Bosh sahifa | Maktabga tayyorlov | Nutqimiz to‘g‘ri va ravon bo‘lsin

Nutqimiz to‘g‘ri va ravon bo‘lsin

Mavzu: “Bog‘ va tomorqa”
Suhbat

Meva va sabzavotlar qayerda o‘sadi, ulardan nimalar tayyorlanadi, ularning bir-biridan farqi va foydasi nimadan iborat?

Leksik-grammatik mashq va o‘yinlar
• “Bog‘dami yoki tomorqada?” Teskari (yoki taqqoslash) ma’noga ega murakkab gaplar tuzish.
Har bir bolada ikkitadan rasm (sabzavot va meva) bo‘ladi. Namuna asosida kichkintoylar rasmlardan foydalanib gap tuzishadi. Masalan: “Bodring tomorqada o‘sadi, olxo‘ri esa bog‘­da.”

• “To‘rtinchisi ortiqcha”. Chunki bog‘lov­chisi yordamida murakkab gap tuzish.
Doskada to‘rtta rasm (uchta sabzavot va meva yoki aksincha) turibdi. Bolalar ulardan birini olib tashlashlari va o‘z harakatlarini tu­shuntirib berishlari kerak: “Pomidor ortiqcha, chunki u sabzavot, boshqa rasmlarda esa mevalar tasvirlangan.”

• “Eslab qoling va aytib bering”. Logoped tinch holatda meva va sabzavotlardan foydalanib uch ko‘rinishdagi harakatni amalga oshiradi, bolalar esa uni sharhlaydi.
– Siz apelsinni savatga, bodringni likop­chaga soldingiz, olmani esa ikkiga bo‘ldingiz.

– Siz limonni Komilga berdingiz, nonni sa­vat­ga soldingiz, sarimsoqni bo‘lakchalarga bo‘l­­dingiz.

Juda zarur holatda logoped bolalarga yordam berishi mumkin.
• “Nima qayerda o‘sadi?” O‘rin-payt keli­shigidagi so‘zlarning ma’nosini va qo‘llanili­shini o‘zlashtirish.

O‘yin maydonida bog‘ va poliz tasvirlangan ikkita katta rasm qo‘yilgan. Har bir bolada meva va sabzavot tasvirlangan ikkita kartochka bor. Bolalar ularni katta rasmlarga joylashtiradi va uni tushuntirib beradilar. Bu pomidor (shol­g‘om, karam, bodring), u tomorqada o‘sadi. Bu esa nok, u bog‘da, daraxtda o‘sadi va h. k.

• “Meva yoki sabzavotni nima qilasan?”
Har bir bola u yoki bu sabzavot, mevadan nima qilishini o‘ylab topishi kerak. Meva yoki sabzavotlar rasmda tasvirlangan.
— Men pomidordan salat tayyorlayman. Men olma bilan do‘stlarimni mehmon qilaman. Men apelsinni ikkiga bo‘laman. Men olxo‘rini stol ustiga qo‘yaman.

Bog‘langan nutqni rivojlantirish
• Taqqoslovchi-solishtirma hikoya “Bodring va shaftoli”. Bolalarga o‘rgangan nutqiy materiallari asosida, mustaqil hikoyalar tuzishni o‘rgatish. Narsalarni solishtirishga odatlantirish.
“Bodring – sabzavot, shaftoli esa meva. Bodring polizda — egatlarda o‘sadi, shaftoli esa bog‘da — daraxtda o‘sadi. Bodring oval shaklda, yashil rangda, qattiq bo‘ladi. Shaftoli dumaloq, sariq, qizil tusda, yumshoq bo‘ladi. Bodringning ichida mayda urug‘lari bor. Shaftolining ichida esa katta danagi bor. Bodring ham, shaftoli ham foydali, chunki ularning har ikkisi organizmni tozalaydi va oziqlantiradi.”

Bolalar hikoyani jo‘r bo‘lib hamda zanjirsimon tarzda takrorlaydilar. So‘ng logoped kichkintoylarning biridan hikoyani to‘liq aytib berishini so‘raydi.
Logoped boshqa meva va sabzavotlarning turli xususiyatlarini bir-biriga qiyoslagancha hikoya tuzishni taklif etadi.

Jismoniy daqiqa — logoritmika
• “Sabzavot va mevalar” she’ri ma’nosiga mos harakatlarni bajarish.
Sabzavotlar, mevalar,
Mazali mahsulotlar.
Izlab-izlab topamiz,
Ularni biz polizdan,
Bog‘da daraxt shoxidan.

