Bosh sahifa | Tajriba minbari | O‘yin yetakchi faoliyat turi

O‘yin yetakchi faoliyat turi

Barcha ta’lim muassasalarida zamonaviy ilg‘or ta’lim-tarbiya usullari, pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalarni amaliyotga keng joriy qilish dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Buning uchun ta’lim muassasasida innovatsion faoliyatni joriy qilish va uni amaliyotda keng tatbiq etish talab qilinadi.
Maktabgacha ta’lim muassasasining “Bolajon” tayanch dasturi ana shu maqsadni ifodalagan holda, unda mashg‘ulotlarni interfaol usullar, ilg‘or pedagogik va axborot kommunikatsion texnologiyalarni amalda qo‘llab olib borish ko‘zda tutilgan. Maktabgacha yoshdagi bolalarning yetakchi faoliyati o‘yin hisoblanadi. O‘yin faoliyati bolalarning jismoniy va ruhiy rivojlanishi uchun birdan bir vositadir. Bolaning tabiatiga mos tushuvchi o‘yinlar o‘quv-tarbiyaviy jarayonni harakatga keltiruvchi kuch­ga aylanishi mumkin.
O‘yin bolani g‘alabaga erishishda qiziqishini oshiradi va unda kuchli motivatsiya hosil qilish imkoniyatiga ega. Shuningdek, o‘yin orqali bo­lada tezkor harakat qilish, chaqqonlik, top­qirlikka, topshiriqlarni aniq, tez, vaqtida bajarish qonun-qoidalariga rioya qilish ko‘nikmalari shakllanadi. Uning faolligi, bilimga bo‘l­gan ishtiyoqi oshadi hamda axloqiy sifatlar: o‘zaro hamkorlik, ijodkorlik, bir-biriga qay­g‘urish va o‘zaro hurmat kabilar rivojlanadi. Ayniqsa, ularda tashqi dunyoni tasavvur etish, erkin fikr yuritish, emotsional faollik va o‘zaro muloqotga kirishuvchanlik vujudga keladi.
O‘yin faoliyati kichkintoylarda yaxshi xislatlarni hosil qilish asosida jamoaviy hayotiy faoliyatni shakllantiradi, mustaqillikni, bosh­qa­larni mehnat sharoitida qo‘llab-quvvatlashni o‘r­gatadi.
O‘yinlar turli xil bo‘ladi: didaktik, ta’limiy, milliy, harakatli, so‘z o‘yinlari, voqeaband, sujetli-rolli o‘yinlar. Didaktik o‘yinlar – ta’lim xarakteriga ega bo‘lib, bolalarning bilimini mustahkamlash, kengaytirish, ularni umumlashtirishga, tizimga solishga yordam beradi.
O‘yin o‘quvchini o‘ylashga, topqirlikka, ziy­raklikka, mantiqiy fikr yuritishga o‘rgatadi. Shu asosda o‘z “men”ining shakllanishiga yor­dam beradi. Ensiklopedik lug‘atda qayd etili­shicha, o‘yin mahsuliy faoliyat bo‘lib, uning motivi natijalarda emas, aksincha jarayonning o‘zida namoyon bo‘ladi. Bu jarayon o‘ynov­chilarga rohat bag‘ishlaydi, undan tomoshabin zavq-shavq oladi. Shu sababli ham ta’limiy jarayonning samarali kechishida muhim rol o‘ynaydi.
O‘yin organizmda ortiqcha energiyadan xalos bo‘lish, charchash va kuchni foydali holda ishlatish, ayrim holatlarda uni tiklashga ham yordam beradi.
Shunday ekan, o‘quvchini o‘yindan mahrum etish unga ruhan ta’sir etib, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. MTMda tabiat qo‘ynida o‘tkaziladigan harakatli o‘yinlar bolalarning tevarak-atrof hamda o‘simliklar nom­lari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini beradi.
“Mevalar va barglar” o‘yini.
O‘yinning didaktik vazifasi: Bir o‘simlikka tegishli qismlarni tanlash.
O‘yinning borishi:
Bolalar ikki guruhga bo‘linadilar. Birinchi guruhdagilarga barg (“shoxcha”lar), ikkinchi guruhdagilarga mevalar tar­qatiladi. Mevalar, o‘z “shoxcha”­laringizni topinglar!” deyilgandan so‘ng, har kim o‘z juftini qidiradi, ya’ni juftdagi ikki bola qo‘lidagi narsalar bir o‘simlikka tegishli bo‘ladigan holda turib olishlari kerak.
O‘yin to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri o‘ynalganda “sehrli darvoza”da tekshiriladi (o‘qituvchi jarayonni kuzatib boradi). Bunda juftliklar top­shiriqni xato bajargan bo‘lsa, “Sehrli darvoza” yopiladi, ya’ni ko‘tarib turilgan qo‘llar pastga tushiriladi. O‘yin takrorlanganda, bolalar qo‘l­laridagi barglar va mevalarni almashtiradilar.
“Nima qayerda yashaydi?” o‘yini.
O‘yinning didaktik vazifasi: o‘simliklarni tuzilishiga ko‘ra guruhlarga ajratish.
Kerakli narsalar: tulki, quyon va olmaxon maskasi.
O‘yinning borishi:
O‘yin sayohatga chiqilganda olib boriladi. O‘qituvchi o‘yin sharti bilan tanishtiradi:
“Bolalar, ikki guruhga – quyonlarga va olmaxonlarga aylanamiz, biringiz tulki bo‘lasiz, olmaxon va quyonlar yashirinishlari uchun o‘zlariga joy topishi kerak”. O‘yin vaqtida o‘qi­tuvchi olmaxonlar daraxtlarga, quyonlar butalar orasiga yashirinishlarini uqtiradi.
O‘qituvchi “tulki kelyapti” deb ovoz berganidan keyin olmaxonlar daraxtlarga, quyonlar butalarga qarab yuguradilar. O‘yin shartini noto‘g‘ri bajarganlarni tulki tutib oladi.
“O‘z guruhingni top” o‘yini.
O‘quvchilarga buklangan rangli qog‘ozlar tarqatiladi. Ularga hayvon va parrandalar nomi yozilgan bo‘ladi. O‘qituvchi o‘quvchilarga qo­g‘ozda rasmi berilgan hayvon yoki parranda qanday tovush chiqarsa, ular ham shunday tovush chiqarib, o‘z guruhini topishlarini tu­shuntiradi.
1.    Mushuk (miyov-miyov).
2.    Kuchuk (vov-vov).
3.    Xo‘roz (qu-qu-qu-qu).
4.    Sigir (mo‘-mo‘).
Guruhga bo‘linib olganlaridan so‘ng, shu guruhga tegishli hayvon yoki parrandalar haqida bilganlarini so‘zlab beradilar. Bu kabi o‘yinlar ta’lim sifati va samaradorligining oshishiga va bolajonlarni yanada faolroq bo‘lishga undaydi, ruhiyatini ko‘tarib muloqotga kirishuvchanligini oshiradi.
Natijada, kichkintoylarda muvaffaqiyatga, intizomlilikka, tez fikr yuritishga, olamni bilish va o‘rganishga kuchli intilish yuzaga keladi.

Dildora PO‘latova,
TVPKQTMOI “Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim” kafedrasi katta o‘qituvchisi.