Bosh sahifa | Psixolog minbari | Ota-ona – endi ijodkor

Ota-ona – endi ijodkor

Ota-onalar va bolalar uchun art-terapiya mashqlari

Art-terapiya ko‘plab mamlakatlarda keng qo‘llaniladigan samarali va nihoyatda oson davolash usuli bo‘lib, bugun biz bu terapiya turi haqida mutaxassislar qanday fikrda ekani, uning bolalar va kattalarga ko‘magi haqida so‘z yuritmoqchimiz. Shuningdek, bolalar va ota-onalarning birgalikda bajarishiga mo‘ljallangan bir necha mashqlar ilova qilinadi.

Art-terapiya nima?
“Art” so‘zi vizual san’at ma’nosini ifodalaydi. Bunga misol sifatida rassomlik, bo‘yoqsiz chiziqlar bilan rasm solish san’ati — grafika, haykaltaroshlik kabi san’at turlarini keltirish mumkin. Grekcha “terapiya” so‘zi esa “san’at” ma’nosini anglatadi. Art-terapiya mohiyatida inson san’atning biror turi bilan mashg‘ul bo‘lar ekan — chizadi yoki yasaydi — bunda u kechinmalari va ichki dunyosini namoyon qiladi degan tushuncha yotadi. Davolovchi mash­g‘ulotlar albatta art-terapevt, psixolog yoki psixotеrapevt ishtirokida o‘tkazilishi shart. Art-terapiya usuli o‘z oldiga qator psixologik vazifalarni qo‘yadi. Shu sabab unda mutaxassis ishtiroki va maslahati zarur.
Kundalik tashvishlardan chalg‘ish, tushkunlik va yolg‘izlik dahshatini yengib o‘tish uchun musiqa, raqs, rasm chizish kabi mash­g‘ulotlar yordam berishi tez-tez uchrab turadigan holat. Bolaligimizda turli qiziq faoliyatlar tufayli vaqt hisobini yo‘qotib, xayol dunyosiga g‘arq bo‘lganimizni yaxshi eslaymiz. Art-terapiya shunga o‘xshash mashg‘ulotlar zamirida paydo bo‘lgan va uning maqsadi ham insonga ruhiy beqarorliklar davrida yordam berishdir.
Art-terapiyaning ko‘plab turlari mavjud: mu­siqaterapiya, ertakterapiya, o‘yinterapiya, fototerapiya, qumterapiya, artsintez terapiya va boshqalar. Uni boshqa yo‘nalishlar bilan sintez qilish natijasida yangi turlar ham paydo bo‘lmoqda.
Art-terapiya bizga qanday yordam beradi?
Uning yordami salbiy his-tuyg‘ularni (agressiya, g‘azab, jahl, dilsiyohlik) ijodiy shaklda ifodalashda namoyon bo‘ladi. Bu orqali kishi o‘zida ichki chigallikning yozilganini, kuchli toliqishni his qiladi. Bunday ijodiy faoliyatdan keyin, tinchlanib, sokin tortib qoladi.
Ijodiy mehnat yordamida kishi o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqaradi. Art seanslar bolalar va kattalarga har tomonlama uyg‘un rivojlanish­ga erishishida ko‘mak beradi.
Mashg‘ulot.
Quyidagi mashg‘ulotlar ota-onalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu mashg‘ulotlarni bolalar bilan bajarishlari kerak. Mashqlarda loy, xamir, plastilin va mumdan foydalaniladi.
Muammolarimiz ko‘rinishini erkin shaklda yasaymiz, “u” bilan gaplashamiz, unga ichimizdan qaynab chiqayotgan har bir narsani to‘kib solamiz. Shu tariqa:

  • yumilgan ko‘zlar bilan loydan haykal yasaymiz;
  • loydan yasalgan haykalni ranglar bilan bo‘yaymiz;
  • loydan taqinchoqlar hosil qilamiz.

Navbatdagi art-terapiya mashqi “Avtoport­ret” deb nomlanadi. Bu mashqni bajarish u­chun katta o‘lchamdagi qog‘oz va albatta biror sherik kerak bo‘ladi. Qog‘oz tanamiz uzunligi o‘lchamida bo‘lmog‘i lozim. Bir kishi qog‘oz ustida yotadi, sherigi esa uning tana konturasini chizadi. So‘ng o‘zimizning “ob­raz”imizni yaratishga kirishamiz. Rasmda ich-ichdan tanamiz a’zolarini qanday his qilishimizni, ularni qanday rangda deb o‘ylashimizni tasvirlaymiz. Mashqni bolalaringiz bilan navbatma-navbat bajaring.
Kichkintoylarga mayda o‘yinchoqlar va sochiluvchi mahsulot (qum, un)lar yordamida o‘yin o‘ynashni taklif qilishingiz mumkin.
Bolangizga idishga solingan qum va o‘yin­choq berib, undan turli vaziyatlarni: masalan, ko‘rgan multfilmi yoki eshitgan ertagidan bir lavha ko‘rsatib berishini so‘rang. (Qum yoki o‘yinchoqlarni og‘ziga solmasligi uchun, albatta, farzandingiz nazoratingizda bo‘lsin.)
Bolangiz hamda o‘zingizda ijodkorlik qobiliyatini namoyon qilishga imkon bering. Ijodiy mashg‘ulotlar o‘zaro munosabatlarni bezab, konfliktlarning bartaraf bo‘lishiga olib keladi. Sizni esa ota-ona sifatida yanada mehribon, kirishimli va shodumon qiladi. Mashqlar yakunida hosil bo‘lgan ijod mahsulining bolangiz ruhiy holati haqida nimalarni aytib berayotgani haqida mutaxassis bilan gaplashib ko‘ring.

Nargiza NORMAXMATOVA
tayyorladi.

Check Also

Bilingv-bolalar

(Ikki tilda so‘zlovchi bolalarda nutqning rivojlanish xususiyatlari) Bilingvizm – bu ikki xil tilda gapira olish …