Bosh sahifa | Qadriyatlar sabog‘i | Navoiyning hayot ta’limi

Navoiyning hayot ta’limi

O‘zbek xalqi qadimdan farzand tarbiyasiga alohida e’tibor qaratgan. O‘sib kelayotgan mur­g‘ak qalblarga ezgulik urug‘ini sochish, yaxshilik va yomonlikni farqlay bilish, sofdillik, to‘g‘­riso‘zlik, halollik kabi fazilatlarni sing­dirish­da badiiy adabiyot asosiy rol o‘ynagan. Xalq og‘zaki ijodining asrlar sinovida o‘z bahosini topgan ertak, maqol, hikoyat, hikmatli so‘zlari asosiy ta’sir qiluvchi vositalardan biri bo‘lgan. Bola xotirasida nasihatdan ko‘ra, voqeaband asarlar orqali olgan tasavvurlari yaxshiroq esda qoladi. Masalan, ertak qahramonlari o‘z qilmishlariga ko‘ra mukofot yoki jazo olishlari bolada fazilatlar borasidagi tu­shunchani shakllantiradi. Ulardagi salbiy odatlarni takrorlamaslikka o‘r­gatadi. Ta’­lim-tarbiya berish borasida Sharq adabiyoti o‘zining chuqur didaktikaga yo‘g‘rilgani bilan ajralib turadi. Deyarli har bir badiiy asar kishi sifatlariga ahamiyat qaratadi, undan tarbiya, ma’naviy naf olishga chorlaydi.
Insonni aqlan, ma’nan, zohiran va botinan poklikka chorlaydigan ijodkorlardan biri Ali­sher Navoiydir. Navoiy ijodi inson axloqining barcha ko‘rinishlarida mezon darajasini belgilab olishga xizmat qiladi. Ularda asl inson qanday bo‘lishi kerakligi uqtiriladi. Ijodining g‘oyaviy mazmuni rostgo‘ylikka, halollikka, mehnatkashlikka, insonni qadrlashga o‘rgatadi. Insonning kamolotga yetishida asosiy yo‘l ilm ekanligini takror-takror aytadi va ilm olishga chorlaydi.
Bugungi kunda Alisher Navoiy ijodidan yosh avlodni bahramand qilish uchun turli usullardan foydalanilmoqda. Asarlari nasriy bayon qilinib, hikmatli so‘zlari alohida havola etilmoqda, “Xamsa” dostonlaridan ibratli so‘zlar va hikoyatlar olinib, tarbiyaviy maqsad sari yo‘naltirilmoqda. Butun turkiy xalqlarning buyuk ma’naviy merosi hisoblangan “Xamsa” tarkibidagi “Hayrat-ul abror” dostoni o‘zining tarbiyaviy mohiyati bilan boshqalardan ajralib turadi. Unda berilgan hikoyatlar har biri o‘ziga xos xususiyatlariga ko‘ra ma’lum maqsadlarni bayon etish uchun xizmat qiladi. Yoshi ulug‘lar bilan birgalikda aynan bolalarga ham tatbiq qilish mumkin bo‘lgan hikoyatlardan biri Hotami Toy hikoyatidir. Unda o‘z mehnati bilan kun ko‘radigan o‘tinchi haqida hikoya qilinib, halollik, mehnatkashlik ulug‘lanadi. Bu holat bevosita xalq ertaklaridagi sofdil, mehnatkash, samimiy kishilarni – odatda mehnatkash insonlar qiyofasini gavdalantiruv­chi oddiy deh­qon, cho‘pon, o‘tinchi timsollarini ko‘z oldimizga keltiradi. Hikoyat bolani mehnatsevarlikka o‘rgatadi, oson yo‘l bilan topiladigan minnatli oshdan o‘z peshona terisiga kelgan luqmaning afzal ekanligini uqtiradi.
