Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | Mayda qo‘l motorikasi kamchiliklarni korreksiyalaydi

Mayda qo‘l motorikasi kamchiliklarni korreksiyalaydi

Maktabgacha yoshdagi eshitmaydigan bolalarning mayda qo‘l motorikasi va umumiy motorikasi rivojlanishi tengdoshlaridan orqada qolganligi kuzatildi. Kichkintoylarning umumiy motorikasida oyoqlarini keng qo‘yishi, muvozanatni qat’iy ushlab tura olmasligi, harakatlarida sustlik ko‘zga tashlandi. Tarbiya­chining asosiy vazifasi bolaning mayda qo‘l motorikasi  va umumiy motorikani rivojlantirish, yurganda muvozanatni saqlashga yordam beradigan qat’iylikni shakllantirish, tomonlarga tebranishni kamaytirish uchun oyoqlarni o‘rta chiziqqa yaqin qo‘yish malakalarini o‘rgatishdan iborat. Bu yoshdagi kar bolalarning mayda qo‘l motorikasida bir harakatning ikkinchisiga o‘tishida qiyinchiliklar aniqlandi.
Eshitmaydigan bolalarning mayda qo‘l motorikasi  va umumiy motorikasi ular harakatidagi ma’lum kamchiliklarni korreksiyalash imkonini beradi. Bir qarashda oson tuyulgan mashqlar ham qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Ayniqsa, o‘z yoshidagi eshituvchi tengdoshlaridan jismoniy rivojlanishi va harakat ko‘nikmalari shakllanishi orqada qolayotgan kar va zaif eshituvchi bolalar katta qiyinchilikni bosh­dan kechiradilar. Eshitishida nuqsoni mavjud bolalarga mayda qo‘l motorikasi  va umumiy motorikani rivojlantirish mashqini o‘rgatish maxsus vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu mashq predmetlar orasida yurishda mo‘ljal olishga yordam beradi. Bularning hammasi tarbiya­chidan doimiy e’tiborni talab qiladi. Bolalar jufti yoki guruh bilan tarbiyachi ketidan mo‘ljal bo‘yicha harakatlanishni va mustaqil harakatlanishni o‘r­ganishlari kerak. Quyida  maktabgacha yoshdagi eshitmaydigan bolalarning mayda qo‘l motorikasini rivojlantirishga qaratilgan o‘yinlardan namunalar keltiramiz.

Echki

Uchli – echkining shoxi,
Suzmoqchi bo‘lar gohi.
Kaftning ichki tomoni pastga qaratilib, ko‘rsatkich barmoq va jimjiloq oldinga uzatiladi. O‘rta va nomsiz barmoq ichkariga qaytarilib, bosh barmoq bilan qamrab olinadi.

Ko‘zoynak

Buvim ko‘zoynak taqib,
Oppog‘im, der menga boqib.
O‘ng va chap qo‘lning bosh barmoqlarini bukib, ko‘rsatkich barmoqlar bilan doira shakliga keltiriladi. Ikkala qo‘lni ko‘zga olib kelib, mo‘ralab qaraladi.

Mushuk

Baroqvoyning qulog‘i ding,
Poylar sichqonboy yo‘lin.
O‘rta va nomsiz barmoqlar bosh barmoqqa tiraladi. Ko‘rsatkich va jimjiloq barmoq biroz qayrilib, yuqoriga ko‘tariladi.

Kuchuk

Kuchugim bor – uzun tumshuq,
Ola bo‘yin, ola quyruq.
O‘ng qo‘l kaftini o­chiq tutib, bosh barmoq yuqori ko‘tariladi. Ko‘r­satkich, o‘rta va nomsiz barmoqlar yopishib turadi. Jimjiloq esa, pastga, tepaga harakatlanib turadi.

Pufak

Pufagim semir,
Havoni simir.
Mayli, ko‘p shoshma,
Yorilma, toshma.
Ikkala qo‘lning barmoq uchlarini bir-biriga birlashtirib, kaftimizdan avval kichikroq, keyin katta “pufak” hosil qilamiz. Pufakdan “havo chiqib ketsa” yana kaftimizni avvalgi holatiga keltiramiz.

Kapalak

Kapalagim, kapalak,
Quchgil osmon-u falak.
Sakrayver guldan gulga,
Raqsing yoqar ko‘ngilga.
Ikkala qo‘lning bilaklari tutashtirilib, kaft­ning orqa tomoni bir-biriga yopishtiriladi. Barmoqlar to‘g‘riga uzatilgan. Bu qo‘ngan kapalak shakli. Kaftlar to‘g‘ri va tarang. Barmoqlar buklanmagan holda, qo‘lni bilaklar orqali harakatlantirib, uchayotgan kapalak harakatiga taqlid qilinadi.

Check Also

Bog`chani to`g`ri tanlang

Bog’cha bolaning hayotida muhim va yetakchi o’rinni egallaydi .Shuning uchun bolaga bog’cha tanlanayotganda tumandagi eng …