Bosh sahifa | Qadriyatlar sabog‘i | Mustaqillik maydoniga sayohat

Mustaqillik maydoniga sayohat

Tayyorlov guruhlari uchun amaliy mashg‘ulot

Maqsad: bolalarga kаttalarni, keksalarni hurmat qilish, qadrlash, ardoqlash kerakligi haqida tushuncha berish, ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish. Poytaxtimizdagi “Motamsaro ona” haykali haqida olgan bilimlarini mustahkamlash, kichkintoylarda quvonish, hamdardlik hissiyotlarini ifodalashga, mustaqil fikrlashga o‘rgatish.

Mashg‘ulotning borishi:
TarbIyachI: — Assalomu alaykum hurmatli mehmonlar, aziz bolajonlar. 2015-yil Prezidentimiz tomonidan “Keksalarni e’zozlash yili” deb nomlandi. O‘zbek xalqi qadimdan yoshi ulug‘ insonlarni qadrlab, e’zozlab kelgan. Ularning duosini olish, ardoqlash biz – yosh avlodning burchidir. Bugun sizlar bilan shahrimizning Mustaqillik maydoniga yig‘ildik. Biz sayohatni “Mustaqillik va Ezgulik arkasi”dan boshlaymiz, bu arkadan o‘tgan har bir inson ona yurtimiz osmonida doimo ezgulik va yaxshilik elchilari parvoz etib turi­shini yurakdan istaydi. Maydonning o‘ng va chap tomonlarini go‘zal favvoralar bezab turibdi. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bu yerga tashrif buyuruvchilarning bahri dilini ochadi. “Mustaqillik” obidasi va “Baxtiyor ona” haykali timsolida vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ulari aks ettirilgan.
Xotira – har bir insonga xos. Hayotda shunday voqealar, shunday insonlar bo‘ladiki, ularni hamma, butun xalq eslaydi, xotirlaydi. Chunki bu insonlar bugungi hayotimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lishi uchun aziz jonlarini fido qilganlar. Ular xotirasini yuksak hurmat bilan yod etish bizning insoniylik burchimiz. Ana shu ezgu niyatning amaliy ifodasi sifatida 1999-yil Prezidentimiz tashabbuslari bilan “9-may Xotira va qadrlash kuni” deb e’lon qilindi. Mustaqillik maydonida xotira xiyoboni barpo etildi.
Ozod O‘zbekiston bosh egib bu kun,
Shahid farzandlarin nomini yo‘qlar.
Qay biri bedarak, qay biri beun,
Uzoq sarhadlarda jimgina uxlar.
Bolajonlar, she’rni kim davom ettiradi?
BOLA:
Manguga tinmishdir qalb tug‘yonlari,
Endi xotirangiz yo‘ldoshdir bizga.
Xalqimning fidoyi mard o‘g‘lonlari,
Ollohning rahmati yog‘ilsin sizga.
TARBIYACHI: — Bolajonlar, qarang, xotira maydonining to‘rida “Motamsaro ona” haykali bor. Bu haykalni haykaltarosh Ilhom Jabborov mahorat bilan ishlagan. Keling, mana shu haykalni diqqat bilan kuzatamiz. “Motamsaro ona” haykaliga e’tibor bilan qarang. Sizningcha, u kimning onasi? Ona nega bun­chalik mungli?
Bolalar javobi.
— Juda to‘g‘ri aytdingiz, u o‘zbek askar yigitining onasi. Bu ona ham dunyodagi barcha onalar kabi farzandi, jigarbandini mehr bilan erkalab o‘stirgan. O‘g‘lim ulg‘ayganida yaxshi to‘ylar qilaman, shirindan shakar nabiralarim bo‘ladi deb ezgu orzular qilgan. Afsus, onaning orzulari ro‘yobga chiqmadi.
Bolajonlar, urush shunday yomonki, u odamlar boshiga g‘am, kulfat olib keladi. Begunoh odamlar qurbon bo‘ladi, bolalar yetim qoladi. Urushning butun dahshatini his qilib, yurtning jasur o‘g‘lonlari Vatanni, xalqni himoya qilish uchun o‘z jonlarini fido qildilar. Ona erta-yu kech duo qilib, o‘g‘lining yo‘llariga ko‘z tikdi. Ammo urush qurbonsiz bo‘lmaydi. Onaning o‘g‘li urushdan qaytmadi. Shuning uchun ham ona mungli. Bolajonlar, ona haykaliga qarab siz nimani his qilyapsiz?
