Bosh sahifa | Davlat talablari amalda | Odobli bola elga manzur

Odobli bola elga manzur

TA’LIMGA YANGICHA YONDASHUV

Yurtimizda barkamol avlodni tarbilash yo‘lida bir qancha ishlar olib borilmoqda. Shu jumladan, imkoniyati cheklangan bolalar sog‘ligi va ta’lim-tarbiyasiga bo‘lgan alohida e’tibor barcha soha vakillarining diqqat-e’tiborida ekanligini yaxshi bilamiz. Bugun imkoniyati cheklangan bolalar ta’lim-tarbiyasiga nafaqat bizning mamlakatimizda, balki butun jahonda katta ahamiyatga molik masala sifatida qaralmoqda. Ularning ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu yo‘nalishda yurtimiz va jahon mamlakatlari hamkorlikda ish olib borayotganini guvohi bo‘lyapmiz. Buni ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalarida yaratilgan imkoniyatlardan ham ilg‘ab olish mumkin.
Hozirgi kunda yurtimizning barcha ta’lim maskanlarida hattoki, maktabgacha ta’lim muassasalarida ham bolalarga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ta’lim-tarbiya berish bosh maqsad qilib olingan. Bu usul orqali nafaqat sog‘lom, balki imkoniyati cheklangan bolalarning ham ilm olishga bo‘lgan qiziqishi ortadi. Eshitish, ko‘rish hamda aqliy jihatdan nuqsoni bo‘lgan bolalarga axborot texnologiyalaridan foydalanib ta’lim berish ularni sog‘lomlashtirish yo‘lidagi eng qulay vosita hisoblanadi. Chunki eshitishda nuqsoni bo‘lgan bola ko‘proq qo‘shiq tinglasa, aqliy jihatdan nuqsoni bo‘lgan bolalar esa ko‘proq multimedia materiallaridan tayyorlangan roliklarni ko‘rish orqali sog‘lomlashtiriladilar.
2016-yilning 4-may kuni 431-IMTMda Tosh­­kent shahar Uchtepa tumani maxsus maktabgacha ta’lim muassasalari uslubiy birlashmasi tomonidan “Ta’lim-tarbiya jarayonida axborot texnologiyalari va multimedia materiallarini keng tatbiq etish” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi. Maxsus uslubiy birlashmaning asosiy maqsadi tumandagi maxsus maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari hamda mas’ul pedagog xodimlarini sohaviy yo‘nalish bo‘yicha malakalarini oshirish, ularni maktabgacha ta’lim tizimida qo‘llanilayotgan ilg‘or innovatsion ish uslublari bilan tanishtirish, tajriba va fikrlar almashishdan iborat. Maxsus uslubiy birlashma tumandagi beshta maxsus 328, 404, 431, 450, 604-MMTM va tumandagi 19, 186, 340, 365, 393, 550, 591-MTM logopunktlari hamkorligida va ishtirokida olib borildi.
Seminar davomida imkoniyati cheklangan bolalar ishtirokida tayyorlangan ko‘rinishlar tar­biyachi va mehmonlar e’tiboriga havola etildi.
– Ta’lim-tarbiya jarayonida axborot texnologiyalari va multimedia materiallaridan foydalanish imkoniyati cheklangan bolalarni sog‘lomlashtirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. Bola aqliy jihatdan nuqsonga ega bo‘lsa, unga avvalo ovoz, undan keyin tasvir orqali ta’sir o‘tkazish mumkin. Maxsus maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyachilar yangi axborot texnologiyalarini qo‘llash orqali tarbiyalanuvchilar diqqati, xotirasi hamda tafakkurini rivojlantirish­ga erishadilar, – deydi maxsus uslubiy birlash­ma raisi Dilnoza Musayeva.
Seminarda maxsus maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari qo‘l mehnati bilan ishlangan o‘zlarining ijodiy ishlarini tashrif buyurgan bog‘cha tarbiyachilariga birma-bir ko‘rsatib, tu­shuntirib berdilar. Imkoniyati cheklangan bolalar qo‘l motorikasini rivojlantirish, eshitish­da nuqsoni bor bolalarning eshituvini yaxshilash hamda ko‘zi ojiz kichkintoylarning ko‘rish qobiliyatini shakllantirish maqsadida tarbiyachi va defektologlar tomonidan bir qancha maxsus ishlanmalar tayyorlandi. Yog‘och, shar, qog‘oz, flomaster va shu kabi materiallardan tayyorlangan turli xil sensor tarbiyaga oid o‘yin ishlanmalar bolalarning qo‘l motorikasi yaxshi rivojlanishiga ko‘mak beradi. Bundan tashqari, tarbiyachilar tomonidan donli mahsulotlardan foydalangan holda bolalarning sezgi organlarini rivojlantirish ham an­cha yo‘lga qo‘yilgan. Bolalar qo‘llari bilan ushlab ko‘rib, moshni loviyadan, bug‘doyni no‘xotdan ajratishni boshlaydilar. Shuningdek, ularning ta’m bilish qobiliyatlarini shakllantirish maqsadida tarbiyachilar oziq-ovqat mahsulotlaridan taomlar tayyorlab, kichkintoylarning ta’m bilish sezgisini yaxshilashga katta yordam beradilar.
Mamlakatimizdagi maxsus maktabgacha ta’­lim muassasalari faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘l­sak, u yerdagi tarbiyalanuvchilar jismonan sog‘lom bolalar singari o‘qishni, yozishni, jamiyat hayotida insonlar bilan muloqotga kiri­shishni o‘rganayotganlarini guvohi bo‘lamiz. Bu kabi mas’uliyatli vazifa yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar talaygina. Imkoniyati cheklangan bolalar ta’lim-tarbiyasi, ularning, eng avvalo, sog‘lom muhitda voyaga yetishi shu zaminda ya­shayotgan sog‘lom fikrli insonlarning vazifasi hisoblanadi. Muassasadan uzoqlashar ekanmiz, tarbiyachilar mehridan barpo bo‘lgan bu poydevorning doimo mustahkam bo‘lishiga amin bo‘ldik.

Nilufar MURODOVA.

Check Also

Viloyatlarda tashkil etiladigan xususiy bog`chalarda elektr va gaz uchun to`lovning 50% ini davlat to`lab beradi

Вазирлар Маҳкамаси “Ўзбекистон Республикаси Мактабгача таълим вазирлиги ва унинг тизимидаги муассасаларнинг моддий-техника базасини мустаҳкамлаш ҳамда …