Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | Maxsus Mtmlarda o`yin jarayoni

Maxsus Mtmlarda o`yin jarayoni

Mamlakatimiz ta`lim tizimining bugungi kundagi eng asosiy maqsad va vazifasi bu – barkamol avlod tarbiyasidir. Yosh avlod tarbiyasida maktabgacha ta`lim bosqichida beriladigan ta`lim tarbiya hamda maktabgacha ta`lim muassasalarining o`rni kattadir. Maktabgacha ta`lim yoshidagi bolalarga beriladigan bilim, ko`nikma va malakalar asosan o`yin orqali hosil qilinadi.

O`yin-maktabgacha ta`lim yoshidagi bolaning asosiy faoliyatidir. Shunday ekan bola uchun tavsiya etiladigan har qanday o`yin ma`lum bir maqsadga qaratilgan bo`lishi lozim. Bola o`yin davomida o`zi bilmagan holda bir qancha bilim, ko`nikma va malakalarni egallab boradi. Masalan, o`yin jarayonida bir qancha matematik amallarni bajaradi, masalarlarni yechadilar, qo`shadi, ayiradi, ko`paytiradi, bo`ladi, masofani aniqlaydi, mo`ljal oladi, tomonlarni aniqlaydi, har xil jismoniy harakatlarni, mashqlarni bajaradi, yuguradi, o`tiradi, turadi, umumjismoniy mashqlarning bir necha turini bajaradi. Bundan tashqari nutqni rivojlantiruvchi va lug`atini boyituvchi mashg`ulotlarni bajaradilar. Ayniqsa o`yinning bolaning har tomonlama psixik hamda jismoniy rivojlanishida ahamiyati juda kattadir.

Maxsus yordamga muhtoj bolalar rivojlanishida ,ularning nuqsonlarini korreksiya, konpensatsiya qilishda, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirishda ham o`yinning roli katta hisoblanadi. Nuqsonli bolalarning toifasiga ko`ra o`yin tanlanib tashkil etilishi ayniqsa juda yaxshi samara beradi. Bunday o`yinlardan masalan, nutqida nuqsoni bor bolalar uchun nutq nuqsonlarini bartaraf etuvchi, ko`r va zaif ko`ruvchi bolalar uchun ko`rish hamda taktil sezgisini rivojlantiruvchi, kar va zaif eshituvchi bolalar uchun esa eshitish apparati ishini mustahkamlovchi, aqli zaif bolalar uchun xotirani mustahkamlovchi, bilish jaroyonini rivojlantiruvchi mashqlar, o`yinlar va mashg`ulotlar alohida o`yinlar tavsiya etiladi. Shunday o`yinlardan quyida bir nechtasini keltirib o`tish mumkin.

Nutq nuqsonlarini bartaraf etish uchun ko`proq t`og`ri nafas olishga o`rgatadigan, artikulaytsion aparatni ishini mustahkamlaydigan, ya`ni bolalarni nutq tovushlarini aniq va ravon talaffuz etish malakasini oshiradigan mashqlarlar tavsiya etiladi hamda shunday mashg`ulotlardan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Bundan tashqari masalan ko`rishida nuqsoni bo`lgan bolalar uchun ham alohida tanlab olingan o`yinlar, ya`ni ularning nuqsonlaridan kelib chiqib har xil o`yin hamda mashq va mashg`ulotlar tavsiya etiladi. Bunday o`yin va mashg`ulotlar qachonki bola nuqsoniga moslashtirilgandagina samarali bo`ladi. Masalan, ko`rishida nuqsoni bo`lgan bola uchun ko`rish analizatorining ishtiroki kuchli talab etiladigan o`yinlar bolaga bilim, ko`nikma va malakalarini oshirish o`rniga ularga salbiy ta`sir etishi mumkin. Ko`r va zaif ko`ruvchi bolalar uchun sezgi organlarini ishini kuchaytiruvchi hamda mustahkamlovchi o`yinlar tashkil etilganda bunday bolalar uchun samarali bilim olish vositasi bo`lishi mumkin.

Mana shunday imkoniyati cheklangan nuqsonli bolalar toifasi, ya`ni maktabgacha ta`lim yoshidagi aqli zaif, ko`rishida nuqsoni bo`lgan hamda rihiy rivojlanishdan orqada qolgan hamda nutqida nuqsoni bo`lgan bolalar uchun tavsiya etiladigan didaktik o`yinlardan namunalar keltirib o`tamiz.

“Mushugim”

O`yinni bolalar ornidan turgan holda o`ynaydilar. Bu o`yin uchun bolalar quyidagi sherni yod olishlari lozim.

