Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | O‘yinchoq ovunchoq emas!

O‘yinchoq ovunchoq emas!

O‘yinchoqlar va o‘yinlar xalq pedagogikasining eng samarali vositasi bo‘lib, tarbiyani ular orqali singdirish qulay yo‘llardan biri sanalgan.
Shu sabab ota-bobolarimiz, momolarimiz o‘yinchoqlarning ahamiyatiga alohida diq­qat qaratishgan. Ajdodlarimiz milliy xususiyatlarni aks ettiruvchi o‘yinchoqlarga turli matolar vositasida bezak berishgan. Bunday o‘yin­choqlar millatga xos urf-odat, qadriyatlarni aks ettirgan.
Hozirda esa savdo rastalarida milliy o‘yin­choqlar bilan bir qatorda g‘arb davlatlari andazasidagi zamonaviy o‘yinchoqlarni ham topi­shimiz mumkin.
Bugungi kunning ota-onalari farzandlari u­chun xarid qiladigan o‘yinchog‘ining qayerda tayyorlanganligiga, shakli, qaysi hayvon yoki buyumga bog‘liqligiga, qanday o‘ynalishiga va bola ruhiyatiga ko‘rsatadigan ta’siriga katta e’ti­bor berishlari lozim. Bir so‘z bilan aytganda, bola uchun qanday o‘yinchoq tanlash kerakligini yaxshi bilishlari zarur. Chunki o‘yinchoqlar bolaning ruhiy jihatdan me’yoriy rivojlani­shi uchun zarur vosita vazifasini o‘taydi.
Psixologlar o‘yinning maktabgacha yoshdagi bolalar faoliyatida yetakchi jarayon ekanligini ta’kidlab, insonga o‘qishda, odamlar bilan muloqot-munosabatda, ijodda zarur bo‘ladigan barcha sifatlarning kurtaklari o‘yinda shakl­lanishini qayd etadilar. O‘yin faoliyatida bolaning tasavvuri, xayoli rivojlanadi hamda u diqqatini bir joyga to‘plashga o‘rganadi. Aynan o‘yin faoliyatida kichkintoylar o‘zlarining harakatlarini bosh­qarishni, o‘z xohish-istaklarini nazorat qilishni, xatti-harakatlarini maqsadga yo‘naltirishni o‘rganadilar.
O‘yinchoqlar esa uning bilish jarayonlarini shakllantirish va ruhiy rivojlanishi uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. O‘yinchoq bola uchun shunchaki ko‘ngilxushlik vositasi, deb hisoblaganlar adashadilar. O‘yinchoq bola ruhiy rivojlanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi omildir. Aniqrog‘i, farzandingizning ruhiy rivojlanishiga uning o‘yinchoq bilan bajaradigan harakatlari, muloqoti kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Bolalar mehnat va turmushda qo‘llanuvchi buyumlarning nusxasi bo‘lgan o‘yinchoqlarni o‘ynash orqali turli narsalarning nima maqsadda ishlatilishini tushunib, asta-sekin haqiqiy buyumlar olamiga psixologik jihatdan kirib boradi. Farzandingiz turli xil qo‘g‘irchoqlar, hayvonchalar ko‘rinishidagi o‘yin­choqlar bilan o‘y­naganda, boshqalarga g‘am­xo‘rlik qilish, hamdard bo‘lishni o‘rganadi, uning emotsional-hissiy muloqot ko‘nikmalari rivojlanadi. O‘yin­choqning bola ruhiyatiga ta’sirini inobatga olsak, o‘yinchoq tanlashda ota-onadan alohida hushyorlik talab qilinadi. Shiqildoq o‘yin­choqlar chaqaloqning psixofiziologik rivojlanishiga ta’sir etib, bunda kichkintoyning ovoz eshitish sezgisi oshadi. Ammo o‘yinchoqning ovozi juda baland bo‘lmasligi zarur. Bu go‘dakni cho‘chitib, qo‘rqitib yuborishi mumkin. Cha­qaloqlar besh oylikdan oshganidan so‘ng narsalarni mustaqil ushlab, his qilish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Kichkintoy sakkiz oylik bo‘l­ganida taxtadan yasalgan kubiklar berilsa, bu uning sog‘ligi uchun zarar yetkazmaydi. Chunki ular tabiiy toza xomashyodan yasaladi.
So‘nggi paytlarda bolalarni maktabga ertaroq tayyorlashga qiziqish ortib, har xil didaktik, ya’ni muayyan aqliy qobiliyatlarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi o‘yinchoqlar ancha xaridorgir bo‘lib qoldi. Bunday o‘yinchoqlarni o‘ynashning foydali tomonlarini inkor etib bo‘lmaydi, ammo bolalikdan tom ma’nodagi o‘yin yo‘qolib, uning o‘rnini o‘quv mash­g‘ulotlarining topshiriqlariga o‘xshash narsalar egallashiga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Ota-onalar har xil rivojlantiruvchi didaktik o‘yin­choqlarni qidirishga ko‘p vaqt sarflamay, farzandiga odatdagi oddiy o‘yinchoqlarni olib bergani ma’qul. Ota-ona, shuningdek, bolada harakat ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi o‘yin­choqlar haqida ham unutmasligi kerak. Zero, to‘g‘ri tanlangan o‘yinchoq bolaning shaxs sifatidagi rivojiga ijobiy ta’sir ko‘r­satadi.

Faxriddin RO‘ZIQULOV,
Navoiy viloyat XTXQTMOI rektori,  psixologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dilmurod SAFAROV,
Navoiy viloyat XTXQTMOI  psixologiya fani o‘qituvchisi.

Check Also

Bog`chani to`g`ri tanlang

Bog’cha bolaning hayotida muhim va yetakchi o’rinni egallaydi .Shuning uchun bolaga bog’cha tanlanayotganda tumandagi eng …