Bosh sahifa | Navbatdagi mashg‘ulotga | Oftobimsiz, onajonim!

Oftobimsiz, onajonim!

Bog‘cha zali ko‘klam nafasini eslatuvchi gullar bilan bezatilgan. Tarbiyalanuvchilar qo‘llarida turli xil gullar bilan Dilorom Omonullayevaning “Buvijon” qo‘shig‘i musiqasi ostida zalga kirib keladilar va o‘z joylarini egallaydilar.

BOSHLOVCHI: — Assalomu alaykum, aziz onajonlar, opa-singillar, hamkasblar hamda bolajonlar! Barchamiz sog‘ingan bahor o‘lkamizga kirib kelyapti. Sizlarni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy qutlaymiz. Sizlarga eng ezgu tilaklarimizni izhor etishdan baxtiyormiz.

1-BOLA: — Do‘stlar, bugun hammamiz u­chun qadrli va mehribon onajon-u buvijonlarimizning bayrami.

2-BOLA:
— So‘zlari bol, durdona,
Mehnatda eng mardona,
Olam ichra yagona,
Sizsiz, ey aziz, ONA!

3-BOLA: — Bolalar, bilasizmi, biz nima u­chun aynan onalar bayramini bahor faslida nishonlaymiz? Chunki bu faslda borliq go‘zal, maftunkor va latofatli bo‘ladi. O‘zining issiq tafti bilan bizning ko‘nglimizni yoritguvchi oftob va ona so‘zlari naqadar bir-biriga bog‘liq-a, qarang?!

4-BOLA: — Dunyodagi eng mehribon, biz uchun qadrli bo‘lgan onajonimiz, axir sizni qanday yaxshi ko‘rmay bo‘ladi?!

1-BOLA:
— So‘zimning gavhar duri,
Oilamiz g‘ururi,
Ikki ko‘zimning nuri,
Mehribon onajonim.

2-BOLA:
— Qor, yomg‘irda soyabon,
Atrofimizda giryon,
Dunyoda aziz inson,
Mehribon onajonim.

3-BOLA:
— Dilbar deyman onajon,
Munis deyman onajon.
Baxt qo‘lida porlagan,
Yulduz deyman onajon.
(Bolalar qo‘llaridagi gullarni bayramda yig‘ilganlarga beradilar va Nadim Norxo‘jayevning “Gul terdi gullar” qo‘shig‘ini ijro etadilar.)

Gul terdi gullar

P.Mo‘min she’ri. 

N.Norxo‘jayev musiqasi.

O‘g‘il bola, qiz bola,
Qirdan terdi gul, lola,
Qarasangiz ularga,
Ular o‘xshar gullarga.

Naqarot:

Gul terdi, gul terdi,
Gul terdi gullar.
Eh, qarang, rang-barang,
Gul terdi qo‘llar.

Gullar terib ozmuncha,
O‘ynadilar to‘yguncha.
Har tomonga chopdilar,
Yangilarni topdilar.

Naqarot:

Quyoshda toblandilar,
Chamanda tovlandilar.
Do‘stlariga ataylab,
Gul terdilar avaylab.

Naqarot:

1-BOLA:
— Quyosh nurlaridek issiq kaftingiz.

2- BOLA:
— Xuddi yulduz kabi chaqnar yuzingiz.

3-BOLA:
— Go‘yo osmon kabi cheksiz bag‘ringiz.

4-BOLA:
— Onajonim, yagonamdirsiz.

BOSHLOVCHI: — Bolalar, bugun bayramimizga mehmonlar tashrif buyurishgan. Ular sizlarni bayram bilan qutlash istagida.
Davrada Boychechak va Bahoroy paydo bo‘­ladi.

BOYCHECHAK:
— Salom, mening qadrdonlarim!

BAHOROY:
— Salomatmisiz, shirintoylarim!

BOYCHECHAK: — Qanday chiroyli bayram-a, ayniqsa, kiyimlarini aytmaysizmi?!

BAHOROY: — Menimcha, bu yerga yig‘ilgan bolalarning barchasi onasini juda yaxshi ko‘radi, to‘g‘rimi?
Bolalar javobi.

BOYCHECHAK: — Barakalla, unday bo‘l­sa, keling, bugun sizlar bilan quvnoq o‘yin o‘y­naymiz.