Mushugim nomi baroq,

Oyoqlari yum-yumshoq.

Kravotda yotadi,

Rosa xurrak otadi.

Miyov-miyov,

Xur-xur,

Miyov-miyov,

Xur-xur.

Bu o`yinni bolalar turli xil badantarbiya harakatlarni bajarishlari bilan olib boriladi.

O`yinning borishi:

Mushugim nomi baroq; (bolalar chapak chaladilar),

Oyoqlari yum-yumshoq; (bolalar oyoqlarini tapillatadilar),

Kravotda yotadi; (bolalar ikki qo`llarini birlashtirib quloqlarining yoniga qo`yib ko`zlarini yumadilar),

Rosa xurrak otadi; (bolalar og`izlarini ochib chuqur nafas oladilar, o`ng qo`llarinini og`iz oldida harakatlantiradilar),

Miyov-miyov; (bolalar o`ng qo`llarini yuzining o`ng tomoniga qo`yib o`ng tomonga qaraydilar),

Xur-xur; (bolalar chap qo`llarini yuzining chap tomoniga qo`yib chap tomonga qaraydilar).

Bu o`yin bolalarni harakatlarni t`og`ri bajarishga, nutq tovushlarini aniq va ravon talaffuz etishga, o`ng va chap tomonlarini ajrata olishga o`rgatadi. Bundan tashqari bu o`yin bolalarni nafas organlarining yaxshi ishlashini, xor bo`lib ijro etish malakasini, mimika muskullarini, qon aylanish sistemasi ishini rivojlantiradi hamda shakllanishini ta`minlaydi.

“Olma uz”

Bolalar davraga turishadi. Tarbiyachi ularga avvaldan quyidagi to`rtlikni o`rgatishi lozim:

Olmani uz –uz –uz

Olmani sol –sol –sol

Olmani art –art –art

Olmani ye –ye –ye

Bu o`yinda bolalar ana shu to`rtlik so`zlarini 4 xil balandlikdagi ovozda aytishlari kerak (avval baland, keyin sal pastroq, so`ng yana pastroq va oxirida shivirlab).

Bu o`yin orqali bolalarda so`zlashish ohangi hamda intonatsiyaga rioya qilib so`zlashish malakasini hosil qilish mumkin.

“ Rasmli topishmoq “

Bu o`yinda bolalarni ikki jamoaga ajratamiz va ular stol atrofida aylana bo`lib o`tirishadi. Stol ustida esa turli xil hayvonlar, mevalar, o`simliklar va boshqa narsa- predmetlarning rasmlari qo`yiladi (har bir jamoa stoliga alohida rasmlar).

O`yinning borishi:

Tarbiyachi oldindan tayyorlangan, javoblarining rasmi stol ustiga qo`yilgan topishmoqlarni o`qiydi. Bolalar jamoasi esa chaqqonlik bilan topishmoqning javobi aks etgan rasmni ko`rsatadilar.

Ushbu o`yin uchun quyidagi topishmoqlardan foydalanish mumkin:

Keng fazoni quchadi,

Oylab, yillab uchadi. ( raketa)

Qog`ozni qoralaydi,

Harflarni saralaydi. (ruchka)

Bir saf uning tishlari,

Kesish, bo`lish ishlari. (arra)

Novdalarning qulog`i,

Kislorodning bulog`i. (yaproq)

Jilg`a desam oqmaydi,

Ilon desam chaqmaydi. (arqon)

Pishmagani maza,

Pishgani bemaza. (bodring)

Otga o`xshaydi tani,

Ola –bula badani. ( zebra)

O`zi yashil tosh,

Pishirsangiz bo`lar osh. (mosh)

O`tin yorar erta kech,

O`zi yorilmaydi hech. (bolta)

10.Shiftga osdik bitta nok,

Yop-yorug` bo`ldi har yoq (lampochka).

Yuqorida keltirib o`tilgan o`yinlarni maktabgacha ta`lim yoshidagi aqli zaif, ko`r va zaif ko`ruvchi, nutqida nuqsoni bo`lgan bor bolalar hamda ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalar ta`lim tarbiyasida qo`llanilsa maqsadga muvofiqdir. Bu o`yinlardan bolalarning ham jismonan ham ruhiy tomondan nuqsonlarini bartaraf etishda foydalaniladi.

D.M.Achilova, JDPI talabasi

Check Also

«Qizim bog`chaga chiqdi» -ota-onalar uchun amaliy qo`llanma

Одатда ота-оналар фарзандларини 2-3 ёшидан болалар боғчасига боришини маъқул билшади. Бироқ болакай ҳар доим ҳам …