Bosh sahifa | Korreksiyot ta'lim | Nutqida nuqsoni bo‘lgan bolalar diqqatini rivojlantirish yo‘llari

Nutqida nuqsoni bo‘lgan bolalar diqqatini rivojlantirish yo‘llari

Diqqat va eslab qolish – bolalar tomonidan bilim va ko‘nikmalarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirib olishni ta’minlaydigan shartlardan biri sanaladi. Shuning uchun o‘qitishning dastlabki davridanoq diqqat va eslab qolish­ni shakllantiruvchi mashg‘ulotlarni tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi. Biz tavsiya etayotgan usulda faqat diqqatni emas, balki nutqni ham rivojlantirish ko‘zda tutiladi. Bola qachonki buyumlarning nomini aytsa, ularni diqqat bilan eshitsagina yaxshi eslab qoladi. Bilish faoliyatini rivojlantirish maxsus maktabgacha tarbiya defektologlari uchun odatiy va ko‘proq ishlab chiqilgan ish yo‘nalishi hisoblanadi. Bu faktning obyektiv sabablari mavjud: maktabgacha tarbiya yo­shidagi bolaning bilish jarayonida xotira va diqqatda tubdan o‘zgarishlar yuz beradi. Bu jarayon ixtiyorsizdan ixtiyoriyga aylanadi. Xotira inson shaxsining birligi va bir butunligini ta’minlaydi. Diqqat esa shaxs uchun ma’lum ahamiyatga ega bo‘l­gan obyektga e’tibor qaratishdan iborat. Bu o‘yinlar bola diqqatini bir joyga jamlashga yordam beradi. Nutqida nuqsoni bo‘lgan bolalar diqqatini rivojlantirishda didaktik o‘yinlarni qo‘llash ahamiyati tadqiqotlarda isbotlangan.

“Diqqatni jamlash”. O‘yin atrofdagi narsa-buyumlarda, tana organlarida yoki fikrlarda o‘tkazilishi mumkin. Diqqatni jamlash mashqlariga bir daqiqadan yarim soatgacha vaqt ajratiladi. Vaqt belgilanib, kerakli holat tanlanadi va mushaklar bo‘shashtiriladi. So‘ng diqqatni jamlash obyekti tanlanadi. Agar mashq davomida diqqat boshqa narsalarga chalg‘iy boshlasa, asabiylashmasdan, tushkunlikka tushmasdan, e’tibor yana kerakli obyektga qaratiladi. Mashq uchun belgilangan vaqt davomida kishi diqqatining chalg‘ishi uch martadan oshmasligi muhim hisoblanadi.

“Pashsha”. Mashqni o‘tkazish uchun 3×3 shaklidagi to‘qqiz katakli o‘yin maydoni chiziladi. Mashqda taxta va plastilin bo‘lagidan foydalaniladi. Plastilin o‘rgatilgan pash­sha vazifasini bajaradi. Taxta vertikal holatda turg‘izilib, qatnashuvchilarga o‘yinning borishi tushuntiriladi. Pashshaning bir katakdan boshqasiga o‘tishi uchun “o‘ngga, chapga, yuqoriga, pastga” kabi buyruqlar beriladi. O‘yin boshida “pashsha” markaziy katakda joylashtiriladi. Buyruqlarni qatnashchilar navbatma-navbat beradilar. O‘yinchilar pashshani diqqat bilan kuzatib, uning o‘yin maydonidan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak. O‘yin davomida kimdir xatoga yo‘l qo‘ysa yoki “pashsha” maydondan chiqib ketsa, “to‘xta” buyrug‘i berilib, “pash­sha” yana markaziy katakka qaytariladi va o‘yin boshidan boshlanadi. Mashq yaxshi o‘zlashtirilganidan so‘ng uni yanada murakkablashtirish mumkin. Buning uchun maydondagi kataklar sonini 4×4 qilib oshirish yoki “pashsha”lar sonini ko‘paytirish mumkin. Bunda har bir pashshaga buyruqlar alohida qilib beriladi.

“Barmoqlar”. Qatnashuvchilar o‘rindiqlarda doira hosil qilib o‘tiradilar. Qo‘llarini tizzalariga qo‘yib bir-biriga chalishtirib, bosh barmoqlarini erkin qoldiradilar. “Boshlang” ishorasi bilan bosh barmoqlarini bir-biri atrofida sekin-asta ma’lum tezlikda va bir yo‘nalishda aylantira boshlaydilar. Bosh barmoqlari bir-biriga tegib ketmasligi muhim. Shu harakatda diqqat jamlanadi. “To‘xtang” ishorasi bilan barmoq harakati to‘xtatiladi. Mashq 5-15 daqiqa davom etadi. Ba’zan qatnashuvchilar o‘zlarini g‘alati his qiladilar: barmoqlari ko‘payib yoki kamayib qolgandek, harakat yo‘nalishi o‘zgargandek tuyiladi.