BAHOROY: — Biz topishmoq aytamiz, sizlar esa uning javobini topasizlar, tayyormisizlar?
Bolalar javobi.

BAHOROY:
— U bo‘ladi yong‘oqli,
Murabbo va qaymoqli.
Shokoladli, pushti oq,
Muzdekkina…?
Bolalar javobi: — Muzqaymoq.

BOYCHECHAK: — Qoyil, to‘g‘ri topdingiz. Endi mening topishmog‘imni tinglang.
Gullari mayda-mayda,
Bo‘yog‘i siyoh rangda.
Sog‘intirib xush atrin,
Ochiladi…?

Bolalardan biri “Nastarin” deb aytadi.

BOSHLOVCHI: — Bahoroy va Boychechak, bolajonlarimiz topishmoqlaringizga mos qo‘­shiqlar tayyorlab turishibdi, eshitib ko‘rasizlarmi?

BOYCHECHAK VA BAHOROY: – Biz juda ham xursand bo‘lamiz.
Bolalar qo‘llaridagi gullarni ushlagan holda “Nastarin” ashulasini kuylaydilar.

BOSHLOVCHI: — Bolajonlarimiz sizlarni juda yaxshi ko‘rishadi, sizlar uchun she’r ham yod olishgan.

BOYCHECHAK: — Juda ham yaxshi, unday bo‘lsa, tinglaymiz.

1-BOLA:
— Tun-u kun nurga intilding,
Qish qahrin tashlab kelding.
Dillarda qadring baland,
Bahorni boshlab kelding.

2-BOLA:
— Boychechagim, Boychechak,
Kulib chiqqan oy chechak.
Bahorda qir dalamga,
Qo‘shasan oy chechak.

BAHOROY: — Rahmat sizlarga, mening jajji bolajonlarim. Sizlar bilan bayramda qatnashganimdan shodman. Sizlar meni sog‘ingansiz, endi sizlar bilan birga bo‘laman.

BOSHLOVCHI: — Hozir onajonlarimizni bayram bilan qutlash uchun kichik guruhimizning tarbiyalanuvchilari M.Ikromova musiqasiga bastalangan “Aya-ayajon” qo‘shiqlarini ijro etib berishadi. Marhamat, tomosha qiling!
Bog‘chaning jajji qizlari ijrosida qo‘­shiq kuylanadi.

BAHOROY: — Rahmat, barakalla bolajonlar, hamma buvijonisini juda yaxshi ko‘rsa kerak-a!? U holda buvijoningiz haqida menga o‘zingiz yod olgan she’rlardan aytib bersangiz.

3-BOLA:
— Olamda eng mehribon,
Sizsiz, aziz buvijon.
Erkalaysiz har qachon,
Mehribonim yaxshisiz.

4-BOLA:
— Oftobdayin bag‘ringiz,
Jozibali mehringiz.
Bormi biror sehringiz,
Buvijonim yaxshimsiz.

BOYCHECHAK VA BAHOROY: — Rahmat sizlarga, bolajonlar! Bugun bayram tufayli biz sizlarning topqirligingizni, mohirligingizni va zehningizni sinovdan o‘tkazdik. Ayniqsa, sizlar ijro etgan kuy-qo‘shiqlar dilimizni charog‘on etdi, endi esa biz sizlar singari boshqa bolajonlarning bayramlariga ham borishimiz kerak. Xayr, salomat bo‘ling!

Boychechak va Bahoroy bolalar bilan xayrlashib chiqib ketadilar.

BOSHLOVCHI: — Aziz mehmonlar, shuning bilan bugungi, hayot mehvari onalarimizga atalgan bayram ertaligimiz o‘z nihoyasiga yetdi. Hech qachon yuzingizni tabassum, qalbingizni mehr-muhabbat tark etmasin.

Bolalar musiqa sadolari ostida mehmonlarga ta’zim qilib chiqib ketadilar.

Ulug‘bek MIRZAHMEDOV,
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 2-umumta’lim maktabining musiqa
madaniyati fani o‘qituvchisi.

Check Also

Nutqimiz to`g`ri va ravon bo`lsin

MAVZU: HASHAROTLAR Suhbat Hasharotlarning yashash tarzi: oziqlanishi, tuzilishi (boshi, mo‘ylovi, qanoti, oyog‘i), uyi (kavak, in), …