Bosh sahifa | Maktabga tayyorlov | Nutqimiz to‘g‘ri va ravon bo‘lsin

Nutqimiz to‘g‘ri va ravon bo‘lsin

• “A” tovushi bilan tanishish (unli, cho‘zib aytish mumkin, og‘iz ochiq holatda bo‘ladi, ovoz bilan talaffuz qilamiz).
Bolalar logoped bilan birga rasmlarni nomlaydilar: a – a – avtobus, a – a – ananas, a – a – apelsin, A – A – Anora, A – A – Alisher, a – a – asalari va h.k. Ushbu so‘zlar “A” tovushi bilan boshlani­shini ta’kidlab o‘tadilar.
Keyin doskada so‘zlar chizmasi tuziladi. A _____ ________.

• “A bilan do‘stlashamiz” nomli sanoq koptok bilan aytiladi.
“A” bilan do‘stlashamiz.
A – A – A deb uni aytamiz.
Anora, Alisherni,
Akbar hamda Anvarni,
Safimizga olamiz.

• “A” harfi bilan tanishuv. Logoped bolalarga harflar biz talaffuz qilayotgan tovushlarning yozuvdagi ifodasi ekanligini gapirib beradi.
• “Tovush va harflar” qoidasini o‘rganish (qoidani aytish jarayonida bolalar ko‘rsatkich barmoqlari bilan og‘iz, quloq, ko‘z va havoni ko‘rsatadilar).

Tovushlarni talaffuz qilamiz va eshitamiz.
Harflarni ko‘ramiz va yozamiz.
• Barmoq bilan “A” harfi chetidan (konturidan) yurgizib chiqiladi, “A” harfi parta ustiga barmoq bilan yoziladi, bolalar uni alifbodan topishadi, tayoqchalar yordamida “A” harfi hosil qilinadi.
• Rasmlarni nomlash jarayonida talaffuz qilinayotgan so‘z oxiridagi “A” unlisini ajratish: piyola, maysa, kosa, somsa, deraza, ko‘za. Bunda “A” tovushi cho‘zib talaffuz qilinadi.
• “Tovush qayerda”. So‘zdagi tovush o‘rnini yaqqol tasavvur qilishga, shuningdek o‘rganilayotgan harfni eslab qolishga imkon beruvchi chizmalar bilan ishlash (chizmalar – kartonli tasmalar).
• “Do‘st bo‘lgan so‘zlarni top”. Bolalarga jaranglashi bo‘yicha so‘zlarni o‘zaro taqqoslash­ni o‘rgatish (so‘zlar turlicha va o‘xshash jaranglaydi).

Doskada juft rasmlar: sarpa – sharpa, sho‘rva – jo‘va, shamol – Jamol, sanoq – chanoq, usta – uchta, paxta – taxta. So‘ng rasmlarning o‘rni almashtirilib, aralashtiriladi, har birining jufti topiladi.

Mukarram AYUPOVA,
TDPU professori, pedagogika fanlari nomzodi.
Shahnoza ARIPOVA,
Nizomiy nomidagi TDPU o‘qituvchisi.

Check Also

Maktabga ilk qadam

Zamonaviy bolalar maktabga tayyor! Haqiqatan ham ta’lim olish jarayoni yildan yilga shunchalar rivojlanib bormoqdaki, 1 …