Bosh sahifa | Davlat talablari amalda | Oilada mutolaa madaniyati

Oilada mutolaa madaniyati

Inson o‘z umri davomida oladigan barcha ma’lumotlarning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda faol qabul qilishi, bolaning ongi, asosan, 5–7 yoshda shakllanishi ilmiy tadqiqotlarda o‘z tasdig‘ini topgan. Bu esa jamiyatga kirib kelayotgan shaxsning ma’naviy-ruhiy olami, dunyoqarashi, bilim va salohiyati uning maktab yoshigacha bo‘lgan yillarda olgan ta’lim-tarbiyasiga uzviy bog‘liqligidan dalolat beradi.

Maktabgacha ta’lim bolaning sog‘lom, har tomonlama kamol topib shakllanishini ta’minlaydi, unda o‘qishga intilish hissini uyg‘otadi, uni muntazam ta’lim olishga tayyorlaydi. Maktabgacha ta’lim bola 6–7 yoshga yetgunicha davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarida hamda oilalarda amalga oshiriladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bola kamolotining ilk kurtaklari nafaqat oilada, balki maktabgacha ta’lim muassasalarida namoyon bo‘ladi. Ushbu muassasalarda tarbiyaviy ishlar sifati, samaradorligi, ularda yaratilgan zamonaviy imkoniyat hamda sog‘lom muhit murg‘ak farzandlarimiz taqdirida g‘oyat muhim o‘rin egallaydi.
MTM bolalarning aqliy, ma’naviy, estetik va jismoniy rivolanishi, maktab ta’limining yangi sharoitlariga va o‘quv materiallarini ongli egallashga faol kirib borishlari uchun zarur asosni yaratadi. Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikamiz bo‘yicha jami 4893 ta maktabgacha ta’lim muassasasida qariyb 668,5 ming nafar bola tarbiyalanmoqda. Shuningdek yurtimizda 250 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ularda 13 ming nafarga yaqin tarbiyalanuvchilar qamrab olingan. Hozirgi paytda respublikamiz bo‘yicha maktabgacha ta’lim sohasida bolalarni qamrab olish 27 foizni tashkil qilmoqda. Demak, yetmish foizdan ko‘proq o‘g‘il-qizlar tarbiyani, asosan, oilada ota-onasidan olmoqda. Shuni inobatga olgan holda, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limni takomillashtirish” loyihasi doirasida qishloq joylardagi maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan 3–6 yoshli farzandlari bo‘lgan oilalarga 7 nomdagi kitoblar bepul tarqatilmoqda. Ushbu to‘plamga qiziqarli ertak va she’rlar jamlangan bo‘lib, bolalarning mutolaa madaniyatini shakllantirishga va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladi. Jumladan:
1. “Oilada mutolaa qilamiz” – ota-onalar uchun qo‘llanma. Unda oilada kitob o‘qishni tashkil etish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar hamda maktabgacha ta’limga qo‘yilgan davlat talablariga muvofiq, bolalar badiiy adabiyot bo‘yicha egallashi lozim bo‘lgan minimal bilim va malakalar kiritilgan.
2. “Kitoblar olamiga ilk sayohatim” – 3–5 yoshli bolalarga mo‘ljallangan ertak va she’rlardan iborat.
3. “Mening sevimli kitobim” – oldingi kitobning mantiqiy davomi bo‘lib, unda “Oltin tarvuz”, “Uch ayiq”, ‘Bo‘g‘irsoq” kabi ertaklar va bir qancha bir-biridan ajoyib she’rlar o‘rin olgan.
4. “Kitoblar – mening do‘stim” – 5–7 yoshdagi bolalarga mos ertak, rivoyat va she’rlardan iborat.
5. “Salom maktabim” – 5–7 yoshli bolalar uchun “Zumrad va Qimmat”, “Ur, to‘qmoq”, “Tulkivoy” kabi qiziqarli o‘zbek xalq ertaklari hamda B. Isroilning “Shunday o‘lkam bor”, Z. Diyorning “Kapalak”, Y. Sulaymonning ustoz kabi she’rlarini o‘z ichiga olgan.
6. “Olamni o‘rganamiz” qo‘llanmasi – 5–7 yoshli bolalarning atrof-olam, tabiat to‘g‘risidagi va elementar matematik tushunchalarini rivojlantiruvchi materiallardan iborat.
