Bosh sahifa | Tasviriy faoliyat | Nuqtadan nuqtqagacha mashqi

Nuqtadan nuqtqagacha mashqi

Nuqtadan-nuqtagacha tasvirlashni bosqichma-bosqich oddiy va sodda predmetlarni tasvirlashdan boshlagan ma’qul. Bolalar bunday tasvirlash texnologiyasini egallab ol­gach, asta-sekin murakkabroq buyumlarni chizishlari mumkin. Quyida bir nechta rasmlar namunalari keltirilgan. Ularni nafaqat oddiy qora qalamda, balki rangli qalamlarda ham tasvirlash bolalarga xush yoqadi. Bolalar tasvirni hosil qilishda o‘zlari mustaqil chizish uchun materialni tanlashlariga erkinlik berish lozim. Bunday o‘yinli tasvirlarni chizishni nafaqat guruhda, balki tabiat qo‘yniga chiqib, MTM hovlisidagi asfaltga rangli bo‘rlarda chizish bilan ham olib borish mumkin. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun bunday mashg‘ulotlar juda qiziqarli bo‘lib, ularning ijodiy qobiliyatlari rivojlanishiga yordam beradi. “Nuqtadan-nuqtagacha” didaktik o‘yinli tasvirlash namunalari:

1.    Nuqtadan-nuqtagacha oddiy qora qalamda yoki rangli qalamda daraxtlar va archani tasvirlash.

2.    Namunaga qarab “nuqtadan-nuqtagacha” didaktik o‘yin tarzidagi tasvir. Baliqcha va dengiz to‘lqinlari tasvirini qalamda qo‘lni uzmasdan tasvirlash mashqi.

3.    Namunaga qarab qalamda bulut va oymomani qo‘lni uzmasdan tasvirlash.

4.    Namunaga qarab qorbobo va quyonchani qo‘l uzmasdan tasvirlash.

5.Uy va mashina tasvirini qo‘l uzmasdan namunaga qarab qalamda tasvirlash.

6.    Namunaga qarab qalamda qo‘l uzmasdan gul va o‘simliklarni tasvirlash.

Namunali tasvir.

Tasvirda olma, uy va gul ko‘rsatilgan. Ular nechta? Sanab ko‘ring va ularga rang berib chiqing. Gullar, uylar, olmalar bir xil rangda bo‘yab chiqiladi.

Material uchun gul bosish usuli.

Bunda har bir bola uchun tayyor tasvir namunasining andozasi beriladi. Albom varag‘ining ustiga to‘rtburchak chizib olamiz. So‘ngra ko‘z bilan chamalab uch qator qilib oddiy qalamda gullarni konturlar andozasidan foydalanib tushirib olinadi. Bunda bolalar gullar va fon uchun ranglarni o‘zlari tanlashlari mumkin. Kichkintoylarning rang tanlashi tek­shirib ko‘riladi. Matoga gul bosishda turli tasvirlar ham bo‘lishi mumkin. Masalan: olma, ol­cha, kapalak, koptok va h.k. Yana andoza usulidan tashqari muhr tushirish usulida ham matoga gul bosishni amalga oshirsa bo‘ladi. Bunda tayyor gullar, mevalar tasviri tushirilgan muhr tayyorlab olinadi. Guash yoki akvarel bo‘yog‘idagi kerakli rangdan mo‘yqalamda olib ko‘rsatilgan tasvir bo‘yaladi, qurimasidan avval albom varag‘iga bir tekis ko‘z bilan chamalab muhr silueti tushiriladi. Bunday qiziqarli no­an’anaviy usullarda mashg‘ulotlarni olib borish tarbiyachi-pedagoglarning metodik tomondan puxta tayyorgarligiga bog‘liq.

Gulnora AMIROVA,
T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zPFITI katta ilmiy xodimi.
Barno JO‘RAYEVA,
T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zPFITI katta ilmiy xodimi, pedagogika fanlari nomzodi.

Check Also

Tasviriy savodxonlikni baholash

Maktabgacha ta’lim muassasalarida olib borilayotgan o‘quv-tarbiya ishlarining sifati va samaradorligi bir qator omillarga bog‘liq. Jumladan, …