Bosh sahifa | Munosabat | MUSTAQIL FIKRLASH – BARCHA HARAKATLAR ASOSI

MUSTAQIL FIKRLASH – BARCHA HARAKATLAR ASOSI

Ta’lim-tarbiya jarayonining ilk bosqichi hisoblangan maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishga davlat miqyosida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2016-yil 29- dekabrdagi “2017–2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada jadal o‘zgarishlarga zamin yaratmoqda. Bolalarning kelajagi, aqliy salohiyati uning maktabgacha ta’lim davridagi hayoti va faoliyati bilan chambarchas bog‘liq. Bu davrda ularning mustaqil fikrlash darajasiga alohida ahamiyat qaratish tarbiyalanuvchining har tomonlama yetuk inson bo‘lib shakllanishi garovi hisoblanadi.
Maktabgacha yoshdagi bolada mustaqil va mantiqiy fikrlashning dastlabki belgilari shakllantirilmasa, umumiy o‘rta ta’lim bosqichida unda bilimlarni o‘zlashtirishda qiyinchilik va muammolar kelib chiqishi tabiiy. Bu ta’limning dastlabki bosqichida bolaning berilgan topshiriqlarni bajarishga ko‘p vaqt sarflashi, o‘zini ham aqlan, ham ruhan zo‘riqtirishi, ko‘p mehnat qilib, kam natijalarga erishishida ko‘rish mumkin. Mazkur holatlar, bolaning asab tizimi va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bolalarni kichik yoshidan mustaqil fikrlashga yo‘naltirish – uni ongli ravishda, ilmiy-nazariy asoslarga tayanib, o‘z-o‘zini nazorat qilgan holda mulohaza qilishga odatlantirish demakdir. Psixologlarning ta’kidlashicha, bolaning fikrlashida mantiqsizlik kuzatilishi bu unda erkinlikning yo‘qligidan darak berar ekan. Ta’lim-tarbiyaning har bir bosqichida o‘quvchilarning bilimlarni o‘zlashtirishi o‘ziga xos tarzda fikrlash, tasavvur qilish va his etish orqali amalga oshadi. Zero, inson tug’ilganidan boshlab fikrlash quvvatiga ega bo‘ladi va bu bolaning o‘sishi bilan rivojlanib boradi. “Bolada katta imkoniyatlarga ega ko‘ngil bor, – deydi qomusiy olim Abu Nasr Forobiy. – U his-tuyg‘uga, tafakkur orqali anglash xususiyatiga ega. Hissiyot va tafakkur orqali jismlar tushuniladi”. Demak, shakllanib kelayotgan shaxsni, ham oila, ham maktabgacha ta’lim muassasalari nutq o‘stirish mashg‘ulotlarida badiiy matnlar, ya’ni ertak, hikoya va she’r qahramonlari xatti-harakatlari, nutqi hamda faoliyati muhokamasi asosida mustaqil fikrlashga yo‘naltirib borilishi uning ma’naviy kamolotida asqatadi.
Yana alloma Ibn Sinoning ta’kidlashicha, shaxsga xos bo‘lgan erkinlik tafakkur mustaqilligini ta’minlaydi. Fikrning mantiqqa asoslanishi esa mustaqil fikr sohibini tarbiyalaydi. Ma’lum bo‘ladiki, insonga xos tabiiy jihatlarni maktabgacha ta’lim muassasalarida ham inobatga olib ish ko‘rish shaxsning ma’naviy kamolotiga asos bo‘ladi. Bola o‘ziga bildirilgan ishonchni his qilishi uchun bilimning o‘zi yetarli emas. Ma’lumki, maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning bilishga bo‘lgan ehtiyoji juda katta va ko‘rganini eslab qolish qobiliyati kuchli bo‘ladi. Kattalarning eng muhim vazifalaridan biri – uning bilgani, eshitganini his qilish, ko‘rganini muhokama qilish, ularga munosabat bildirishga ko‘niktirishdan iborat.
So‘z fikrning mahsuli. O‘z fikriga ega odamgina uni so‘z orqali ifodalashga qodir bo‘ladi. Bolani bunga yo‘naltirish tarbiyachilarning vazifasi. Mustaqil fikrlashga o‘rganish oddiy va oson tuyulgan narsalar haqida chuqurroq mulohaza yuritishdan boshlanadi. Bu jarayon quyidagi bosqichlarda rivojlanadi:
1. Ko‘rgazmali-harakatli. Ya’ni bola uni boshqarayotgan, e’tiborini tortgan predmetga asoslanib fikrlaydi, uning xususiyatlarini o‘zlashtira boshlaydi.
2. Ko‘rgazmali-obrazli. Tafakkurning bu bosqichida bola odam, predmet va hodisalarni alohida jihatlariga qarab baholashga urinadi.
3. So‘z-mantiqli. Ushbu bosqichda bola turli tushuncha, xarakter, predmet va hodisalarning xususiyatlariga so‘z yordamida munosabat bildira boshlaydi. Tafakkurning bu ko‘rinishi maktabga tayyorlov yoshidagi bolalarga xos bo‘lgan yetakchi jihatdir.
Maktabgacha ta’lim muassasalari nutq o‘stirish mashg‘ulotlarida fikrlashning bunday ko‘rinishlarini tizimli ravishda amalga oshirib borish, bolalarni turli vaziyatlarda o‘zlari istagan xulosalarni chiqarish va aytishga odatlantirishni shakllantiradi. Bu esa kelgusida yuksak natijalarni qo‘lga kiritishga asos bo‘lishi muqarrar.
