Bosh sahifa | Tajriba minbari | MTMda ekologik ta’lim

MTMda ekologik ta’lim


Farzandlarimizni yetuk, ma’naviy va jismoniy jihatdan barkamol etib tarbiyalashda ekologik tarbiyaning o‘ziga xos o‘rni bor. Zero, ta’lim jarayoni bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lgan ma’naviy, iqtisodiy, psixologik, texnologik taraqqiyot ta’siriga bo‘ysunadi. Bu jarayon dunyoqarashi keng, iqtidorli, erkin va sog‘lom fikrlovchi shaxslarni voyaga yetkazishning bosh omilidir. Aynan sog‘lom bola Vatani, yurti istiqboli uchun jonkuyar bo‘ladi. Tug‘ilib o‘sayotgan zaminining tabiati, ota-bobolarining azaliy merosi va madaniyatini ko‘z qorachi­g‘idek asrab-avaylashga intiladi.
Maktabgacha yoshdagi bola ongi-shuurida qadriyatlar kurtaklarini shakllantirish, rivojlantirish, egallagan malakasini mukammallashtirish, bilimini boyitish tarbiyachilardan katta mahorat talab etadi.
Ekologik ta’limning ilk vazifalarini bajarishda bolalar faoliyatining turli ko‘rinishlarini qo‘llash mumkin. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar jalb etiladigan faoliyatlar mujassam ravishda izchil tashkil etilsa, maktab ta’limiga puxta zamin tayyorlanadi. Muassasada tashkil etiladigan tasviriy faoliyat, nutq o‘stirish, matematika, badiiy adabiyot bilan tanishtirish bo‘yicha o‘yin-mashg‘ulotlar, sayr va kuzatuvlar, tevarak-atrof bilan tanishtirish, mehnat topshiriqlarini bajarish kabi faoliyatlarning barchasi ekologik ta’lim vazifalarini uyg‘unlashtirishni, bolalar bilim-tushunchalarining bir tizimli bo‘lishini ta’minlaydi.


Olingan natijalardan shu narsalar ma’lum bo‘ldiki, ekologik ta’lim bo‘yicha dastur vazifalarini to‘laqonli bajarish uchun faqat tabiat bilan tanishtirish mashg‘ulotlarining o‘zi kifoya qilmaydi. Maktabgacha yoshdagi bolalarda shakllanishi zarur bo‘lgan o‘quv malakalari yetarli darajada bo‘lishi uchun ularning faoliyat turlarini nafaqat almashtirib turish, balki kom­p­leks – uyg‘unlashtirilgan tarzda qo‘l­lashga e’tibor qaratish zarur.
Tajribadan yana shuni xulosa qilish mumkinki, qo‘llaniladigan faoliyat qanchalik rang-barang, bir-biridan farq qiladigan bo‘lsa, bolalarning tafakkuri shunchalik faollashadi, yodlab qolish, esga tushirish, xulosa qilish va o‘z fikrini izchil, dadil bayon etishga sharoit yaratiladi.
Bolalarning tabiatga oid bilim, malaka, ko‘nikmalarini ularning har qanday faoliyati davomida hosil qilish, faollashtirish, mustahkamlash mumkin. Jismoniy tarbiya va badantarbiya mashqlari, harakatli o‘yinlar, tasviriy faoliyat, badiiy adabiyot, matematik tasavvurlarni o‘stirish, tevarak-atrof bilan tanishtirish, til o‘rgatish, nutq o‘stirish, tajribalar o‘tkazish mashg‘ulotlaridan tashqari sayr, kuzatuvlar, suhbatlar jarayonida ham bu vazifa hal etilishi mumkin.
Bolalarning o‘zlashtirish darajasini aniqlash uchun savol-javoblar, testlar o‘tkazilishi, top­shiriq bajartirish maqsadga muvofiq. Maxsus tayyorlanadigan mitti kitobchalar mazmuniga bolalar faoliyatining turli ko‘rinishlarini mujassamlashtirgan savollar, topshiriqlarni kiritish mumkin. Bunday kitobchalar nafaqat bolalar, balki ota-onalar foydalanishi uchun ham qulay. Kitoblar kichkintoy yoshi, ta’lim vazifalari, faoliyat turlarining almashib turishini nazarda tutib tayyorlanadi.

Nargiza JO‘RAYEVA,
TSHXTXQTMOI o‘qituvchisi.