Bosh sahifa | Maktabga tayyorlov | NUTQIMIZ TO`G`RI VA RAVON BO`LSIN

NUTQIMIZ TO`G`RI VA RAVON BO`LSIN

MAVZU: Mening oilam
Suhbat
Oila, uning tarkibi, oila a’zolarining vazifalari, oila qanday (ahil, mustahkam, mehnatsevar, madaniyatli, sog`lom, mehribon, ozoda) bo`lishi kerakligi haqida bolalar bilan suhbatlashish.

bo`lishi kerak

Leksiko-grammatik mashq va o`yinlar
• “Sen kim bilan yashaysan?” “bilan” ko`makchi-bog`lovchisini qo`llagan holda gap tuzish.
Har bir bola u kim bilan yashashi haqida so`zlab berishi kerak: “Men otam, onam, buvam, buvim, akam, ukam va singlim bilan yashayman” va h.k.

• “Gapni tugalla”. Logoped boshlaydi:
Gapni hamma yakunlar,
So`ngra uni sen qaytar.
Men ovqatlanyapman, otam ham ….(ovqatlanyaptilar). Men kuylayapman, onam ham …(kuylayaptilar). Men dars tayyorlayapman, singlim ham dars …(tayyorlayapti). Men koptok o`ynayapman, akam ham koptok …(o`ynayapti) va h.k.

• “Sizniki-chi?”. Taqqoslash, qiyosiy ma`noli gaplar tuzish, sifat darajasini solishtirishni o`zlashtirish.
Logoped gapni boshlaydi, bolalar esa tugallaydilar:
“Bizning oila katta, … bizniki esa kattaroq. Bizning oila kichik, …bizniki esa yanada kichikroq”.

Lug`at: mustahkam, madaniyatli, inoq, tarbiyali, mehnatsevar, xosiyatli, yaxshi.
• “Yosh-qari”. Sifat darajasini solishtirishni mustahkamlash. Oilaning katta va kichik a’zolari haqidagi tushunchani o`zlashtirish.
Logoped oila a’zolaridan ikki kishini aytadi (ona, buvi), bolalar esa gap tuzishlari kerak: “Onam buvimdan yosh, buvimning yoshi esa onamdan katta”.

• “O`zing haqingda gapirib ber”. Yozuv taxtasida turli belgi-rasmlar osib qo`yilgan: bola, uy, raqam, ota, ona, qiz, maktab, shifokor va h.k.

Har bir bola eslatma rasmlarga tayangan holda o`z oilasi haqida hikoya tuzishi kerak. Logoped namuna uchun bir hikoya tuzib beradi:
“Mening ism-sharifim Yunusov Akmal Vohidovich. Yoshim oltida. Men 5-avgustda tug`ilganman. Ko`p qavatli imoratning beshinchi qavatida, ikki xonali uyda yashayman. Bizning uy Bahor ko`chasida joylashgan. Otamning ism-sharifi Vohid Anvarovich, shifokor bo`lib ishlaydi. Onamning ism-sharifi Komila Ilhomovna, o`qituvchi bo`lib ishlaydi. Singlim Oydin to`rt yoshda, bog`chaga boradi”.
Jismoniy daqiqa – logoritmika
• “Qarsak chal va to`pillat”. Nutqiy harakatli o`yin. Bolalar aytilayotgan so`zning har bir bo`g`iniga bir vaqtning o`zida chapak chaladi va oyoqlari bilan to`pillatadi (lug`at o`rganilayotgan mavzu bo`yicha beriladi).

• “Ch” tovushi artikulyatsiyasi va talaffuzini aniqlashtirish.
“Ch” harfi.

Tovushning tavsifi (undosh – cho`zib aytilmaydi, ovozsiz, tanglayda talaffuz qilinadi).
• “Rasmni top”. Yozuv taxtasida bir nechta rasmlar turadi, bolalar esa tarkibida “ch” tovushi bo`lgan so`zlarni ajratib topishlari kerak.

• “Ch” tovushi bilan o`ynaymiz”. O`yin maydonchasiga rasmlar to`rt qator qilib joylashtirilgan. Bolalar logopedning ketidan qofiyali mashqni takrorlaydilar, keyin so`zlardagi “ch” tovushining o`rnini aniqlaydi.
“Ch” tovushi-la o`ynaymiz,
Unga so`zlar tanlaymiz:
Chaman, chaqmoq, boychechak,
Chayla, chanoq va choynak,
Cho`mich, chodir, chug`urchuq,
Chiroq, chivin va chumchuq.
Archa, chinor, qo`zichoq,
Chang`i, chizg`ich, arg`imchoq,
Chelak, sochiq, chaqaloq,
Chapak, chayla, chaqaloq.
LOGOPED: – Biz nechta so`z topdik?
Bolalar she’rda aytilgan so`zlarni birma-bir sanab beradilar .
• “So`zni tugalla”.
Chumchuq (chu)…g`urlaydi, chigirtka (chi)…rillaydi, chaqmoq (chaq)…adi, chavandoz otda (cho)…padi, chamanzorda gullar (cha)…man bo`lib ochiladi va h.k.

• “Ch” tovushi joyini aniqla”. Kech, hech, chevar, chinni, cho`mich, boychechak, ninachi, chuvalchang, chuchvara, chelak, chang`i, to`g`nag`ich, so`rg`ich.

• “So`zni o`zgartir”. Logoped bolalarga rasmlar ko`rsatadi, ular rasm nomiga -chi, -cha, -choq qo`shimchalarini qo`shib, so`zni o`zgartirishlari kerak: traktor-traktorchi, suv-suvchi, chang`i-chang`ichi, toy-toychoq, qo`zi-qo`zichoq, mushuk-mushukcha, ayiq-ayiqcha va h.k.

• “So`zlarni tanla”. Logoped quyidagi so`zlarni aytadi: piyola, choynak, qoshiq; kapalak, chivin, qo`ng`iz.

Bolalar tarkibida “ch” tovushi mavjud bo`lgan so`zlarni tanlab oladilar.

• “Ch” harfi bilan tanishtirish”. Konturi bo`yicha yozish, uni partada barmoq bilan chizish, tayoqchalardan hosil qilish, alifbodan topish.

LOGOPED: – “Ch” harfi qaysi tomonga “qarab” turibdi? (o`ngga.)
• Bo`g`inlarni o`qish: -chi, -cha, -che, -choy, -chor, -chaq, -chu.

• “Harfni joyiga qo`y”. …orraha, …oy, …inor, nina…i, boy…e…ak, …iroq, …ayla, …avandoz, …evar.

• “Kesma alifbo bilan ishlash”. O`zakdosh so`zlarni tanlash va tuzish, ularni tahlil qilish:
Choy – choynak – choyxo`r; chaman – chamanzor – Chamangul.

• “Gap tuzish, uni o`qish va tahlil qilish”. “Chamanzorda chumchuq chug`urladi. Onam chuchvara pishirdi. Quyosh botib, kech tushdi ”.
Gaplarning grafik chizmasini tuzish.

Mukarram AYUPOVA,
Nizomiy nomidagi TDPU professori,
pedagogika fanlari nomzodi

Shahnoza ARIPOVA,
Nizomiy nomidagi TDPU o`qituvchisi

Check Also

Nutqimiz to`g`ri va ravon bo`lsin

MAVZU: NON Suhbat Non va non mahsulotlari; nonning qanday tayyorlanishi; uni e’zozlab, uvol qilmaslik haqida …