Aql qayrog‘i

Maktabgacha yoshdagi bolalarda matematik tasavvurlarni
shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar ishlanmasi

6-MASHG‘ULOT
Miqdor (kattalik)
Narsalarning qalin-yupqaligini qiyoslash

Maqsad: narsalarning qalin-yupqaligini sezgi a’zolari orqali his qilish malakasini hosil qilish.
Kerakli jihozlar: har xil qalinlikdagi kitoblar.

  • Qalin va yupqa kitoblar chizilgan kartochkalar.
  • Qalin karton va yupqa qog‘oz, qalin va yupqa material, taxta va boshqalar.

Mashg‘ulotning borishi:
Tarbiyachi stolga turli qalinlikdagi kitoblarni qo‘yadi.
Tarbiyachi: – Bolajonlar, e’tibor bergan bo‘l­sangiz stolimda juda ko‘p kitoblar bor. Ularning ko‘rinishi ham turlicha. Mana bu kitob qalinmi, yupqami?
Bolalar javobi.
– To‘g‘ri, bu kitob katta va yupqa.
Ikkinchi kitobga e’tibor bering, bu kitobning ko‘rinishi haqida nima deyish mumkin?
Bolalar javobi.
– To‘g‘ri, bunisi kichik va qalin. Kitobning varaqlari ko‘p bo‘lsa kitob qalin va og‘ir bo‘ladi. Ko‘rib turganingizdek bir xil o‘lchamdagi kitoblar ham bor.
Bolalar uchun amaliy ish.

Tarbiyachi: – Bolajonlar, stolim yoniga keling, hozir hammamiz birgalikda kitoblarni qalin, yupqaga ajratamiz. Buning uchun siz navbat bilan topshiriq bajarasiz, masalan, Maftuna, siz eng qalin kitobni o‘ng tomoningizga qo‘­ying. Kamoljon, siz eng yupqa kitobni chap tomoningizga qo‘ying. (Shunday qilib hamma bolalarga alohida-alohida topshiriqlar beriladi va kitoblar qalin, yupqaga ajratiladi.)
Bolalarga 10 tagacha kitobni xuddi shunday bir-biriga taqqoslab qalin-yupqaligi, katta-ki­chikligi va uzun-kaltaligini aniqlash o‘rgatiladi.
Tarbiyachi: – Bolajonlar, hozir sizlarga turli qalinlikdagi va kattalikdagi kitoblar surati chizilgan rasmlarni tarqataman. Siz ularni o‘zingiz xohlagan rangga bo‘yaysiz va qaysi kitobni qanday rangga bo‘yaganingizni aytasiz. Masalan: Men qalin va katta kitobni qizil rangga bo‘yadim. Yupqa va kichik kitobni yashil rangga bo‘­yadim.

Bolajonlar, kitoblarning qalin-yupqa bo‘lishi ularning mohiyatiga ta’sir qilmaydi, chunki hamma kitoblar biz uchun qadrli. Biz kitoblardan juda ko‘p yangi bilimlarni o‘rganamiz, shuning uchun kitoblarni yirtmasdan, chizmasdan, kir qilmasdan avaylab o‘qishimiz kerak.

Bilimlarni mustahkamlash uchun o‘yin: “Qalin-yupqa”.
Bolajonlar, hozir sizlar bilan “Qalin-yupqa” o‘yinini o‘ynaymiz.
Stolingizda nimalar bor?
Bolalar javobi.
– To‘g‘ri, bolajonlar, turli qalinlikdagi nar­salar. Hozir men “qalin qog‘ozni olib balandga ko‘taring” desam, qalin qog‘ozni balandga ko‘tarasizlar. Agar “yupqa qog‘ozni balandga ko‘taring” desam, yupqa qog‘ozni balandga ko‘tarasizlar. O‘yin shu tarzda davom etadi.

Bolalarning bilimini oshirish va mustahkamlash uchun savollar:

1. Kitobning varaqlari ko‘p bo‘lsa, u qalin bo‘­ladimi yoki yupqami?
2. Qalin kitob og‘ir bo‘ladimi yoki yupqa kitobmi?
3. Kitob qalinmi yoki daftarmi? Qog‘oz yup­qami yoki taxtami?
4. Yozda qanday kiyimlar kiyiladi?
5. Qishda qanday kiyimlar kiyiladi?

Tarbiyachi mashg‘ulot davomida va yakunida bolalarni rag‘batlantirib boradi.

Check Also

Aql qayrog‘i

Maktabgacha yoshdagi bolalarda matematik tasavvurlarni shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar ishlanmasi 18-MASHG‘ULOT Geometrik shakllar “Qiziqarli uchburchak” Maqsad: …