Bosh sahifa | Nazariya. Ilm. Amaliyot | MONTESSORI PEDAGOGIKASINING ASOSIY QOIDALARI

MONTESSORI PEDAGOGIKASINING ASOSIY QOIDALARI

Qaysi sohani olmaylik, biz zamonaviy yetuk kadrlarni
tarbiyalamasdan turib biron-bir o‘zgarishga, farovon
hayotga erisha olmaymiz. Bunday kadrlarni, millatning
sog‘lom genofondini tayyorlash, avvalo, maktabgacha
ta’lim tizimidan boshlanadi.
Shavkat MIRZIYOYEV

Maktabgacha ta’lim muassasasi hamda maktablardagi o‘quv-tarbiya jarayoni bolalarning qobiliyati va layoqatini har tomonlama rivojlantirish, ularning shaxsini shakllantirishga qaratilgan. Mazkur jarayonning mahsuldorligi pedagogning bolalarni yaxshi bilishi, ta’lim va tarbiyaning xilma-xil metodlarini qo‘llashiga bog‘liq. Albatta, biz bu borada jahon tajribasidan o‘z milliy mentalitetimizga xos bo‘lgan jihatlarni olishimiz maqsadga muvofiq.
Bugungi kunda jahon maktabgacha ta’lim tizimida italiyalik mashhur pedagog Mariya Montessorining mualliflik metodikasi juda keng tarqalgan. Bu pedagogik tizimning noan’anaviy 10 ta qoidasiga quyidagilar kiradi:
1. Bola – asosiy e’tiborda
Mariya Montessorining bolaning xohish- istaklariga qarab munosabatda bo‘lish eng to‘g‘ri va yagona yo‘l, degan qat’iy fikri mavjud. Bola uchun nima muhimligi uning o‘zigagina ma’lum. U suvni idishlarga quyib, uning xossalari va jozibasini o‘rganishga bir soat vaqt ketkazishi mumkin, bu paytda uni rasm chizish yoki boshqa mashg‘ulotga chalg‘itish montessori pedagogikasiga zid.
2. Pedagog bolaning diqqatini bo‘lmasdan yo‘naltiradi
Albatta, bola ta’lim jarayonining asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Kattalar muntazam ravishda kichkintoy bilan hamnafas, lekin ular bolaning tabiiy qiziqishlarini so‘ndirmaslik, bilim olishga bo‘lgan ehtiyojlarini barbod qilmaslik uchun ehtiyotkorona yondashishi kerak. Montessori kundaliklarida tarbiyachilarni tayyorlash masalasiga jiddiy e’tibor berish zarurligini ta’kidlagan. Shogirdlarining metodikasi bo‘yicha olgan yangi nazariy bilimlarini hayotda qo‘llay olmasligining guvohi bo‘lgach, pedagoglarning bolalar bilan ishlashida an’anaviy usullarning yangisi bilan uyg‘unlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
3. Bolalar atrofidagi muhit ularning qiziqishlariga qarab o‘zgartiriladi
Muhit – montessori pedagogikasining poydevoridir. Bolalar xonasidagi jihozlar ularning ehtiyojlarini hisobga olgan holda joylashtiriladi va ularning qiziqishlariga mos ravishda o‘zgartirib turiladi. Tarbiyachilarning qo‘llari “guruh pulsi”da bo‘lib, bolalarni kuzatib boradi va jihoz, ko‘rgazmalarni mashg‘ulotlar mazmuni, dolzarbligiga qarab yangilaydi. Montessori ta’limoti bo‘yicha maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar uchun sensor amaliy nutq o‘stirish va rivojlantirish muhiti, matematik tasavvurlarni shakllantirishga sharoit yaratadi.
4. Ba’zi mashg‘ulotlarda yoshlari har xil bolalar birga shug‘ullanishi mumkin
Bolalar juda ko‘p narsalarni o‘zidek bolalarga qarab o‘rganadi. Yoshlari har xil bolalar jamoasi bunday tajriba almashish uchun qulay muhit. Bola vaqt o‘tib qanday rivojlanish darajasida bo‘lishi kerakligini kattalardan o‘rgansa, o‘zidan kichiklar bilan hayotiy tajribasini bo‘lishishdan zavqlanadi. “Zamonaviy oila”larda (kun davomida ishda bo‘ladigan ota-onalarning bolalari bilan muloqotga vaqti qolmaydi) bolalarga taqqoslash, rivojlanish, o‘zini namoyon qilish uchun sharoit yetarli emas. Shu sababli aynan shunday mashg‘ulotlar bolada o‘ziga ishonch hosil qilish, mustaqil fikrlashni rivojlantirish uchun qulaydir.
5. Bolalar mashg‘ulotlarda erkin bo‘lishi kerak
