Bosh sahifa | Navbatdagi mashg‘ulotga | Meva va sabzavotlarni farqlaymiz

Meva va sabzavotlarni farqlaymiz

TARBIYACHI: — Barakalla, she’rlarni yaxshi yod olibsiz. Hozir esa “Ajoyib xaltacha” o‘yinini o‘ynaymiz. Diqqat bilan o‘yin qoidasini bilib oling. Tarbiyachi o‘yin qoidasini tushuntiradi. Qo‘lingizga ilingan narsaning meva yoki sabzavotligi, shaklini aytib, keyin bizga ko‘rsating. Mevalarni bu stolga qo‘yamiz, sabzavotlarni esa boshqa stolga. Bolalar, kelinglar, mashq bajarib ozgina dam olamiz. (Jismoniy daqiqa)
Sabzi, piyoz va kartoshkani polizdan yig‘ib oldik (1-marta bajarganda tizzalar bukilmasdan, qo‘llar pastga uzatiladi, 2-marta bajarilganda tizzalarni bukib o‘tirishadi).
Olma, o‘rik va shaftolini bog‘imizdan yi­g‘amiz (1-marta bajarishganda turgan joylarida qo‘llar tepaga uzatiladi, 2-bor bajarishganda oyoq uchida ko‘tarilishadi).

TARBIYACHI: — Bolalar, mashq sizlarga yoqdimi? Bolalar javobi. Navbatdagi o‘yinimiz: “Nimani olib qo‘ydim?” Hammangiz stol atrofiga kelinglar, bu yerda meva va sabzavotlar aralash turibdi, yaxshilab ko‘rib oling. Endi orqaga o‘girilib turamiz. Men ulardan birini olib qo‘yaman, siz qaysini olganimni topib, aytasiz. (O‘yin 3-4 marta o‘tkaziladi)
— Endi esa ko‘zingizni yumib turing, siz­larga sabzavot va meva bo‘laklarini beraman, mazasidan qaysi meva ekanligini aytasiz. Kichkintoylarga kesilgan sabzavot va meva bo‘laklari maxsus cho‘plarga ilib beriladi. Bolalar ko‘zlarini yumgan holda bu qaysi meva yoki sabzavotligini, nomini, pishganligi yoki xomligini ayti­shadi.
— Bolalar, stol atrofiga kelib o‘tiring, hozir xohlagan usulingizda sabzavot va mevalar tasvirini hosil qilishingiz mumkin, kim rasm chizmoqchi? Applikatsiya qilishni kim xohlaydi, marhamat, boshlang. Bolalarga kerakli jihozlar beriladi, ishlayotganda ularga shu meva va sabzavotlarni kim yetishtirishi, nimaga ishlatilishi, rangi, shakli to‘g‘risida savollar berib turiladi.
— Bolalar, xohlaysizmi, meva va sabzavotlar ishtirokida yana bir o‘yin o‘ynaymiz? O‘yinning nomi “Aytganimni top”. Buning uchun siz mening savollarimni diqqat bilan tinglashingiz kerak. Avval, stoldagi qizil rangli narsalarni ajratamiz (olma, pomidor, bulg‘or qalampiri). Endi ichida urug‘i borlarini ajratamiz (olma, behi, pomidor, bodring). Pishirmay yesa bo‘ladigan sabzavotlarni ajratamiz (sabzi, piyoz, sarimsoq, karam, pomidor, turp, bodring). Ichida danagi bor mevalarni ajratamiz (o‘rik, olxo‘ri, shaftoli). Pishirib yesa bo‘ladigan sabzavotlarni ajratamiz (kartoshka, sabzi, pomidor, lavlagi, turp, karam). Sharbat tayyorlash mumkin bo‘lganini ajratamiz (sabzi, olma, pomidor, o‘rik).
TARBIYACHI: — Aziz bolajonlar, mash­g‘ulotda juda yaxshi ishtirok etdingiz. Javoblarni to‘g‘ri, tartib bilan aytdingiz. Menga sizlarning ishtirokingiz yoqdi. Sizlarga bugungi o‘yinlarimizdan qaysilari yoqdi? Sabzavot va mevalar haqida bilib olganlaringizni uyda ham mustahkamlashingiz uchun sizlarga kitob­chalar beraman. Ustiga nima chizilgan bo‘lsa, davom ettirib, xohlasangiz chizing yoki applikatsiya qiling. Ularni olib kelsangiz, jihozlarimizga qo‘shib, mashg‘ulotlarimizda yana o‘ynaymiz. Uyda sizlarga ota-onangiz, aka-opalaringiz yordam berishlari mumkin. Vazifa tushunarlimi? Bolalar javobi. Yaxshi ishtirokingiz uchun yana bir bor rahmat, shuning bilan bugungi mashg‘ulotimizni yakunlaymiz.

Nargiza JO‘RAYEVA,
TSHXTXQTMOI “Maktabgacha, boshlang‘ich
va maxsus ta’lim” kafedrasi
o‘qituvchisi.

Check Also

BOLANGIZ ROST GAPIRISHDAN QO‘RQMASIN

Yolg‘on gapirish kichik yoshli bolalar uchun “muhim ijtimoiy xususiyat” hisoblanadi. Lankaster universiteti psixologi tadqiqotlar uydirma …