Bosh sahifa | Mohir qo‘llar | Noan’anaviy rasm chizish usullari

Noan’anaviy rasm chizish usullari

Maktabgacha davr bola hayotidagi eng muhim bosqich hisoblanib, aynan mana shu yoshda u atrofini o‘rab turgan ajoyib va shu bilan birga notanish borliqni xursandchilik bilan o‘rganishga kirishgan jajjigina tadqiqotchiga o‘xshaydi. Bolaning o‘rganish faoliyati qancha rang-barang, turli-tuman bo‘lsa, u har tomonlama rivojlanib, jamiyatimizga foyda keltiradigаn shaxs bo’lib kamol topadi. Buning eng ma’qul yo‘llaridan hisoblangan tasviriy va ijodiy faoliyat kichkintoylarga o‘z ustida mustaqil ishlashga zamin yaratib beradi. Bu jarayon bosqichma-bosqich, oddiydan murakkablikka amalga oshiriladi.

Bolalar uchun tasviriy san’atning an’anaviy usullari (mo‘yqalam, qalam, flomasterlar)dan foydalanib biron-bir buyum, shakl yoki syujetni chizish qiyinchilik tug‘diradi. Chunki faqatgina ushbu buyumlardan foydalanishning o’zi ularning ijodiy qobiliyatini to‘liq yoki keng tarzda ochib berishda yetarli imkon bermaydi.
Rasm chizishning ko‘pgina noan’anaviy usullari ham mavjud bo‘lib, ular bolalarga o‘zlari xohlagan tarzda istagan narsani chizishga va kutilgan natijaga erishishga ko’mak beradi. Tasviriy san’atda noodatiy material va usullardan foydalanish kichkintoylarning mayda qo‘l motorikasini, teri orqali tuyish sezgisini, ko‘z bilan chamalash, qog‘oz sathini aniqlash, diqqat va sabr-toqat, nazorat, o‘zini idora qilish, tasviriy mahorat, kuzatuvchanlik, hissiy sezgirlikni shakllantirish hamda rivojlantirishga yordam beradi.
Ijodiy faoliyat haqiqiy mo‘jiza bo‘lib, ushbu jarayon bolalarning ijodkorlik ruhini bag‘ishlovchi nodir qobiliyatlarini namoyon qiladi. Natijada, ular ijodkorlikning foydali tomonlarini nafaqat ijod mobaynida, balki hayotning barcha jabhalarida his etadilar, sodir etilgan xatolarni, muammolarni to‘siq sifatida emas, maqsadga erishish uchun yana bir odim deb hisoblay boshlaydi.
Bola yaratgan ijodiy ishning natijasi ko‘p jihatdan uning qiziquvchanligiga bog‘liq. Shuning uchun, birinchi navbatda, mashg‘ulotda uning diqqatini jalb etish va qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi omillar yordamida qiziqishini uyg‘otish zarur. Ular quyidagilardan iborat:
– o‘yinlar orqali;
– kutilmagan lahza – sevimli ertak yoki multfilm qahramonining tashrifi va bolani qiziqarli sarguzashtga taklif;
– musiqiy jo‘rlik va boshqalar.
Kichikroq yoshdagi bolalar uchun esa quyidagi noan’anaviy usullardan foydalanish tavsiya qilinadi:
– barmoqchalar bilan chizish;
– sabzi, kartoshka kabi sabzavotlar “muhr”ini bosish;
– paxtali tayoqchalar bilan chizish;
– kaft bilan chizish.
Maktabga tayyorlov yoshidagi bolalarni esa ancha murakkab va qiyinroq usullar bilan tanishtirish mumkin:
– sehrli arqonchalar;
– yarim quruq, qattiq mo‘yqalam bilan zarba berish;
– porolon yoki po‘kak bilan rasm chizish;
– mumli bo‘rlar va akvarel;
– sham va akvarel;
– kaftchalar bilan chizilgan rasmlar;
– barmoqlar bilan rasm chizish;