Guruhdagi bolalar mashg‘ulot uchun maxsus xonaga kirgach (montessori metodikasida mayda va yirik motorikani rivojlantiruvchi, tabiat bilan tanishtiruvchi, nutq o‘stirish mashg‘ulotlari va hokazolar uchun alohida xonalar jihozlanadi), uning xohish-istaklari hisobga olinadi. Yangi bilimlar tarbiyachi tomonidan bayon qilingach, bola o‘zi tanlagan o‘yinchoq yoki jihoz bilan o‘ynashi, ba’zan bu jarayonda ular bitta o‘yinchoqni talashib qolishi mumkin. Bu holat montessori metodikasining keyingi qoidasini keltirib chiqaradi.
6. Bola yakka o‘ynash yoki tengdoshlari bilan shug‘ullanishni o‘zi tanlaydi
Bolalar o‘zining mustaqil fikrini erkin bayon qilish, boshqalar fikrini hurmat qilish, bir-birlari bilan hamkorlikda ishlash, o‘zaro til topishishni erkin muhitdan o‘rganadi. Buni tarbiyachi nazorati ta’minlaydi. Guruhga yangi kelgan bola yil oxirida bir-birlarining xohish-istaklarini hurmat qilib, kelishib shug‘ullanishni o‘rganadi (bu ko‘nikmalar ular katta bo‘lgach, mustaqil hayotda asqatadi)
7. Bolalar qancha xohlasa, shuncha vaqt shug‘ullanadi
Montessori guruhida bolalarga bosim o‘tkazilmaydi, uning qo‘lidagini “bu yoqqa ber!” deb tortib olishga yo‘l qo‘yilmaydi. Masalan, tabiat bilan tanishtirish mashg‘ulotlarida bola barglarni o‘rganib o‘tirgan bo‘lsa, ikki daqiqadan so‘ng sabzavotlar bilan shug‘ullanishni xohlasa, “Qaragin, qanday chiroyli rangli barglar bor” deyilmaydi, bu mazkur metodikaga ziddir.
8. Guruhda, hatto kattalar ham amal qiladigan qoidalar mavjud
Masalan, guruhdagi har bir jihoz, ko‘rgazma va o‘yinchoqlarning o‘z joyi bor. Bolalar (kattalar ham) mashg‘ulotdan so‘ng hamma narsani o‘z joyiga qo‘yish kerakligini yaxshi biladi. Vaqt o‘tib, bu ko‘nikma malakaga aylanib, eslatmasiz bajariladi. Yana montessori guruhida bolalar tarbiyachi ko‘magida bir-biriga xalaqit bermasdan, xotirjam ishlashni o‘rganadi, hatto pedagoglar ham baland ovozda baqirishi mumkin emas.
9. Bolaga o‘z ishini o‘zi baholashiga imkon beriladi
Montessori metodikasida shunday jihozlar borki, bola mustaqil ravishda shug‘ullanib, yangi bilim hosil qiladi. Masalan, har xil shakldagi silindrlarni o‘z hajmiga mos joylarga joylashtirishdir. Kuzatishlardan ma’lum bo‘ldiki, tarbiyachi ko‘rsatmasi bilan topshiriqni bajargan bolalar ertasiga ushbu vazifani qaytadan ko‘rsatib berishda xatolikka yo‘l qo‘ydi, mustaqil bajargan bolalar silindrlarni deyarli bexato bajardi. Mustaqil o‘zlashtirish jarayonida ko‘proq vaqt talab qilinishi mumkin, lekin ular olgan bilimlarini xotiralarida mustahkam saqlab qoladi.
10. Bola murojaatisiz yordam berish taklif qilinmaydi
Bolaning mustaqilligi qo‘llab-quvvatlanadi, hech kim uni shoshirib, kerak bo‘lmasa ham yordam beravermaydi. Lekin har bir bola doim savol tug‘ilganda tarbiyachining yordam berishini his qiladi.
Mariya Montessorining o‘z davridagi butun insoniyatga quyidagi murojaati mavjud: “Bizda shunday muammo bor − kattalar rivojlanishning diqqat markazida turadi. Agar hokimiyat e’tiborini bolalarga, ular qalbiga qaratsa, biz tinchlik hukm surgan dunyoni quramiz. Bilim – tinchlik qurolidir”.
Bugungi kunda Prezidentimizning maktabgacha ta’lim tizimini davlat siyosati darajasiga ko‘tarishi ana shunday osoyishtalik hukm surgan dunyoni qurishimizga zamin bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz
Gulasal BERDIALIYEVA,
Guliston davlat universiteti huzuridagi XTXQTMOHM “Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikalari” kafedrasi mudiri

Check Also

Aql qayrog‘i

Maktabgacha yoshdagi bolalarda matematik tasavvurlarni shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar ishlanmasi 18-MASHG‘ULOT Geometrik shakllar “Qiziqarli uchburchak” Maqsad: …