi.

Gauhar DJANPEISOVA, Nizomiy nomidagi TDPU “Maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi dotsenti

Check Also

Bolaga ikki til o`rgatish

Bola ikki tilni o’rgana olishi uchun unga sharoit yaratib bermoq lozim. Bu sharoit ikki tilning …