Bosh sahifa | Sog‘lom turmush tarzi | Murg‘ak qalblarga mehr ulashib

Murg‘ak qalblarga mehr ulashib

Bolalik – dunyoni kamalak rangidek aks ettiruvchi, inson umrining quvonch va shodliklarga to‘la eng beg‘ubor fasli. Bola ayni shu davrda atrof-olam haqida anglay boshlaydi ya’ni kichkintoyga bo‘lgan munosabat, e’tibor unda ilk tushunchalar, ijobiy sifatlarning shakllanishiga xizmat qiladi. MTMda tarbiyachi, uyda ota-ona, shuningdek o‘zaro hamkorlikda olib borilgan ta’lim-tarbiya farzand ruhiyatiga ta’sir etmay qolmaydi. Yaqinda Chirchiq shahridagi 8-son “Umid” nutqida og‘ir nuqsoni bor bolalar uchun maxsus MTMda tashkil etilgan “Otam, onam va men – sportchilar oila­simiz” nomli hamkorlikdagi tadbir yuqoridagi fikrlarimizning yaqqol dalilidir.
Yon-atrofdagi bezaklar, bolajonlarning quvnoq kulgusi va ota-onalarning xursandligidan ushbu sport bayramiga alohida e’tibor berilganini bilish mumkin. Dastlab har bir oilaviy guruh nomi e’lon qilindi va ishtirokchilar qisqa daqiqali tanishuv chiqishlari bilan tadbirni boshlab berdilar. Jami 8 ta: “Xaltachaga uloqtirish”, “Yadro irg‘itish”, “Jasur chavandoz”, “Chaqqon juftlik”, “Arqon tortish”, “Gimnastika” , “Sayohatchi qurbaqa”, “Uy qurish” kabi shartlar asosida olib borilgan sport musobaqasi barchada hayajon uyg‘otdi va bolajonlar qatnashchilarni qarsaklar orqali qo‘llab-quvvatlab turdilar. Ayniqsa, ota-onalarning sharni tushirib yubormagan holda raqsga tushishlari atrofni kichkintoylarning sho‘x kulgulariga to‘ldirdi. Nafaqat epchillik, chaqqonlikni ko‘r­satuvchi, balki ijodiy mahoratni namoyon etuvchi rasm chizish shartida kichkintoy va ota-onalar uch xil: uy, daraxt va quyoshni belgilangan vaqt ichida qoyilmaqom qilib tasvirladilar.
“O‘g‘lim Azizjon 6 yoshda. U jonkuyar tarbiyachilar ko‘magida maktab ta’limiga tayyorlanmoqda. Men ilgari bu kabi tadbirlarda ishtirok etmaganman, bunday musobaqaning tash­kil etilgani ham farzandlarimiz, ham biz – ota-onalar uchun judayam quvonchli voqea bo‘ldi, sababi sport insonning har tomonlama chiniqishi, sog‘lom bo‘lishi uchun muhim vosita. Ana shunday musobaqalarda ota-onalarning ishtiroki, faolligi ularning kelajakda yurtiga munosib barkamol avlod bo‘lishlariga xizmat qilib, bu borada bizlarning namuna ko‘r­satishimiz esa ana shu maqsadga ijobiy hissa qo‘shadi degan umiddaman, – deydi biz bilan suhbatda Temur Shaxobov.
Tadbir so‘ngida MTM mudirasi Mavluda Shomaqsudova barchaga faol ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirib, qatnashchilarni estalik sovg‘alari bilan taqdirladi.

Gulhayo NAIMOVA,
Nigina NURIDDINOVA.