Navoiy asarlarini targ‘ib qilish, anglatish borasida qilingan ishlardan biri dostondagi “Sher bilan Durroj” hikoyati asosida ishlangan multfilmdir. Mazkur hikoyatning talqini bolajonlar tomonidan juda sevib tomosha qilinadi. Unda yolg‘on gapirishga o‘rgangan tildan aytilgan rost so‘z ham yolg‘on kabi eshitilishi isbotlangan. Yolg‘onchilik qanday oqibatlarga olib kelishi qiziqarli va qulay usulda ko‘rsatilgan. Mazkur hikoyat mazmunan xalq og‘zaki ijodidagi “Yolg‘onchi cho‘pon”, “Egri bilan To‘g‘­ri” kabi ertaklariga juda yaqin. Bir-birini to‘ldiruvchi turli variantlarning mavjudligi bolalarning tez va oson anglab yetishida ijobiy rol o‘ynaydi. Hikoyatdan olinadigan xulosani bolaning o‘zi chiqaradi. “Agar Durroj yolg‘onchi bo‘lmaganda edi, bu holatga tushmagan bo‘lardi” kabi xulosaga keladi. Demak, bolada “rostgo‘y, to‘g‘riso‘z bo‘lishim lozim”, degan qarashlar yig‘indisi paydo bo‘ladi. Navoiy asarlarining juda ko‘p o‘rinlarida yolg‘onchilik qoralanadi. Agar buyuk qalb sohibi ijodi bilan biror kishi tarbiyasida to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsata olsa, uning insoniyat hayoti oldidagi orzularidan biri ushalgan bo‘ladi.
Navoiy ijodida targ‘ib qilinuvchi fazilatlardan biri, bu – ilm olish­dir. Jumladan, Imom Faxr ar-Roziy bilan Muhammad Xorazmshohning hammomdagi suhbati berilgan hikoyat ham mantiqiy o‘ylashga chorlaydi. Boylik va amaliga qarab joy egallagan Xorazmshoh unga olim tomonidan bo‘lgan munosabat tufayli uyatga qoladi. Chunki shoh butun boyligini tashqarida qoldirib kirgan, olim bo‘lsa o‘zi bilan – bo­shida ko‘tarib kirgan. Bu boylikni undan hech kim tortib ololmaydi. Agar talqin qiluvchi mohiyatni to‘g‘ri ochib berolsa, bolada ilmning har qanday boylikdan afzalligi haqida tushun­cha shakllanadi. Bugungi kunning talabi bo‘lgan turli tillarni o‘rganish, kitob o‘qish lozimligi, boylikning hammasi tinimsiz mehnat, ilm olish orqali kelishini anglaydi.
Yana bir misol, “Lison ut-tayr” asaridagi butun boyligini kiyimiga osib olgan xasis va ziqna boy suv ichish uchun ariqqa engashganda tillalari og‘irlik qilib suvga g‘arq bo‘lishi ham kulgili holat. Agar uni ertaklar, multfilmlardagi qahramonlar siymosida tasavvur qilsak, yo‘l-yo‘l beqasam chopon kiygan, qorinlari qopday xo‘p­pa semiz kishining suvga cho‘kayotgani ko‘z oldimizga keladi. Bu voqea kishida achinish hissini emas, ko‘proq nafrat hissini uyg‘otadi. Agar u pul, boylikni emas atrofdagi odamlarni yaxshi ko‘rganida shu ahvolga tushmasdi.
Demak, biz maktabgacha ta’lim tarbiyalanuvchilariga Navoiy asarlarini targ‘ib qilishda juda uzoqdan emas, o‘z milliy-mahalliy hududimizga xos bo‘lgan an’anaviy timsollar, tu­shunchalar zamiridan turib baho berishimiz, tushuntirishimiz lozim. Hikoyatlar ma’nosini sharhlashda hayotdagi o‘xshash holatlarga, voqealarga bog‘lab talqin qilinsa, ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin. Bu yo‘lda, albatta qadim boy ma’naviy merosimiz yo‘lboshchi, ma’nolar xazinasi bo‘lib xizmat qilaveradi.

Ozoda TOJIBOYEVA,
Nizomiy nomidagi TDPU o‘qituvchisi.

Check Also

Mustaqillik maydoniga sayohat

Tayyorlov guruhlari uchun amaliy mashg‘ulot Maqsad: bolalarga kаttalarni, keksalarni hurmat qilish, qadrlash, ardoqlash kerakligi haqida …