Bosh sahifa | Uslubchi kundaligi | MTM va oila hamkorligi

MTM va oila hamkorligi

Maktabgacha yoshdagi bolalarning kelgusida o‘qishni yaxshi o‘zlashtirishi, maktabga mosla­shuvini ta’minlashda ularning maktabgacha ta’­lim muassasalariga jalb etilganligi, bu bilan ta’limga qamralganligi alohida ahamiyatga ega. Har bir maktabgacha ta’lim muassasasi jamoasi o‘z hududida yashovchi oilalarning tarkibini o‘rganib, oiladagi 7 yoshga­cha bo‘lgan bolalarning ta’limga qamralganlik darajasini o‘rganishlari zarur. Bu jarayon ancha jiddiylikni avvalo, har bir oilaning ijtimoiy holatiga e’tibor berishni talab etadi.
Agar bola maktabgacha ta’lim muassasasiga qamralmagan bo‘lsa, u holda buning sababi albatta belgilanadi. Ota-onalarga tegishli tavsiya va maslahatlar berish, tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borish rejalashtiriladi. Bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasi qoshida tashkil etilgan qisqa muddatli guruhlarga jalb etish, qo‘shimcha ta’lim bilan qamrash, oilada ta’lim berish orqali ularni maktab ta’limiga tayyorlash borasida tavsiyalar berilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ota-onalarning maktabgacha ta’lim muassasasi haqidagi tasavvurlarini kengaytirish, ijobiy fikrlar hosil qilish, muassasada tashkil etiladigan ta’limiy jarayonga, mahalla va maktab hamkorligida uyushtirilgan tadbirlarga ota-onalarni jalb etish ham muhim bosqish sanaladi.
Ota-onalar ongida bolaning maktab ta’limiga tayyorligini ularning shaxsan mas’ulligi bilan amalga oshirilishi haqida tushuncha hosil qilish kerak. Ota-onalar o‘z farzandlarini, albatta, maktabgacha ta’lim bilan qamralishiga sharoit yaratishlari lozimligini tu­shunib yetishlari kerak. Maktabgacha ta’lim muassasalari  davlat tomonidan belgilangan vazifalarni izchil bajarib, maktabgacha yoshdagi bolalarning jismoniy rivojlanishi, ruhiy-ijtimoiy yo‘nalishda ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishini hamda aqliy rivojlanishini ta’minlaydi. Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, oilani  ta’limga jalb qilish maktabgacha yosh­dagi bolalarga ta’lim berishga qaratilgan har qanday dasturning muhim tarkibiy qismi sanaladi.
Oilaning boshqa a’zolari ham, masalan, ota-onasi, buvisi, aka-opalari jalb qilingan holda ta’­lim ishlari olib borilsa, bolalar o‘qishga, ta’lim  muassasasiga nisbatan yanada ijobiy munosabatda bo‘ladilar va yaxshi o‘zlashtirishni namoyon qiladilar.
Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan tavsiyalarimiz aynan maktabgacha ta’lim muassasasiga qamralmagan bolalar, ularning ota-onalari bilan ishlashga qaratilgan. Ulardan  o‘z faoliyatingizda ijodiy yondashib foydalanishingiz mumkin.
MTM hududida farzandlari ta’limga qamralmagan oilalar bilan tanishish so‘rovnomasi:
— Ism-sharifingiz?
— Nechta farzandingiz bor?
—    Ularning nechtasi o‘z vaqtida MTMga borgan?
—    Maktabga boradigan farzandlaringiz bormi?
—    Maktabgacha yoshdagi bolalaringiz bormi?
—    Ularning  nechtasi MTM ga boradi?
MTMga bormasligining sababi nimada?
—    Hali kichkina.
—    Tez-tez kasal bo‘lib qolyapti.
—    Buvi-buvasi borlar, qarab turishadi.
—    O‘zim ishlamayman, uydaman.
—    Uyimizga bog‘cha yaqin emas.
—    Bolamni bog‘chaga olib borishga odam yo‘q, kichkina bolam bor.
—    Boshqa bolalarim ham bog‘chaga bormagan.
Agar farzandingizni MTMga olib borish imkoni bo‘lganda MTMga nisbatan qanday talablar qo‘ygan bo‘lardingiz?
—    Ta’lim sifatini ko‘tarish choralari ko‘rilsa.
—    Bolalar sog‘ligini ko‘proq nazoratga olishsa.
—    Bolalarning ovqatlanishiga e’tiborni ku­chaytirishsa.
—    Maktabga tayyorlashda yordam berishsa.
—    Shanba va yakshanba kunlari ham ishlash­sa.
—    Bolalar sportiga e’tibor ko‘proq bo‘lsa … boshqa takliflar.
MTMga qamralmagan bolalarning ota-onalari va maktabgacha yoshdagi bolalar  bilan ishlashda qo‘llaniladigan  suhbat savollari:
—Isming nima?
—Yoshing nechada?
—3 yildan so‘ng necha yoshga to‘lasan?
—Oying (dadang)ning ismi nima?
—Oilangda necha kishi yashaysizlar?
—Oying (dadang) kim bo‘lib ishlaydi?
—Bog‘chaga borishni istaysanmi?
—O‘rtoqlaring bog‘chaga boradimi?
—Bog‘chang qanday bo‘lishini istarding?
—Qanday o‘yinchoqlaring bor?
—Senga uyda ertaklar aytib (o‘qib) berishadimi?
—Rasm chizishni yaxshi ko‘rasanmi?
—Kitoblaring bormi?
—Qanday multfilmlarni yoqtirasan?
—Oying (dadang) bilan istirohat bog‘iga borganmisan?
—Poliklinikaga oying (dadang) bilan borasanmi?
—Oying (dadang) bilan do‘konga (bozorga) borganmisan?
—Nega bog‘chaga bormayapsan?
—Maktabga borishni istaysanmi?
—Qanday taomlarni yaxshi ko‘rasan?
Bola rivojlanishida bu jarayonning har bir davri alohida ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, maktabgacha yoshda bola butun hayoti davomida unga asqotadigan ma’lumotlarning 70 foizini o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lar ekan, shu davrda u o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarni o‘z vaqtida shakllantirish zarur.

Zuhra FAYZIYEVA,
TSHXTXQTMOI  “Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim” kafedrasi  katta o‘qituvchisi.

Check Also

Pedagogik texnologiya afzalliklari

Ta’lim-tarbiyaning samarasini ta’minlash uchun, albatta, tarbiyalanuvchining yoshini va qiziqishlarini inobatga olishimiz zarur. Chunki bolaga bilim …