Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | O‘yin mohiyatini, avvalo, tarbiyachi anglasin!

O‘yin mohiyatini, avvalo, tarbiyachi anglasin!

O‘yin faoliyati bola hayotining asosiy mazmunini tashkil etadi, u mehnat va ta’lim bilan uzviy aloqada bo‘lgani holda yetakchi faoliyat sifatida namoyon bo‘ladi. Tadqiqotchilar o‘yinning ahamiyati, qadri, uning shartliligini hamda ijtimoiy xulqni shakllantirishda, shaxsning jamiyatdagi o‘z o‘rnini belgilab olishi, uning muomala chog‘idagi xatti-harakatini aniqlab olishi hamda miyaning keyingi o‘rganadigan mavzuga tayyorlanishida juda katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydilar.
O‘yin bolaning intellektual o‘sishida eng muhim vositachi bo‘lib, uning ahamiyatini, ayniqsa, maktabgacha ta’lim muassasalarida ko‘rishimiz mumkin. So‘nggi ilmiy tekshiruvlar natijasi bolaning o‘yin orqali o‘rgangan bilimi xotirasida uzoq saqlanib qolishini tasdiqladi. O‘yin materiallari va jihozlardan foydalanish ko‘nikmasi bilan birga, savod­xonlik va fikrlar xilma-xilligini shakllantirishga undab, ijodkorlikni rivojlantiradi. Ijtimoiy va hissiy rivojlanishga ham yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, umumiy rivojlanishni ta’minlaydi.
Olimlar Skal va Van Xun shunday deydi: “O‘zining guruhini yaxshi bilgan va dunyoviy, ilmiy izlanishlardan xabardor tarbiyachi o‘yinning muhim roli mavjudligini alohida inobatga oladi… Tarbiyachining vazifa va mas’uliyatlaridan biri — bolaning o‘rgangan narsalarini qiyosla­shi va mustahkamlashi, yangi narsalarni o‘rganishi uchun mazmunli o‘yinlarni uyushtirishdir.”
O‘yin kichkintoylarni jismoniy tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bunda yosh organizmga xos bo‘lgan talab va ehtiyojlar qondiriladi, hayotiy faollik ortadi, bardamlik, tetiklik, quvnoqlik oshadi. Shunday ekan, bolalarni jismoniy tarbiyalashda mashg‘ulotlarning munosib o‘rni bor. Atoqli pedagog va shifokor Y. A. Arkin o‘yinni “Ruhiy vitamin” deb bekorga aytmagan.
Tarbiyachi o‘yin jarayonida bolaning jismoniy jihatdan rivojlanishi uchun sharoit yarati­shi nihoyatda muhim. Buning uchun o‘yinlarning kichkintoylarga zavq berishi, faolligini oshirishi, turli harakatlarda bo‘lishi, harakatli o‘yinlardan keyin kam harakatli o‘yinlarga o‘tilishini ta’minlash zarur.
Mashg‘ulot, sayr va kunning turli vaqtlarida amalga oshiriladigan harakatli o‘yinlar bola shaxsining rivojlanishida muhim o‘ringa ega.

Check Also

Bog`chani to`g`ri tanlang

Bog’cha bolaning hayotida muhim va yetakchi o’rinni egallaydi .Shuning uchun bolaga bog’cha tanlanayotganda tumandagi eng …