Ushbu fikrlarning amaliy namunasini ertak – mashg‘ulot misolida ko‘rish mumkin. Masalan, maktabgacha ta’lim muassasalarining maktabga tayyorlov guruhiga o‘zbek xalq ertagi “Zumrad va Qimmat” multfilmi ko‘rsatiladi. Bu bolalarni fikrlashga yo‘naltirishning dastlabki bosqichi. Ayni zamonda – bilim. Bolalar bilimni ertak misolida o‘zlashtiradi. Ularda tabiiy ravishda har ikkala bosh qahramonga nisbatan ichki munosabat shakllanadi. Biriga ijobiy, ikkinchisiga esa o‘z-o‘zidan salbiy munosabat paydo bo‘ladi. Tarbiyachi tarbiyalanuvchida shakllangan mana shu dastlabki munosabatdan oqilona foydalana bilishi maqsadga muvofiq. Buning asosiy usuli – bolalarga savollar bilan murojaat qilish. Avval, osonroq, chuqur mulohaza talab qilmaydigan savollar o‘rtaga tashlanadi. Asta-sekin ular murakkablashtirib boriladi. Unutmaslik lozimki, murakkab savollarga hamma bola javob bera olmasligi mumkin. Bolalarga quyidagi savollar bilan murojaat qilish mumkin:
1. Sizga qaysi obraz ko‘proq yoqdi? Nima uchun aynan shu obraz?
2. Gullar va hayvonlar nimaga Zumradni yaxshi ko‘radi? Nega ular Qimmatni yoqtirishmaydi?
3. Zumradga xos bo‘lgan fazilat va Qimmatga xos sifatlarni aytib bering.
4. Sehrgar kampir Zumradni nima uchun mukofotladi?
5. Qimmat nega jazolandi?
6. Siz ko‘proq kimga o‘xshashni istaysiz? Sababini tushuntiring.
7. Sizningcha, Zumradga o‘xshash osonmi yoki qiyin?
8. Nega Qimmatga o‘xshashni istamaysiz? Unga o‘xshash osonmi yoki qiyinmi? Buni qanday bildingiz?
9. Qimmatning dangasa, ishyoqmas, erinchoq va injiq qiz bo‘lib qolishiga nima sabab bo‘lgan deb o‘ylaysiz?
10. Zumradning aqlli, mehribon, mehnatsevar qiz bo‘lishiga-chi?
11. Qimmatga o‘xshagan o‘rtog‘ingiz bo‘lishini istaysizmi? Nima uchun?
Bolalar savollarga javob berarkan, tarbiyachi ularning matn mazmunini takrorlashga chalg‘ib ketishiga yo‘l qo‘ymasligi, har bir bolani, iloji boricha, o‘z fikrini aytishga, bir-birini takrorlamaslikka yo‘naltirishi, alohida fikr aytganlarni rag‘batlantirib turishi maqsadga muvofiq. Suhbat tugagach hamma qizlar Zumradga o‘xshashni, o‘g‘il bolalar ham ana shu obrazdek o‘rtog‘i bo‘lishini xohlashadi. Endi bolalarning diqqati ularda Zumradning hayotiga o‘xshagan holatni aniqlashga qaratiladi va bolalarga shunga yo‘naltiruvchi savollar bilan murojaat qilinadi:
1. Qani, menga ayting-chi, kim ertalab bog‘chaga borish uchun oyisi uyg‘otmasdan, avval, o‘zi turadi?
2. Kim yotgan o‘rnini o‘zi yig‘ishtiradi?
3. Oramizda nonushta tayyorlashga oyisiga yordam beradiganlar bormi?
4. Oyisiga xarxasha qiladiganlar bo‘lmasa kerak-a?
5. Kim oyisi bergan kiyimni injiqlik qilmay kiyadi?
6. Kim sovg‘a so‘ramay, ertalabdan aqlli bola bo‘lib bog‘chaga keladi?
Bu kabi savollarga javob berish asnosida bola o‘ziga tashqaridan nazar tashlaydi, kundalik hayotini kuzatadi, xatti-harakatlaridagi yaxshi va yomon sifatlarni taftish qiladi. Shu tariqa qahramonlar shaxsi tahlili misolida o‘zini o‘zi tarbiyalab boradi. Zumradga o‘xshagan yaxshi qiz bo‘lish oson emasligini, buning uchun anchagina huzur-halovatdan kechishga to‘g‘ri kelishini, mehnat qilish kerakligini anglaydi. Dangasalik, erinchoqlik, ishyoqmaslik, injiqlik zararli ekanini ham ularga tushuntirish kerak. Qimmatning yomon qiz bo‘lib qolishi, guruhlaridagi hamma bolalar uni yomon ko‘rib qolishiga sabab nima bo‘lganiga bolalarning diqqatini qaratish o‘rinli bo‘ladi. Taraqqiyotning mazkur bosqichida adabiy qahramonlarning shaxsi, xatti-harakati, fe’l-atvorini shu tariqa tahlil qilib o‘rgangan bola ta’limning keyingi bosqichida badiiy asarlar ustida ishlaganda ham, o‘z hayoti davomida yuz bergan voqea-hodisalarga ham o‘zlaricha yondashadi. Asta-sekinlik bilan oq-qorani, to‘g‘ri-noto‘g‘rini, halol-haromni farqlab, yaxshini o‘ziga singdirib, yomonidan qochib shakllanadi. O‘z ma’naviy kamoloti yo‘lida o‘zi bevosita ishtirok etadi.
Gulasal Berdialiyeva,
Guliston davlat universiteti
Huzuridagi XTXQTMOHM
“Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus
ta’lim metodikalari” kafedrasi mudirasi

Check Also

Farg`onada bog`cha mudiralari javobgarlikka tortildi

Бешариқ туманидаги 37-сонли мактабгача таълим муассасасининг раҳбар ва ходимлари ҳужжатларни сохталаштириш, боғча озиқ-овқатларини талон-тарож қилиш …