Bosh sahifa | Aql qayrog‘i | “Oval shakli bilan tanishtirish” (O‘rta guruhlar uchun mashg‘ulot)

“Oval shakli bilan tanishtirish” (O‘rta guruhlar uchun mashg‘ulot)

Mashg‘ulotning maqsadi: bolalarning geometrik shakllar haqidagi tasavvurlarini o‘stirish; geometrik shakllarni bir-biridan farqlashga o‘rgatish; oval shakli haqida tasavvurga ega bo‘lish; doira va oval shaklini bir-biridan farqlash; ularning nomini to‘g‘ri aytish; bolalarda tashkilotchilik qobiliyatini rivojlantirish; o‘rtoqlari bilan do‘stona munosabatni tarbiyalash.
Kerakli jihozlar: geometrik shakllar to‘plami; rangli va vatman qog‘ozlar; rezina halqa; chinor yong‘og‘i; rangli qalamlar; gugurt va sanoq cho‘plari.
Mashg‘ulotning borishi: ertalabki yig‘in davomida “Dam olish kunlarini qanday o‘tkazdingiz?” mavzusida suhbat uyushtiriladi. Unda bolalar quyidagi savollarga javob beradi:
1. Siz qanday dam oldingiz?
2. Kimlarga yordam berdingiz?
3. Shanba va yakshanbada nimalar bilan mashg‘ul bo‘ldingiz?
4. Dam olish kunlarida qayerga bordingiz?
(Bolalar javobi tinglanadi.)
Tarbiyachi: – Bolalar, hozir siz bilan ajoyib o‘yin o‘ynaymiz. Bu o‘yin “Muzyorar” deb ataladi.
(Bolalar doira bo‘lib turadi. Bir bola boshlovchi qilib tayinlanadi va uning qo‘lida sehrli tayoqcha bo‘ladi. Boshlovchi sehrli tayoqchani qaysi bolaga tekkizsa, ana shu bola muzlab (qotib) qoladi. Uni muzdan xalos qilish uchun boshqa bolalar boshlovchiga iliq, sehrli so‘zlar aytishi kerak. O‘yin uch-to‘rt marta takrorlanadi.)
Tarbiyachi: – Bolalar, sizlar qanday geometrik shakllarni bilasiz?
Bolalar: – To‘g‘ri to‘rtburchak, kvadrat, doira, uchburchak.
Tarbiyachi: – Juda to‘g‘ri. Durdona, menga mana bu stol ustidagi geometrik shakllar ichidan doira shaklini olib keling.
(Durdona doira shaklini olib keladi va izoh beradi. Shu tartibda uchburchak, kvadrat, to‘g‘ri to‘rtburchak shakllarini ham bolalarga tanlash taklif qilinadi va bolalar tomonidan izohlanadi. Tarbiyachi bolalar fikrini to‘ldirib boradi. Stol ustida oval shakli qoladi.)
Tarbiyachi: – Bolalar, mana bu shakl sizlar tanish bo‘lgan qaysi shaklga o‘xshaydi?
Bolalar: – Doiraga.
Tarbiyachi: – To‘g‘ri, bu shakl doiraga o‘xshaydi. Mana bu qo‘limdagi halqachaga qaranglar. U qaysi shaklda?
Bolalar: – Doira shaklida.
Tarbiyachi:– Endi ushbu doiraning ikki tomonidan ushlab biroz cho‘zaman. Qanday shaklga kirdi? Siz bu shakl nomini bilmaysiz, albatta. Bu shakl siz yaxshi ko‘rib yeydigan ba’zi narsalarga ham o‘xshaydi, eslab ko‘ringlar-chi, nima ekan ular?
Bolalar: – Tuxum, qovun, shirin kulcha yoki kartoshkaga.
Tarbiyachi: – Juda ham to‘g‘ri, bilag‘onlarim. Shu tuxumga o‘xshaydigan shakl oval deb ataladi. Hammamiz birgalikda aytamiz – oval.
(Tarbiyachi oval shakli konturini qo‘li bilan ko‘rsatib, unga ta’rif beradi).
Tarbiyachi: – Bolalar, bugun biz sizlar bilan matematika, tasviriy faoliyat va qurish-yasash markazlarida faoliyat olib boramiz. (Bolalar guruhlarga ajratiladi. Bir guruh tasviriy faoliyat markazida geometrik shakllardan foydalanib vatman qog‘ozga rasm chizadi, boshqasi qurish-yasash markazida sanoq cho‘plar va gugurt cho‘plaridan geometrik shakllar va ulardan esa narsalar yasaydi. Matematika markazida ishlovchi bolalar karton ustiga rangli kartonlardan turli geometrik shakllar orqali “Bo‘g‘irsoq o‘rmonda” mavzusida ertak qahramonlarini tasvirlaydi. Har bir guruh o‘zlari bajargan ishlarini o‘rtoqlari oldida izohlab beradi. Guruhlar nominatsiyalar bo‘yicha baholanadi va bolalar rag‘batlantiriladi. Mashg‘ulot so‘ngida bilimlarni mustahkamlash uchun o‘yin o‘tkaziladi.)
“Shakllar”
Bolalar doira shaklida stulchalarda o‘tiradi. Bir bola boshlovchilik qiladi. Qolganlarga har xil geometrik shakllar beriladi. Boshlovchi oval signalini bergan vaqtda qo‘lida oval shakli bor bolalar bir-birlari bilan o‘rinlarini almashtiradi. Bo‘sh joyga ishtirokchilardan oldin boshlovchi turib olsa, kech qolgan ishtirokchi o’yindan chiqadi. O‘yin shu tariqa davom etadi.

Munisa Topilova,
Toshkent shahar Chilonzor tumani
Maktabgacha ta’lim bo‘limi
uslubchisi

Check Also

Bolaga ikki til o`rgatish

Bola ikki tilni o’rgana olishi uchun unga sharoit yaratib bermoq lozim. Bu sharoit ikki tilning …