7. “Jahon xalqlari ertaklari” – bunda esa 29 ta eng sara ertaklar jamlangan.
Kitoblardagi har bir asar o‘zbek va rus tillarida, Qoraqalpog‘istondagi bolalar uchun esa o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida berilgan. Har bir ertak, rivoyat va she’rdan so‘ng berilgan savol va topshiriqlar kichkintoylarning asar g‘oyasini chuqurroq anglashiga, voqea-hodisalar haqida mulohaza yuritib, fikrini erkin ayta olishi, mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishiga yordam beradi. Rang-barang, asar mazmuniga mos rasmlar esa kitob sahifalariga o‘ziga xos joziba baxsh etgan.
Kitoblar to‘plami birinchi bosqichda 200000, ikkinchi bosqichda 153000 oilaga tarqatiladi. Shu maqsadda “Mahalla” xayriya jamoat fondining hududiy bo‘linmalari va hududiy xalq ta’limi boshqaruvi idoralari tomonidan oilalarning ro‘yxati tuzildi. Bunda ulardagi maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan 3–6 yoshli bolalar soni, oila joylashgan mahallaning tuman markazidan uzoqligi, oilaning kam ta’minlangani kabi jihatlar hisobga olindi. Kitoblar to‘plami oilalarga eng yaqin joylashgan maktabgacha ta’lim muassasalari orqali tarqatiladi.
Buning uchun respublika bo‘yicha 2144 ta maktabgacha ta’lim muassasasi tanlab olindi. Tegishli tavsiyanomaga ko‘ra, to‘plam ota-onalarga muassasada tuzilgan ishchi guruh tomonidan tarqatiladi. Ishchi guruh a’zolari kitoblarni ota-onalarga tarqatish chog‘ida foydalanish metodikasi yuzasidan tushuncha beradi. Loyihaga ko‘ra, maktabgacha ta’lim muassasasining pedagoglari har oyning belgilangan kunlari ota-onalar va bolalar bilan uchrashib, har bir kitobdan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha davra suhbatlari o‘tkazadi. Ayni paytda barcha kitoblar belgilangan maktabgacha ta’lim muassasalariga yetkazilib, birinchi bosqichdagi 200000 ta oilaga tarqatish jarayoni yakunlanmoqda. Mazkur kitoblar qabul qilgan ota-onalar farzandlarida yoshligidan kitobga mehrni uyg‘otish, uni asrab-avaylash ko‘nikmalarini shakllantirishi lozim.
Zero, hukumatimiz tomonidan maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olinmagan bolalarni maktab ta’limiga sifatli tayyorlash maqsadida katta mablag‘ sarflanib mazkur kitoblar ota-onalarimizga bepul tarqatilmoqda. Ota-onalar ham o‘z navbatida mazkur kitoblarni yaxshi saqlagan holda, bolalari maktabga chiqqanidan keyin, farzandlari maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan oilalarga ushbu kitoblar to‘plamini taqdim etishsa nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Bu bilan biz davlatimiz tomonidan sarflanayotgan mablag‘lardan yanada unumli foydalangan holda barcha bolalarda ilk bilimlarni shakllantirishga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.
Demak, ota-onalar ushbu qo‘llanmalardan foydalanib, farzandini aqliy, jismoniy, ruhiy jihatdan chiniqtirishi mumkin. Turli rasmlar, qiziqarli she’r va hikoyalar orqali bolalarning, avvalo, bilim olishga qiziqish hamda ishtiyoqi uyg‘onadi. Diqqatni jamlash, xotirani mustahkamlash mashqlarida tafakkuri toblanadi. Qisqacha aytganda, bolalarimiz endi maktabga o‘z fikrini to‘g‘ri va to‘liq ifodalay oladigan, o‘qish hamda yozishni biladigan holda qadam qo‘yadi.

Shavkat XO‘JAQULOV

Check Also

Viloyatlarda tashkil etiladigan xususiy bog`chalarda elektr va gaz uchun to`lovning 50% ini davlat to`lab beradi

Вазирлар Маҳкамаси “Ўзбекистон Республикаси Мактабгача таълим вазирлиги ва унинг тизимидаги муассасаларнинг моддий-техника базасини мустаҳкамлаш ҳамда …