“M” tovushi artikulyatsiyasi va talaffuzini aniqlashtirish. “M” harfi.
Tovush tavsifi: undosh, cho‘zib aytilmaydi, portlovchi, burun tovushi, lab va ovoz ishtirokida talaffuz qilinadi, jarangli tovush.
• “Rasmlarni nomlang”. Doskaga meva va sabzavotlar tasvirlangan rasmlar terib qo‘yilgan. Logoped u yoki bu so‘zda qancha bo‘g‘in bo‘lsa, shuncha marta qarsak chaladi. Bolalar bo‘g‘inlar soniga to‘g‘ri keluvchi so‘zni aytishlari kerak.

• “Tovushlarni sanang”. Aui, aum, im, me, iua, oma, mau, yemu, ouim.

aui au  im  me
iua om  ma em

• Logoped ko‘rsatmalarini bajarish.
— Ikkita unli va “M” tovushini ayting.
— “M” tovushi va ikkita unli tovushni ayting.
— Uchta unli tovush va “M” tovushini ayting va h.k.
• “Eslab qoling va takrorlang”. Doskada meva va sabzavotlar tasvirlangan o‘nta rasm turibdi. Logoped tarkibida “M” tovushi bo‘l­ganlarini aytib, nomlaydi (4-5 rasmni). Bolalar ushbu so‘zlarni takrorlashlari kerak.

• “Sanab toping”. Bolalar logoped bo‘g‘inni necha marta takrorlayotganini sanab topishlari kerak. Bo‘g‘inlar – um; um – um; um – um – um; um – om – um; o‘m – um – un va h.k.

um – um – um-um-
um-om-um o‘m-om-um

• “Onamning sumkasi”. Logoped bolalardan onasi do‘kondan qanday mahsulotlar olib kelganini topishlari va qaysi mahsulotlar nomida “M” tovushi mavjudligini so‘raydi: muz­qaymoq, qaymoq, margarin, makaron, murab­bo, mosh.

• “Sayroqi qushcha”.
• “M” harfi bilan tanishuv: konturi bo‘y­lab chizib chiqish, barmoq bilan doskada yozish, tayoqchalardan yasash, alfavitdan izlab topish.

• Yopiq bo‘g‘inlarni tuzish, o‘qish va ularni ochiq bo‘g‘inlarga almashtirish: em – me, um – mu, im – mi.
Logoped: – “I” tovushidan oldin kelgan undosh yumshoq talaffuz qilinadi.

• “Do‘stlik”. Doskada harflar birlashmasi, masalan, – uan turibdi. Logoped bolalardan “A” harfi qaysi harflar bilan do‘st ekanligini topishlarini so‘raydi.

uan

• “Dada” so‘zini tuzish, tahlil qilish, grafik chizmasini hosil qilish: qizil kvadratchalar unlilarni bildiradi, ko‘k kvadratchalar undoshlarni bildiradi.
• “Po‘lat va timsoh” hazil hikoya. Doskada harflarni boshqarish.
“Bir kuni Po‘lat baliq ovlashga boribdi. Birdan daryodan timsoh chiqib kelibdi va Po‘latga “Men seni yeyman”, – debdi. Po‘lat qo‘rqib ketibdi-da, “Dada”, – deb qichqirmoqchi bo‘­­libdi, biroq qo‘rqqanidan adashib ketib, “Da-ad” deb baqiribdi. Timsoh buni eshitib, Po‘lat ham meni yeb qo‘yar ekan, deb o‘ylabdi. “Yo‘q, men baribir kuchliman”, – deb yanada qo‘rqinchli qilib “Da-ad” deb baqirish o‘rniga, baland ovozda “Da-da”, deb baqiribdi. Shu tarzda ular uzoq vaqt gaplashishibdi. Po‘lat “Da-ad” desa, timsoh bo‘lsa,”Da-da” deb baqirarmish.”

Mukarram AYUPOVA,
Nizomiy nomidagi TDPU professori,
pedagogika fanlari nomzodi.
Shahnoza ARIPOVA,
TDPU o‘qituvchisi.

Check Also

“Yo‘l harakati shahri”ga sayohat

Bolaning katta hayotga qadam qo‘yishi, avvalo, oiladan, ota-ona tarbiyasidan boshlansa, maktabgacha ta’lim muassasasi ta’lim-tarbiyaga yordamchi …