Aql qayrog‘i

Maktabgacha yoshdagi bolalarda matematik tasavvurlarni shakllantirish
bo‘yicha mashg‘ulotlar ishlanmasi

10-MASHG‘ULOT
Miqdor (Kattalik)
Butunni 4 ta teng qismga bo‘lish, butun va qismni taqqoslashni o‘rgatish

Maqsad: bolalarni butun va uning qismlari orasidagi munosa­batlar bilan tanishtirish.

Kerakli jihozlar: doira shakli (har bir bolaga 2 tadan). Turli meva va sabzavotlarning yarim va chorak qismlari tasvirlangan rasmlar. Turli o‘lchamdagi geometrik shakllarning yarim va chorak qismlari (turli rangda yoki bir xil rangda).

Mashg‘ulotning borishi:

TARBIYACHI: – Bolajonlar, esingizda bo‘lsa, sizlar bilan to‘g‘ri to‘rtburchak va oval shakllarini teng 2 qismga bo‘lishni o‘rgangan edik. Bugun ham butun va qism haqida gapla­shamiz, lekin endi butunni 4 ta teng qismga bo‘lishni o‘rganamiz. Hammamiz qo‘limizga katta doira shaklini olamiz va uning uchlarini teng qilib, chizig‘ini aniq qilib buklaymiz, keyin yana bir bor buklaymiz. Qismlar teng bo‘lishi uchun tekis buklash kerak. Hamma buklab bo‘ldimi? Bolalar javobi. – Endi qog‘ozlarni ochib, nechta teng qism hosil bo‘lganligini sanab chiqamiz. Qismlar nechta ekan? Bolalar javobi.

TARBIYACHI: – Endi shu 4 ta qismni qirqib olamiz. Bitta qismni butun doira shakli ustiga qo‘yib, qaysi biri kattaligini aniqlaymiz. Nima katta ekan: butunmi yoki bitta qismmi?
Bitta qism yoniga ikkinchi qismni ham qo‘yib, taqqoslab ko‘ramiz. Butun doira kattami yoki ikkita qismmi?
Ikkita qism yoniga uchinchi qismni ham qo‘yamiz va yana taqqoslab ko‘ramiz. Butun kattami yoki uchta qismmi?
Uchta qism yoniga to‘rtinchi qismni ham qo‘yamiz va taqqoslab ko‘ramiz. Birlashtirilgan qismlar butunga tengmi yoki kattami? Bolalar har bir savolga to‘g‘ri javob beradilar. – To‘g‘ri, bolajonlar, butun va 4 ta qism teng.
Bolajonlar, 4 ta qismning har birini nima deb atash mumkin? Bu qismlarni to‘rtdan bir yoki chorak deb aytishimiz mumkin. 4 dan bir deyishimizga sabab butunning mana shu 4 ta qismidan biridir. Bolajonlar, doskada 4 ta qism turibdi, ulardan birini olsam, doskada 4 dan nechta qism qoladi? Bolalar javobi. – To‘g‘ri, 4 dan 3 qism qoladi. 2 tasini olsam 4 dan
nechta qism qoladi? Bolalar javobi. – To‘g‘ri 4 dan 2 qism qoladi. Doskada qolgan 4 dan 2 qism kattami yoki mening qo‘limdagimi? Bolalar javobi. Doskadagi va qo‘limdagi qismlar teng.
Bolalar uchun amaliy ish.
Stol ustiga turli meva va sabzavotlar (olma, mandarin, tarvuz, qovun, sabzi, bodring, pomidor va boshqalar) ning rasmlari 2 ta va 4 ta qismga bo‘lib aralashtirib qo‘yiladi. Kichkintoylar qismlarni to‘g‘ri topib birlashtirishlari lozim.
Bolalar yasab bo‘lganlaridan keyin tarbiyachi ularga savollar beradi:

  1. Qanday belgisiga qarab qismlarni topdingiz?
  2. Butun kattami yoki uning 2 dan 1 qismimi?
  3. Butunning 2 dan 1 qismi deganda nimani tushunasiz?
  4. Butunning 4 dan 2 qismi kattami yoki 4 dan 1 qismimi?
  5. Butun kattami yoki uning 4 dan 1 qismimi?

Bilimlarni mustahkamlash uchun o‘yin: “Butun va qismlar”
Bolalar doira bo‘lib turadilar. Har bir bolaning qo‘liga geometrik shakllarning 2 dan bir yoki 4 dan bir qismi beriladi. Tarbiyachi “yarimta qismlarni olganlar o‘ng tomonimdagi stullarga, chorak qismni olganlar chap tomonimdagi stullarga o‘tirib qo‘lingizdagi qismlarni birlashtiring”, deydi. Kichkintoylar qo‘llaridagi qismga qarab o‘ng va chap tomondagi stullarga o‘tiradilar va qismlarni birlashtirib ko‘rib, qismlardan butun yasaydilar. Bolalar butun shakl yasab bo‘lganlaridan keyin tarbiyachi ularga savol beradi:

Nechta qismdan butun shaklni yasadingiz?

  1. Nechta qismdan butun shaklni yasadingiz?
  2. Sizning qo‘lingizda qaysi shaklning 2 dan bir qismi?
  3. Butunning 2 dan bir qismini qanday aytamiz?
  4. Sizning qo‘lingizda qaysi shaklning 4 dan bir qismi?
  5. Butunning 4 dan bir qismini qanday aytamiz?

Shundan keyin bolalar xohlagan qismlarini olib, doira shaklida qo‘llarini orqaga qilib turadilar va tarbiyachi “qismlarni qo‘llarni orqaga qilib bir-birimizga uzatamiz”, deydi. Tarbiya­chi “to‘xtadik” deyishi bilan bolalar uzatishni to‘xtatib, qo‘llaridagi qismni ko‘radilar va nimaning qaysi qismi ekanligini aytadilar hamda ko‘rsatadilar. Hamma bola aytib bo‘lganidan keyin, yana qo‘llarini orqaga qilib bo‘laklarni bir-birlariga uzatadilar. Tarbiyachining ishorasi bilan to‘xtab, qo‘llaridagi bo‘lakni ko‘radilar va nimaning qaysi qismi ekanligini aytib, ko‘rsatadilar.

Bolalar bilimini tekshirish va mustahkamlash uchun savollar:

  1. Biz bugun butunni nechta qismga bo‘lish­ni o‘rgandik?
  2. Butunni 4 ga bo‘lsak, uning bitta bo‘lagini qanday ataymiz?
  3. Yarim so‘zi butunni nechta bo‘lakka bo‘l­ganda ishlatiladi?
  4. Chorak so‘zi butunni nechta bo‘lakka bo‘l­ganda ishlatiladi?
  5. Tarbiyachi mashg‘ulot davomida va yakunida barcha bolalarni rag‘batlantirib boradi.

Check Also

Aql qayrog‘i

Maktabgacha yoshdagi bolalarda matematik tasavvurlarni shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar ishlanmasi 18-MASHG‘ULOT Geometrik shakllar “Qiziqarli uchburchak” Maqsad: …