Bosh sahifa | Maktabga tayyorlov | Nutqimiz to‘g‘ri va ravon bo‘lsin

Nutqimiz to‘g‘ri va ravon bo‘lsin

Nutq insonga turli tovushlar, so‘zlar va bosh­qa til elementlari yordamida muloqot qilish imkonini beradi. Nutq madaniyati esa vaziyatga mos ravishda fikrni aniq, ravshan, to‘g‘ri va ta’sir­chan qilib yetkazishdir. Nutq rivojlanishining eng faol davri maktabgacha va maktab yo­shida kechadi. Chunonchi, bolalarda nutqning asosiy poydevori maktabgacha yoshida shakllanar ekan, demak bevosita kichkintoylar nutqini rivojlantirish metodikasida mazkur holatni inobatga olgan holda, asosiy diqqat-e’tibor aynan shu yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirish va korreksiya qilishga qaratilishi lozim.
Tadqiqot mavzusi bo‘yicha Toshkent shahrining turli tumanlarida joylashgan bir qator maxsus maktabgacha ta’lim muassasalarida kuzatish, tajriba o‘rganish va tadqiqot ishlarini o‘tkazish davomida shunga amin bo‘ldikki, hozirgi kunda shahrimiz logopedlari va defektologlari nutqida nuqsoni bo‘lgan bolalar bilan korreksion ishlarni olib borishlari uchun yagona, talab darajasidagi hamda bolalar nutqini har tomonlama rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi qo‘llanma yaratilishiga ehtiyoj sezishmoqda. Shuning uchun ham biz aynan nutqi to‘liq rivojlanmagan 6–7 yoshli bolalar bilan nutq o‘stirish, nutq madaniyati, savod­ga o‘rgatish jarayonida foydalanish mumkin bo‘lgan mashg‘ulotlar namunasini ishlab chiqdik.
Mashg‘ulotlar kombinatsiyalashgan xarakterga ega bo‘lib, faqatgina bolalar lug‘at boyligini oshirishni emas, balki nutqning grammatik tuzilishini korreksiyalash, tovushlarni tahlil qilish, nutq apparati motorikasini rivojlantirish, ruhiy jarayonlarni faollashtirishni ham nazarda tutadi.
Maqoladan joy olgan materiallar ko‘p qirrali bo‘lib, o‘yin va mashqlar soddadan murakkabga qarab joylashtirilgan. Ular bolalarning fonematik idroki, talaffuz malakalari, e­shituv diqqati, verbal xotirasini, artikulyatsion motorikasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.

Kuz
(birinchi hafta)
Suhbat

Kuz oylari, kuz faslida tabiatda va atrof-muhitda yuz beruvchi o‘zgarishlar (kunlarning sal­qinlashuvi, o‘simliklar va daraxt barglari rangining o‘zgarishi, osmonda bulut paydo bo‘lishi, yomg‘ir yog‘ishi, qushlarning uchib ketishi, dala va bog‘larda insonlar mehnati).

Leksiko-grammatik o‘yin va mashqlar.
• Eslab ko‘r va javob ber. Logoped bolalarga rasm ko‘rsatadi va so‘raydi: – “Bugun biz sizlar bilan nima haqida gaplashdik?”
Bolalar: – “Biz kuz fasli (yomg‘ir, shamol, barglar, qushlar, o‘tlar, xazonrezgilik, kuzgi kiyimlar, sovuq kunlar, hosildorlik, bulut va sabzavotlar) haqida gaplashdik”.

• “Savollarga javob” o‘yini. Ush­bu o‘yindan maqsad nutqda turli zamonni ifodalovchi fe’llarni qo‘llash.

O‘yin yomg‘ir, o‘t, barglar va boshqa so‘zlar bilan ham takrorlanadi.

• Gap tuz. So‘zlar ketma-ketligi (shakli) o‘z­gargan gap ustida ishlash.
Esyapti, kuzda, shamol, salqin.
Sarg‘aymoqda, barglar, daraxtlarda.
Yerda, o‘tlar, so‘limoqda.
Uchib ketadilar, janubga, qushlar.
Yomg‘ir, yog‘moqda, kuzda.

Check Also

BOLALARNI MAKTABGA TAYYORLASHNING METODIK-TASHKILIY ASOSLARI

Maktabgacha ta’lim bola shaxsini sog`lom va yetuk qilib maktabga tayyorlash maqsadini ko`zlaydi. Ta’lim-tarbiya qancha erta …