Bosh sahifa | Davlat talablari amalda | Odobli bola elga manzur

Odobli bola elga manzur

Kelajak avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi har bir yurtning ertangi kuni va orzu-maqsadlarini belgilaydi. Bola tarbiyasi, avvalo, jamiyatning ajralmas qismi – oiladan, u yerdagi sog‘lom muhitdan boshlanadi. Kichkintoylarning aqlli va dono bo‘lib ulg‘ayi­shida birinchi o‘rinda ota-onalar mas’ul bo‘lsa, undan keyin uzluksiz ta’limning ilk bosqichi hisoblangan – maktabgacha ta’lim muassasalari turadi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarda rostgo‘ylik, kamtarlik, o‘z tug‘ishganlariga, qarindosh-urug‘lariga, yaqin do‘stlariga nisbatan mehr-muhabbatli bo‘lishni, sog‘lom turmush tarzini tarbiyalashga qaratilgan “Zumradoylar davrasi” to‘garagi tashkil etilgan. Bu to‘garak yurtimizning barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida musobaqa, ochiq mashg‘ulot yoki tarbiyaviy tadbir ko‘rinishida o‘tkazib kelinmoqda. Yunusobod tumanidagi 97-MTM tarbiyalanuvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan “Odob – oltindan qimmat” tarbiyaviy tadbiri ham yuqorida sanab o‘tilgan fazilatlarni bolalarda yoshligidan shakllantirishni maqsad qilgan. Muassasa tarbiyalanuvchilari ushbu tadbir orqali ko‘chada o‘zini tutish, kattalar oldida odob saqlash, ularga doimo “labbay” deya javob qaytarish kabi odob-axloq qoidalarini o‘rgandilar.
– Ushbu tadbirni biz bolajonlarimizning sevimli qahramonlari “Zumrad va Qimmat” ertagi asosida tashkillashtirdik. Unda kichkintoylar odob bilan ko‘p narsaga erishish mumkinligini, odob boshi “assalomu alaykum”dan boshlanishini, kattalarga nisbatan “xo‘p bo‘ladi” va “labbay” degan chiroyli so‘zlarni ishlatishni anglab oldilar. Tadbir davomida kichkintoylar o‘zlari yod olgan odob-axloqqa doir maqol va matallarni mehmonlarga aytib berdilar. Qizlarimizga xush­muomalalik, kamtarlik, rostgo‘ylik madaniyatning muhim tomoni hisoblanishini ertak davomida buvijon tomonidan o‘rgatib borildi. Bolalarga ta’lim berish jarayonida biz ularga turli xil rivoyatlar, ertaklar, maqol va matallar hamda xalq og‘zaki ijodidan namunalar aytib beramiz. Shu orqali kichkintoylar qalbi va ongida yaxshi fazilatlarni shakllantiramiz, – deydi muassasa mudirasi Feruza Ro‘zmatova.
Haqiqatdan ham farzandlarimizning ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetishlarida xalq og‘zaki ijodi namunalari muhim o‘rin egallaydi. Sababi bolalar ertak qahramonlari tufayli, ularning xatti-harakatlarini ko‘z oldilarida gavlantirgan holda yaxshini yomondan, ezgulikni yovuzlikdan farqlashni o‘rganadilar. Tar­biyalanuvchilarning fikrlash qobiliyatini ham, avvalo, mana shu ma’naviy merosimiz ila o‘stirsak, jamiyatimiz uchun komil shaxsni tayyorlagan bo‘lamiz. Tarbiyachilar va ota-onalar o‘zaro aloqa bog‘lagan holda bola tarbiyasida odob-axloq qoidalariga katta e’tibor bilan yondashishlari kerak.
– Farzandlarimizni bolalikdan ma’nan yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishlari uchun tarbiyani odobdan boshlashimiz lozim. Xalqimizda “Odobli bola elga manzur” degan hikmatli gap bor. Shunga muvofiq biz ham bugungi tarbiyaviy tadbirimiz uchun odobni bosh mavzu qilib oldik. Odob haqida juda ko‘plab maqol va matallar, ertak hamda rivoyatlar, hikmatli so‘zlar aytib o‘tilgan. Farzandining odobli bo‘lib ulg‘ayishi ota-onaning boshqalar oldidagi hurmatini belgilaydi. Shuning uchun ham bola tarbiyasida ota-onalar bilan hamkorlikda ishlash ko‘zlangan natijaga erishish­da asosiy omil hisoblanadi, – deydi muassasa uslubchisi Zulfiya Saidahmedova.
Yurtimizning barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan mana shunday turli xildagi to‘garaklar farzandlarimizning har tomonlama ma’naviyatli shaxs bo‘lib shakllanishlarida tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. Maktabgacha yosh davri bola uchun eng muhim davr sanaladi. Bu yosh bosqichida kichkintoylar hamma nar­saga q­izi­quv­chan, mash­g‘ulotlarni ham astoydil bajaradigan bo‘li­shadi. Shu sababdan ham ular bilan turli mavzularda mash­g‘ulot va tadbirlar uyushtirib turish oldimizga qo‘y­gan maq­sadga erishish­ning eng muhim belgisidir.

Check Also

Maktabgacha ta’lim kamoloti

Maktabgacha ta’lim davrining samarali va sifatli o‘tishi bolaning boshlang‘ich sinflardagi muvaffaqiyatini belgilaydi. Ta’lim islohotlari ne­gizida, …