O`jar sichqoncha

Mashg‘ulotning maqsadi: bolalarga hayvonlar tovushiga taqlid qilishni o’rgatish va ularning nima bilan oziqlanishi haqida ma’lumot berish; ertak asosida axloq sifatlarini tarbiyalash; tarbiyalanuvchiga obrazlarning go‘zalligi, tilining ifodaviyligi, she’riy so‘zlarining ma’nodorligini tushuntirish.
Kerakli jihozlar: ertak qahramonlarining rasmlari: sichqoncha, onasi, tovuq, o‘rdak, baqa, baliq va mushuk.

Mashg‘ulotning borishi:
Tarbiyachi: – Bolajonlar, bugun men sizga qiziqarli va ajoyib ertak aytib beraman. Ushbu ertak o’jar sichqoncha haqida.
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim o‘tgan zamonda ona sichqon yolg‘iz o‘g‘li bilan yashagan ekan. U har tun bolasini shunday allalab uxlatar ekan:
– Chi-chi-chi-chi, uxlasin,
O‘zimning yolg‘iz o‘g‘lim.
Ulg‘ayib, katta bo‘lsin,
Girgitton bo‘lay o‘zim.
Lekin ahmoq sichqoncha
Der onasiga baqirib:
– Kerak emas ovozing,
Chi-chi-ku bor sozing.
Topib bergin boshqasin,
Bo‘lsin mayin ovozi
Hamda muloyim sozi.
Ona sichqon tez borib,
Der tovuqqa yolvorib:
– Tovuq xola, uyga yur,
Bolamni tervatib tur.
Tovuq kelib sichqonning
Bolasin uxlatibdi:
– Qo‘-qo‘-qo‘-qo‘, uxlasin
Sichqonvoyning bolasi.
Erta tongda turganda,
Don-dun berib boqaman.
Lekin ahmoq sichqoncha,
Der onasiga baqirib:
– Kerak emas ovozi,
Qo‘-qo‘-ku bor sozi.
Topib bergin boshqasin
Bo‘lsin mayin ovozi
Hamda muloyim sozi.
Ona sichqon tez borib,
Der o‘rdakka yolvorib:
– O‘rdak xola, uyga yur,
Bolamni tervatib tur.
O‘rdak kelib sichqonning
Bolasin uxlatibdi:
– G‘a-g‘a-g‘a-g‘a, uxlasin,
Sichqonvoyning bolasi.
Erta tongda turganda,
Baliq berib boqaman.
Lekin ahmoq sichqoncha,
Der onasiga baqirib:
– Kerak emas ovozi,
G‘a-g‘a-ku bor sozi.
Topib bergin boshqasin
Bo‘lsin mayin ovozi
Hamda muloyim sozi.
Ona sichqon tez borib,
Der baqaga yolvorib:
– Baqa xola, uyga yur,
Bolamni tervatib tur.
Baqa kelib sichqonning
Bolasin uxlatibdi:
– Vaq-vaq-vaq-vaq, uxlasin,
Sichqonvoyning bolasi.
Erta tongda turganda,
Pashsha, chivin beraman.
Lekin ahmoq sichqoncha,
Der onasiga baqirib:
– Kerak emas ovozi,
Vaq-vaq-ku bor sozi.
Topib bergin boshqasin
Bo‘lsin mayin ovozi
Hamda muloyim sozi.
Ona sichqon tez borib,
Der baliqqa yolvorib:
– Baliq xola, uyga yur,
Bolamni tervatib tur.
Baliq kelib sichqonning
Bolasin uxlatibdi:
Ammo chiqmas sozi,
Chunki yo‘qdir ovozi.
Shunda o‘jar sichqonning
Battar jahli chiqib,
Der onasiga baqirib:
– Kerak emas ovozi,
Yo‘q ekan-ku sozi.
Topib bergin boshqasin
Bo‘lsin mayin ovozi
Hamda muloyim sozi.
Ona sichqon tez borib,
Der mushukka yolvorib:
– Mushuk xola, uyga yur,
Bolamni tervatib tur.
Mushuk sichqonni ko‘rib
Ishtahasi ochilib,
Uxlatishga tushibdi:
– Miyov-miyov, uxlasin,
Sichqonvoyning bolasi.
Shunda tentak sichqoncha
Der mushukka ohista:
– Muncha shirin ovozing,
Biram yoqimli sozing.
Ona sichqon ko‘ngli to‘q
Uxlab qopti bir zumda.
Erta turib yolg‘izin,
Topolmabdi hech yoqda.
Tarbiyachi: – Bolajonlar, ertak sizga yoqdimi?
– Sichqoncha qanday ekan?
– Ona sichqon nima uchun bolasini topa olmabdi?
– Tovuq qanday alla aytibdi va nima beraman debdi?
– G‘oz va baliq-chi?
Mashg‘ulot yakunida tarbiyachi bolalar bilan ertak qahramonlarining ovoziga taqlid qilib, “Bu nimaning ovozi?”, “Ular nima yeydi?” kabi savol-javob o‘tkazadi.

Durdona MAHMUDOVA,
Toshkent shahar XTXQTUMOI katta o‘qituvchisi

Check Also

MTMda INNOVATSION TEXNOLOGIYALARNI JORIY ETISH

Maktabgacha ta’lim muassasalarida maktabgacha yoshdagi bolalarning har tomonlama rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan pedagogik jarayon murakkab, shu …