– qum bilan chizish;
– g‘ijimlangan qog‘oz yordamida chizish;
– naychali klyaksografiya;
– manzarali monotipiya;
– buyumli monotipiya;
– qolip (trafaret) yordamida rasm chizish;
– bo‘yoqlarni tarash usulida chizish;
– oddiy klyaksografiya;
– plastilinografiya;
– barglar yordamida chizish va boshqalar.
Ushbu usullarning har biri kichik o‘yinga o‘xshaydi. Ulardan foydalanish bolalarga o‘zlarini erkin, jasur his qilish, zavq bilan ishlashga imkon yaratadi, tasavvurini rivojlantiradi hamda o‘z fikr va g‘oyasini ifodalash uchun to‘liq erkinlik beradi.
Barglar yordamida rasm chizish
Kuz faslida daraxtlardan to‘kilgan barglar shakli, rangi, o‘lchamiga ko‘ra tanlab olinadi. Barglar mavzuga moslab turli ranglarga bo‘yaladi va bo‘yalgan tomoni qog‘ozga bosiladi. Ushbu usulda turli o‘simliklar, qushlar, gullar, daraxtlarni tasvirlash mumkin.
Mashg‘ulotdan ko‘zlangan maqsad:
– kuzgi tabiat hodisalariga qiziqish va kuz fasli go‘zalligini tasvirlash;
– bolalarda tabiiy shakllar orqali ijodiy obraz va g‘oyalarni rivojlantirish;
– rang-baranglik va kompozitsiya hissini o‘stirish;
– qo‘lning mayda motorikasini rivojlantirish.
Mashg‘ulot uchun kerakli materiallar:
– har xil daraxtlarning barglari (har bir bolaga 4 tadan);
– А4 formatdagi albom varag‘i (har bir bolaga);
– guash bo‘yoqlari to‘plami;
– har bir bola uchun mo‘yqalam;
– ichiga suv solingan maxsus idishlar;
– sochiqchalar;
– “Oltin kuz” mavzusidagi rasmlar;
– barglarni yig‘ish uchun savatcha.
Mashg‘ulotga tayyorgarlik: mashg‘ulotdan oldin tarbiyachi bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasi bog‘iga sayrga olib chiqadi. Tarbiyachi sayr davomida kichkintoylarning diqqatini tabiatdagi o‘zgarishlarga qaratadi: daraxtlarning barglari har xil ranglar (qizil, sariq, yashil, to‘qsariq)ga kirib, nihoyatda chiroyli ko‘rinayotgani, to‘kila boshlagani va boshqalar.
Tarbiyachi va bolalar turli daraxtlardan tushgan barglarni shakli, rangi, o‘lchamiga qarab yig‘adilar. Bundan tashqari, tarbiyachi bolalarga “Oltin kuz” mavzusidagi rasmlarni ko‘rib chiqishni taklif qiladi va ularga barglar yordamida kuzgi daraxtzorni qanday tasvirlash mumkinligini tushuntiradi. Dastlab, barg tanlab olinadi. Bargning usti mo‘yqalam yordamida qizil, sariq va to‘q sariq ranglardan biri bilan bo‘yaladi. Tarbiyachi bargning sirtida ochiq joy qolmasligi va qirralari ham bo‘yalishi lozimligini uqtiradi (bargni alohida qog‘oz varag‘i ustiga qo‘ygan holda bo‘yagan ma’qul).
Bargning bo‘yalgan tomoni toza qog‘oz ustiga, bandi pastga qaratilgan holda qo‘yiladi va joyidan qo‘zg‘atilasdan qog‘ozga mahkam bosiladi, aks holda bosma iz noaniq bo‘lishi yoki surkalib ketishi mumkin.
Xuddi shunday usulda bir necha barg turli rangga bo‘yalib, qog‘ozga bosiladi, so‘ng mo‘yqalam yordamida daraxtlarga tana chiziladi, qarabsizki, ajoyib ranglarda tovlanayotgan kuzgi daraxtzor paydo bo‘ladi.

Zulxumor RAHMONQULOVA,
MTMXQTUMORO‘MM bo‘lim boshlig‘i
Muyba AZIZOVA,
MTMXQTUMORO‘MM metodist