Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | Mtmda bola ijodkorligini rivojlantirish

Mtmda bola ijodkorligini rivojlantirish

Maktabgacha yoshdagi bolalarga qo‘l mehnati orqali zamonaviy, qiziqarli hamda foydali buyum, o‘yinchoqlar yasashni o‘rgatish maqsadga muvofiqdir. Bu faoliyatning asosiy maqsadi bolalar ijodkorligini rivojlantirish; maktabgacha ta’lim muassasasi va oilada ularni oddiy qog‘oz, karton, tabiiy va keraksiz materiallarni qayta ishlash texnikasi bilan tanishtirish; bayram, turli ko‘ngilochar tadbirlar uchun jihozlar va ko‘rgazmali ashyolar tayyorlash; matolardan narsa-buyumlar tikish va mazmunli applikatsiya yaratish yo‘llarini o‘rgatishdan iborat.

Eng avvalo bolalar ijodkorligi ularning qo‘l mehnati tarbiyasida yaqqol namoyon bo‘ladi. MTMda har bir yosh guruhida oddiy qog‘ozdan turli qirqish usullari yordamida ajoyib o‘yinchoqlar yasash va ularni bevosita mashg‘ulot soatlari, sayrlar va bayram tadbirlarida qo‘llash samarali natija beradi. Shuningdek, turli tabiiy va yaroqsiz materiallardan esdalik sovg‘alari yasash, tarbiyachi ko‘magida mustaqil ijodiy ishlar bajarish bolalar qobiliyati, tasavvurlarini kengaytiradi va ularning mehnatga bo‘lgan qiziqishlarini shakllantiradi.

Bugungi kunda pedagog-tarbiyachilar ongida “yangilik kiritish”, “yangi pedagogik texnologiyalar” degan tushunchalar mustahkam o‘rin egallagan. Ushbu ibora zamirida boy mazmun mavjud. Tarbiyachilarning yangiliklarga qiziqishi, yaratuvchanligi bolalarni faol ruhda tarbiyalashga zamin yaratadi. Tarbiyachi har bir faoliyat turi bo‘yicha mahoratli bo‘lishi zarur.
Bolalarning erkin ijod, san’atga bo‘lgan iqtidor va qobiliyatlarini maktabgacha yoshdan boshlab rivojlantirish maqsadga muvofiqdir. Ularni yangiliklar olamiga olib kirish lozim. Bolaning ijodkorligi chizgan rasmlari, qo‘l mehnati bilan loy va plastilindan yasagan ishlarida namoyon bo‘ladi. Bola o‘zi bilmagan holda o‘zi uchun yangilik yaratadi, ijod qiladi, yaratgan ijodidan quvonib, g‘ururlanib qo‘yadi. Bolalarning bajargan mehnat faoliyatini rag‘batlantirib borish va ajoyib ko‘rgazmalar tayyorlash, ya’ni muntazam ravishda har bir yosh guruhida ularning ijodiy kechinmalari haqida “Bolalar ijodi”, “Mening tasavvurim” deb nomlangan suhbatlar o‘tkazish samaralidir.

Tasviriy faoliyat va ustaxona mashg‘ulotlarida yangi zamonaviy pedagogik texnologiyalarning tarbiyachilar tomonidan qo‘llanilishi bolalarning mustaqil mehnat qilishi, ishlashi, o‘ylashi, dunyoqarashini kengaytirishga yordam beradi. Ularni hayot uchun foydali mahsulot yaratishga undaydi.
Bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalarida mehnat faoliyatiga undashda rivojlantiruvchi muhit yaratib berish zarur. Buning uchun maktabgacha ta’lim muassasalarida:
— qo‘l mehnati xonasi;
— bolalar ijodxonasi;
— qo‘g‘irchoq teatri;
— texnika vositalari bo‘lishi lozim.
Montessorining aytishicha, “qo‘l mehnatining qo‘l gimnastikasidan farqi shundan iboratki, bunda qo‘l uchun mashqlar qilinadi, birinchisining maqsadi esa haqiqatan ham umumfoydali mashg‘ulotni nazarda tutuvchi muayyan ishning ongli bajarilishidir. Biri shaxsni shakllantiradi, boshqasi esa muhitni foydali boyitadi, ammo mehnat ham, bunisi ham bir-biri bilan bog‘liq, zero, faqatgina o‘z qo‘lini mukammallashtirgan insongina foydali mahsulot yaratishi mumkin”.
Quyida bolalarning ijodiy faoliyatini boyituvchi ajoyib o‘yin mashg‘ulotlarini tavsiya qilamiz:

“Ishni oxiriga yetkazing yoki rasmni almashtiring”
Bu o‘yin orqali bolalar boshlagan ishini oxiriga yetkazish, toza va ozoda ishlash, shuningdek, tez va oxirigacha puxta bajarishga o‘rganadi. Bu mashg‘ulotda ikki nafar bola ishtirok etadi, tarbiyachi tomonidan biror mavzuda rasm chizish yoki tayyor rasmni bo‘yash tavsiya etiladi. Bunda ular rasm chizishni boshlagach, tez-tez chizayotgan rasmlarini o‘zaro almashtirib, bir-birining ishini davom ettirishi kerak bo‘ladi.
“Kimning ishi chiroyli?”
Bolalar yasagan o‘yinchoq buyumlarning har biri oq qog‘ozga bir xil joylashtiriladi, so‘ngra ular xattaxtaga bir qator qilib yopishtiriladi. Chizilgan rasmlarga bolalarning o‘zlari baho berishadi. Kimga qaysi ish yoqsa, har bir bola bittadan belgi qo‘yib chiqadi. Kimning ishiga ko‘proq belgi qo‘yilgan bo‘lsa, ana shu ishtirokchi mashg‘ulotning g‘olibi hisoblanadi.

Maktabgacha ta’lim muassasasi va oilada bola qancha ko‘p yangidan yangi g‘oyalar kashf etsa, o‘yinlar o‘ynasa, tashabbuskor, uddaburon bo‘lsa, kichik-kichik hikoya va ertaklar ayta olsa, ularni sahnalashtirib, o‘zini va do‘stlarining iqtidori va qobiliyatini ko‘rsatishga harakat qilsa, demak, bola ijod qilyapti, ijodkor bo‘lishni xohlayapti…

Bola ijodi tuganmas buloq, sehrli olam, savodxonlik debochasi, kitobxonlik maskani, ajoyib va g‘aroyib narsalar kashf qilish, o‘zgacha muhit yaratish, o‘ziga xos beg‘ubor manzarani namoyish etishdir. Bolalar quvnoq parovozda sayr qilish, ertaklar olamiga kirib borish va qiziqarli bilimlarga ega bo‘lishni juda xohlaydi.

MTM dagi har bir o‘yin va mashg‘ulotlar bolajonlarni o‘ylash, fikrlash, eng muhimi, ijod qilishga undaydi.

Yulduz MAXMUTAZIMOVA,
Toshkent shahar Bektemir tumani 573-MTM defektologi

Check Also

Bog`chani to`g`ri tanlang

Bog’cha bolaning hayotida muhim va yetakchi o’rinni egallaydi .Shuning uchun bolaga bog’cha tanlanayotganda tumandagi eng …