1-BOLA: — Onaning juda xafa ekanligini his qildim.
2-BOLA: — Onaga rahmim kelyapti.
3-BOLA: — Onaning ko‘z yoshlarini ko‘r­mayapmiz, biroq u ichida yig‘layapti.
4-BOLA: — O‘g‘li kelganida edi, ona xursand bo‘lar edi.
TARBIYACHI: — Shirintoylarim, siz o‘zin­gizning jajjigina sof qalbingiz bilan onaning kechinmalarini to‘g‘ri his qilyapsiz. Onaizorning ko‘ngliga tasalli berayotgan tuyg‘u uning o‘g‘li behuda o‘lmadi, u Vatani va xalqining tinchligi yo‘lida qurbon bo‘ldi.
Ushbu maydonning o‘ng va chap tarafidagi ramziy kitob varaqlariga zarhal bitiklar bilan Vatanimiz tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lganlarning nomlari abadiylashtirilgan.
Biz Vatani, xalqi uchun qurbon bo‘lganlarning xotirasi oldida doimo bosh egamiz. Shahid bo‘l­gan bahodirlar abadiy navqirondir.
1-BOLA:
— Barcha buyuklardan buyuk Vatanim,
Senga fido bo‘lsin jon hamda tanim.
Olamga taniqli buyuk Turonim,
Shijoat qudratli Sohibqironim.
2-BOLA:
— Boshlanar xalqimning o‘tmish tarixi,
Yodimda elimning kechmish tarixi.
Ulug‘bek, Alisher, Bobur ham Furqat,
Xotira yashagay o‘chmas toabad.
HAMMA:
— O‘zbekning tarixi o‘chmaydi aslo,
Tarixsiz kelajak bo‘lmaydi aslo.
TARBIYACHI: — Bolajonlar, kelinglar “Buvijonim” qo‘shig‘ini kuylaylik, buvijon va buvajonimizga hurmatda bo‘laylik.
Xotira bu o‘tganlarni yod etish, qadrlash esa tiriklarni hurmatlash, ularga mehr va e’tibor ko‘rsatish demakdir. Kichkintoylarim, sizlar oiladagi katta odamlarga, buvangiz, buvingiz, dadangiz va oyingizga qanday mehr ko‘rsatasiz?
Bolalar javobi:
TARBIYACHI:
— Barakalla, endi esa ularga atab yod olgan she’rlarimizni esga olsak.
Keksalar
1-BOLA: – So‘rida otaxonlar,
Suhbat qurar kulishib,
Bosib o‘tgan yo‘llarin,
Eslab zavqqa to‘lishib.
2-BOLA: –To‘rt bobo to‘rtta kitob,
To‘la ertak hikmatga.
Ona diyor qo‘ynida
Loyiq izzat-hurmatga.
Ota-ona
3-BOLA: – Ota-ona ikki so‘z,
Biri qosh-u biri, ko‘z.
Bir-biridan qimmatli,
Mehri daryo himmatli.
4-BOLA: – Ular o‘zin o‘ylamas,
Farzandi sog‘ bo‘lsa bas.
Goh yiqilib tursa ham,
Gohi yig‘lab kulsa ham.
BARCHA: – Hammasiga chidarlar,
Ular qo‘sha chinorlar.
O‘g‘il bolalar “Andijon polkasi”ga raqsga tushadilar.
TARBIYACHI: — Aziz shirintoylarim, sizlar keksalarni hurmat qilish, xotirlash va yonimizdagi aziz insonlarni qadrlash kerakligini yurakdan his etayotganingizdan nihoyatda xursand bo‘ldim.
O‘zbek momo
Farishtalar fayzi yog‘ar yuzlaringdan,
Arimasin quvonch endi O‘zbek momo.
Yursang oftob ergashadi izlaringdan,
Oftob bo‘lib nur soch endi O‘zbek momo.
To‘kilmasin sochingdagi bitta tolang,
Omon bo‘l sen, omon bo‘lsin dasht-u dalang.
Cho‘pon bolang, dehqon bolang, sulton bolang,
Kel duoga qo‘l och endi O‘zbek momo.
— Bolajonlar, bugungi sayohatimiz sizlarga yoqdimi? Azizlar, o‘tganlarning pok ruhini xotirlab, yonimizda siz-u biz uchun jon kuydirayotgan yaqinlarimizni qadrlab, hurmat ko‘rsatib, tinchlik-omonlikda ya­shash hammamizga nasib etsin.

Durdona MAHMUDOVA,
TSHXTXQTMOI “Maktabgacha, boshlang‘ich va
maxsus ta’lim” kafedrasi o‘qituvchisi.

Check Also

Kitoblar bizning do‘stimiz

Maqsad: bolalarga kitoblarni sevish, ularni avay­­­lab-asrashni o‘rgatish. Kitob turlari, kitob yaratish mehnati haqidagi bilimlarini mustahkamlash. …